18:23 / 12.06.2021
3 807

Hisob-kitob: O‘zbekistonning Saudiyaga qarshi o‘yinda qayd etishi kerak bo‘lgan natijasi haqida


Foto: O‘FA
Osiyo mintaqasida 11 iyun kuni JCH—2022 saralashining navbatdagi tur o‘yinlari o‘tkazildi. Taniqli futbol mutaxassisi va bloger Alisher Nikimbayev so‘nggi tur oldidan guruhlardagi vaziyat va O‘zbekiston terma jamoasining holatini tahlil qildi.

So‘nggi tur oldidan to‘rtta jamoa 3-saralash bosqichi masalasini rasman hal qilishga ulgurdi: Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Suriya.

O‘zbekiston terma jamoasi Yamanni mag‘lub etdi va 15 ochko bilan guruhda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Saudiya Arabistoni hisobida esa 17 ochko mavjud. So‘nggi turda Saudiya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi.

Demak, mazkur o‘yindagi g‘alaba O‘zbekiston terma jamoasini birinchi o‘ringa olib chiqadi va Abramov shogirdlari keyingi bosqichga yo‘l oladi.

Agar uchrashuvda durang qayd etiladigan bo‘lsa, unda O‘zbekiston keyingi bosqichga chiqishi uchun boshqa guruhlarda ikkita holat yuz berishi kerak:
  • Livan Janubiy Koreyaga yutqazishi kerak;
  • Iordaniya Avstraliyaga qarshi o‘yinda ochko ololmasligi kerak.
O‘zbekiston mag‘lubiyatga uchrasa ham keyingi bosqichga chiqishi mumkin, biroq bunda uchta vaziyat sodir bo‘lishi kerak:
  • Iordaniya Avstraliyaga mag‘lub bo‘lishi lozim;
  • BAA Vetnamga yutqazishi kerak;
  • Eron esa Iroqqa mag‘lub bo‘lishi zarur.
Bu vaziyatda to‘plar nisbati ham muhim ahamiyatga ega. Shu sabab O‘zbekiston uchun Yaman so‘nggi turda Falastinga yutqazmagani ma’qul. Sababi, 2-o‘rin egalarining so‘nggi pog‘onadagi jamoalar bilan o‘yinidagi natijasi bekor qilinishini inobatga olsak, O‘zbekistonning Yaman bilan o‘yinlardagi to‘plar nisbati +6, Singapur bilan esa +7. Agar Yaman so‘nggi turda Falastinni yutadigan bo‘lsa, u holda Singapur so‘nggi o‘ringa tushib qoladi. Bu shuningdek, Saudiya uchun keraksiz natija bo‘ladi, sababi saudiyaliklar Yamandan 4 ochko olgan, Singapurdan esa 6 ochko.

Eng yaxshi 2-o‘rin egalari (bu yerda jamoalarning 5-o‘rindagi jamoa bilan bahslardagi natijasi olib tashlangan)
Foto: «Daryo» / Husan Sobitov

Umuman olganda Saudiya Arabistoni deyarli keyingi bosqich masalasini hal qilib bo‘lgan. Yaman Falastinga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotsa bo‘lgani — Saudiya Arabistoni O‘zbekistonga qarshi o‘yin natijasidan qat’i nazar keyingi bosqichga chiqadi.

Saudiya Arabistoni guruhda qolib ketishi uchun quyidagi oltita natija qayd etilishi kerak:
  • Yamanning Falastin ustidan g‘alabasi;
  • O‘zbekiston terma jamoasiga yirik hisobda yutqazish;
  • Afg‘onistonning Hindistonga qarshi o‘yinda yutqazmasligi yoki Bangladeshning Ummonni mag‘lub etishi;
  • Xitoyning Suriya ustidan g‘alabasi;
  • Iordaniyaning Avstraliya ustidan yirik hisobda g‘alabasi;
  • Livanning Janubiy Koreyani yutishi.
Qayd etish kerak, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga qadar ko‘plab uchrashuvlar yakunlanadi. Katta ehtimol bilan saudiyaliklar O‘zbekiston bilan o‘yinga qadar keyingi bosqich masalasini hal qilib bo‘lgan bo‘ladi.
Shu tariqa «oq bo‘rilar» hal qiluvchi bahsda motivatsiyasiz mezbonlarga qarshi kurash olib boradi.

Ma’lumot uchun, JCH—2022 saralash bosqichining 3-bosqichiga 8 ta guruh peshqadamlari va eng yaxshi 4 ta ikkinchi o‘rin egasi yo‘l oladi. Mundial mezboni Qatar terma jamoasi o‘z guruhida 1-o‘rinni egallagani bois eng yaxshi ikkinchi o‘rin egalarining beshtasi yo‘llanmaga ega chiqadigan bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hisob-kitob: O‘zbekistonning Saudiyaga qarshi o‘yinda qayd etishi kerak bo‘lgan natijasi haqida