Tarixning buyuk dueli: Ronaldu milliy jamoadagi rekordlar bo‘yicha Messini ortda qoldirdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Krishtianu Ronaldu milliy terma jamoalar safidagi gollar va o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha Lionel Messidan ustun kelib, xalqaro maydondagi tarixiy poygani yakunladi.
- Portugaliyalik futbolchi 234 ta o‘yinda 146 ta gol urgan bo‘lsa, argentinalik yulduz 208 ta bahsda 126 ta gol qayd etdi.
- Ronaldu 5 noyabr kuni 23 yillik faoliyatiga nuqta qo‘ygan bo‘lsa, Messi 6 oktyabr kuni Beninga qarshi o‘yinda terma jamoadagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazdi.
Jahon futboli tarixidagi eng buyuk qarama-qarshilik sifatida e’tirof etilgan Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi duelining xalqaro maydondagi bosqichi rasman o‘z yakuniga yetdi. Ikkala yulduz ham milliy terma jamoalari bilan xayrlashgan bir pallada, portugaliyalik to‘purar terma jamoalar tarixidagi gollar va o‘yinlar soni bo‘yicha argentinalik raqibi ustidan mutlaq ustunligini abadiy mustahkamlab qo‘ydi.
Har ikki daho o‘z mamlakati sharafini himoya qilishni to‘xtatishga qaror qilgach, ularning ko‘p yillik tarixiy poygasi yakuniy raqamlar bilan muhrlandi.
Mutlaq rekodlar va 20 ta gollik ustunlik
Krishtianu Ronaldu xalqaro futbol tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkichlarni o‘z nomiga rasmiylashtirib ketdi:
Gollar soni: 41 yoshli Ronaldu Portugaliya terma jamoasi safida jami 146 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Lionel Messi esa Argentina tarkibida o‘z hisobiga 126 ta gol yozdirib qo‘ydi — Ronaldu raqibini naqd 20 ta gol farqi bilan ortda qoldirdi;
O‘yinlar bo‘yicha jahon rekordi: Ronaldu milliy libosda jami 234 ta uchrashuv o‘tkazib, jahon sportida takrorlanmas rekord o‘rnatdi. Messi esa «albiseleste» libosida 208 ta bahsda maydonga tushdi.
Ikki afsonaning xayrlashuvi qanday kechdi?
2026 yil kuzi ikkala afsona uchun ham milliy jamoa bilan xayrlashish mavsumi bo‘ldi:
Ronalduning nuqtasi: Portugaliyalik to‘purar 5 noyabr kuni terma jamoadan rasman ketganini bildirib, 23 yil davom etgan beqiyos xalqaro faoliyatiga nuqta qo‘ydi. Uning milliy safdagi so‘nggi uchrashuvi 24 sentyabr kuni Uelsga qarshi bahs bo‘ldi. Ronaldu Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda;
Messining benefisi: Lionel Messi 31 avgustda xayrlashuv haqida e’lon qilgan bo‘lsa, 6 oktyabr kuni Buenos-Ayresda Beninga qarshi o‘zining so‘nggi rasmiy uchrashuvini o‘tkazdi. U 3:0 hisobidagi g‘alabada bitta penaltidan gol urib, yana ikkita golli uzatmaga mualliflik qildi va jamoasi bilan chiroyli xayrlashdi.































Izohlar 0
…