3 532
Krishtianu Ronaldu matbuot anjumanida Coca-Cola’ni yonidan chetga surib qo‘ydi. U nega bunday qilganini bilasizmi?
Foto: Reuters
Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Yevro—2020 1-turi doirasida Vengriyaga qarshi o‘yin oldi matbuot anjumanida qatnashdi.
Kursiga o‘tirgandan keyin Ronaldu Yevroning homiylaridan bo‘lgan Coca-Cola ichimligini chetga surib qo‘ydi, suvni esa joyida qoldirdi. Bunga sabablar yetarli, albatta.
Ronaldu diyetaga qat’iy rioya qiladi — shirinlik umuman iste’mol qilmaydi
Krishtianu diyeta orqali jismoniy formasini saqlab turadi. Mushak og‘irligini ko‘paytirish yoki ortiqcha vazndan xalos bo‘lish uchun Ronalduning jamoasi turli xil mashg‘ulotlar jadvalini tuzib chiqadi: sport mashg‘ulotlari, zaldagi yakkalik mashqlar, maxsus taomnoma va dam olish rejimi. Krishtianu hatto mayda detallarga ham e’tibor beradi. “U perfeksionist”, — degandi Zinedin Zidan “Real” murabbiylar shtabida ishlagan vaqtida Ronalduga ta’rif berar ekan.
Sansolinidan videodagi holatga parodiya
Foto: Twitter/@EmilioSansolini
“Sog‘lom diyeta — bu futbolning asosi. Agar sen to‘g‘ri yoqilg‘idan foydalansang, u holda 100% tayyor bo‘la olasan”, — deydi Ronaldu.
Shirinlik — Krishtianu uchun yomon yoqilg‘i. Aynan shuning uchun uning ratsionida shakar va gazli ichimliklar umuman yo‘q. Qomatga e’tibor berish, mashg‘ulotlar va to‘g‘ri ovqatlanish — Krishtianu uchun asosiy yo‘nalishdir.
2018-yilda 33 yoshli Ronaldu o‘zining biologik yoshi 23 da ekani va 40 yoshga qadar yuqori darajada futbol o‘ynay olishini aytgandi.
Krishtianuning reklama shartnomalari haqida
Ha, Ronaldu hech qachon shirin ichimliklar reklamasida qatnashmagan. Bunga hojat ham yo‘q, axir unda Nike bilan ulkan kelishuv va shaxsiy brend bor.
Krishtianu sportchilarga to‘g‘ri keladigan oziq-ovqatlarni faol reklama qiladi va gazli ichimliklar ishlab chiqaruvchilar bilan muzokara ham olib bormaydi. Garchi 8 yil avval futbolchi KFC promoaksiyasida ishtirok etgan va tovuq boldirchalarini iste’mol qilgan bo‘lsa-da.
Bir marta Pepsi uning obrazini ishlatgan va keyinchalik uzr so‘ragandi
JCh—2014 saralashi doirasida kechgan Shvetsiya — Portugaliya uchrashuvidan oldin PepsiCo kompaniyasi yettinchi raqamli liboslar kiydirilgan bir nechta qo‘g‘irchoqlar suratini e’lon qiladi. Ronalduni aks ettirgan qo‘g‘irchoqda bosh o‘rniga pachaqlangan konserva bankasi qo‘yiladi.
Foto: Reuters
Krishtianu Shvetsiyaga qarshi o‘yinda het-trik qayd etgan va jamoasini Jahon Chempionatiga olib chiqadi. PepsiCo esa bu reklama uchun darhol kechirim so‘raydi.
“Hech kim mukammal emas va hammamiz xato qilamiz. Haqiqiy uzrni ko‘rish muhim. Shu sabab kechirim qabul qilindi, Pepsi”, — deya javob qaytargandi futbolchi.
Ronaldu o‘g‘liga gazli ichimlik ichishni taqiqlaydi. Taomnomada faqat pitssaga istisno bor
Bu qoidalarga nafaqat Krishning o‘zi uchun, balki butun oila amal qilishi kerak. Xususan, u katta o‘g‘lining ovqatlanish tartibini nazoratda ushlaydi.
“O‘g‘limda potensial bor, ko‘ramiz, u buyuk futbolchi bo‘la olarmikan. Ba’zida u bilan qiynalaman, chunki u sog‘liq uchun zararli bo‘lgan Coca-Cola va Fanta ichadi. Chips va shunga o‘xshash narsalarni yegani menga yoqmaydi, doim u bilan kurashaman. Shunchaki shug‘ullanmoqchi bo‘lgan sohasida eng yaxshilardan bo‘lishini xohlayman. Unga doim qiyin ish hammasidan muhim ekanini aytaman.
Menda to‘rt farzand bor va ularga eng yaxshisini ravo ko‘raman, biroq ular shokolad yeydi — bunday vaziyatlarda kuchli bo‘lishim kerak”, — deydi Ronaldu.
Foto: Instagram
Ronaldu to‘g‘ri ovqatlanish borasida ba’zida istisno ham qilib turadi, biroq bunga sabab bor: “Ayrim vaqtlarda o‘g‘lim bilan pitssa yeyman. Aks holda ikkimizga juda zerikarli bo‘lgan bo‘lardi”.
Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi 15-iyun kuni Vengriyaga qarshi 1-tur o‘yinini o‘tkazadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanadi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi