08:53 / 01.06.2021
1 998

“Manchester Siti” – “Chelsi”: Taktikasining sanog‘i yo‘q Gvardiola va Tuxelning topqirligi (Tahlil)


Yevropada klublar miqyosidagi eng nufuzli musobaqa – Yevropa Chempionlar ligasining 2020-2021 yilgi mavsumi yakunlandi. Hal qiluvchi bellashuvda “Manchester Siti” – “Chelsi” to‘qnashdi.
Finaldan avval aksariyat insonlar “shaharliklar”ning g‘alabasini taxmin qilgandi. Biroq Tomas Tuxel’ maydonda buning aksini ko‘rsatib qo‘ydi.

Uchrashuv ajoyib shiddatni taqdim etdi. APL jamoalari bellashuvi chempionatdagidek emasdir. Biroq ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Har holda tvitter foydalanuvchilari o‘yinning borishidan mamnun ekanligini bildirdi.

“Chelsi” rahbariyati (rahbariyatda faqatgina bitta odam Roman Abramovichning qarorlari barchasini hal qiladi. U boshqalar bilan hisoblashmaydi. Qarorlari o‘xshab ham qolishi bor gap) vaqtida murabbiy almashtirdi.

“Aristokratlar” YECHLdagi ilk muvaffaqiyatida ham Villash Boash ishdan ketgach Roberto Di Matteo olib kelindi va u mavsum oxirlab qolgan bo‘lishiga qaramay jamoaga musobaqa g‘olibligini taqdim etdi. Abramovich bu safar ham shunday bo‘lishiga ishondi shekilli, ishlari yurishmagan Frenk Lempard lavozimidan ozod etildi, Tomas Tuzel’ uning o‘rnini egalladi.

Tomas Tuxelning qilayotgan ishi PSJdagi yulduzlar soyasida qolib ketayotgandi. Go‘yoki u PSJga mos emasdek tasavvur uyg‘otgandi. Lekin mana ko‘rdikki Tomasning qay darajada kuchli ekanilini. Germaniyalik mutaxassis yarim finalda “Real”ga qarshi bahslarda nimalarga qodir ekanligini isbotladi. Musobaqani o‘ziniki qilib olgan “Real”ga imkoniyat qoldirmadi. O‘tgan mavsum parijliklarni o‘z tarixlarida ilk bor bir oyoqda (jarohat olgandi) finalga olib chiqdi. Biroq jamoadagi intizom ularning chempion bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi.

Markazda Ngolo Kante raqib hujumlarini kesib tashladi. Uning yonidagi sheriklari esa unga dalda bo‘ldi.
“Chelsi” 5 himoyachi bilan uchrashuvni boshlagandi. Ammo jamoaning asosiy tayanchlaridan biri Tiago Silva kutilmaganda jarohat olib, maydonni tark etdi. Bu murabbiyning rejalarini o‘zgartirib yubordi.

“Manchester Siti”da ham shunday. Bellashuvning uchdan bir qisi ortda qolgan bir pallada o‘yinni qura oladigan Kevin de Bryuyne safdan chiqdi. Ikki jamoada bittadan yo‘qotish.

Xosep Gvardiolaning kallasida ming xil taktik sxemalar borligidan qaysi birini qo‘llashga rosa qiynaladi. Buning uning yutug‘i va shu bilan birga kamchiligihamdir. Chunki variant ko‘p bo‘lsa, tanlov qiyn kechadi. Tarkib borasida ham shunday. Gvardiola qo‘l ostida kamida ikkita kuchli tarkib bor. Taktikalar o‘yinning borishidan o‘zgarib borishi oqibatida futbolchilar navbati bilan uning yo‘riqlarini bajarishdan nariga o‘ta olishmadi. Ortiqcha harakat qilishga qo‘ymaydigan murabbiy. Lekin tarkib undan ko‘prog‘ini qila olardi. Pep bunga yo‘l qo‘ymaydi xolos. Chunki ispaniyalik murabbiy futbolchilari uning aytganidan chetga chiqishini istamaydi.

Ko‘pchilik “Chelsi” himoyada o‘ynadi, qarshi hujumda harakat qilib futbolni zerikarli ko‘rinishga olib keldi, deya fikr bildirdi. Ammo londonliklar gol urgunga qadar oldinga o‘tish va xavfli vaziyat yaratishda “Manchester Siti”dan qolishmadi, balki ko‘proq hujum tashkil etgandir. Endi darvozasidan to‘p olib chiqqanidan so‘ng har qanday jamoa ikki hissa ko‘proq harakat qilishi, narigi tomon esa ortga qaytishi tabiiy. Hisobni ochganidan keyin “Chelsi” yetarlikcha oldinga o‘tdi. Shunisi e’tiborga molik. Gol finalga chiroy bag‘ishladi.

Ayniqsa, uning vujudga kelishidagi oxirgi pas. Taniqli sharhlovchi Davron Fayziyevning tabiri bilan aytganidek, Meyson Mauntning pasi dunyoning eng kuchli himoyasini saryog‘dek kesib o‘tdi. Golni Kay Xaverts kiritdi. U YECHLdagi birinchi golini urdi. Debyut goli finalga to‘g‘ri keldi. Ajoyib a?

Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda avvalgi bosqich qahramoni Riyad Mahrez jamoasi joniga oro kirishi mumkin edi. Biroq u tepgan to‘pga biroz aniqlik yetishmadi. Gvardiola uchrashuvni hujumchisiz boshladi. Balki u jamoadagi Serxio Aguero, Gabriel Jezus kabilardan birini dastlabki daqiqalarda maydonga tushirganida, balki vaziyat boshqacha bo‘larmidi?! Futbolda poyezd o‘tib ketganidan keyin u bo‘lsa, bu bo‘larmidi, degan taxminlar o‘rinsiz. Hayotda ham shunday. Endi Aguyero “Barselona”ga kuboksiz yo‘l oladi. U intervyularida YECHLda g‘alaba qozonsamgina jamoadan ketaman, deb aytgandi. Biroq u “Barsa” bilan finaldan oldin kelishib qo‘ygandi.

Argentinalik yulduz g‘olib bo‘lishiga shubhalanmagan bo‘lsa kerak.
YECHLda bir fakt bor. Musobaqa finaliga chiqqan oxirgi yetti debyutant jamoa imkoniyatni boy berarkan. “Siti” sakkizinchi klubga aylandi.
“Chelsi” munosib tarzda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘zbekistondagi “Chelsi” muxlislarini tabriklaymiz. Keyingi mavsumni sog‘inamiz. Ungacha esa Yevro-2020dan bahra olamiz.


Bekzod Isayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Manchester Siti” – “Chelsi”: Taktikasining sanog‘i yo‘q Gvardiola va Tuxelning topqirligi (Tahlil)