11:19 / 10.07.2021
2 507

Ro‘ziqul Berdiyev: "Muxlislarsiz futbol zavqini yo‘qotarkan"


Kecha 8-turning qoldirilgan o‘yini doirasida voha derbisi nomi ostida o‘tgan  “Nasaf” – “Mash’al” to‘qnashuvida mezbonlar yagona gol evaziga g‘alaba qozondi.

Bellashuvdan keyin qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Muxlislarsiz o‘yin zavqini yo‘qotarkan. Qanaqadir futbol ham boshqacha bo‘larkan. Lekin bunga majburmiz. Bugungi raqibimizni o‘rganganimizda jismonan yaxshi ekanligini bilgandik. “Mash’al” boshqa jamoalarga nisbatan ko‘proq yugurishidan xabardor edik. Shu sababli bugun biroz qiynaldik va asosan natija uchun o‘ynadik. Chunki jamoamizga natija juda muhim edi. Davralar oralig‘ini yaxshi o‘rin bilan yakunlash biz uchun qiziq edi. Mazmunli o‘ynamagan bo‘lsak ham uch ochkoga ega bo‘ldik.

- Futbolchilarda shijoat ko‘rinmadi. Ular ertaroq ta’tilga chiqdik deb hisoblashdimi?
- Balki bu holatlar ham bordir. Chunki hamma jamoalar ta’tilga chiqib ketdi, biz bo‘lsa hali ham o‘ynayapmiz. Bu narsa albatta ruhan ta’sir qilishi turgan gap. Baribir bugun yigitlar g‘alabaga harakat qildilar.

- “Nasaf”ga legioner o‘yinchi bo‘yicha ta’qiq qo‘yilgan...
- Ozgina qarzimiz bor ekan. Buni klubimiz tezroq hal qiladi. O‘ylaymanki, federatsiya ham biz tarafda bo‘ladi. Xalqaro o‘yinlarda munosib qatnashishimiz kerak. Buning uchun rejadagi o‘yinchilarimizni olishimiz kerak. Ko‘z ostimizga olib qo‘ygan legioner hujumchi bilan shartnoma tuzganimizdan keyin ommaga e’lon qilamiz.

- “Nasaf” “Mash’al”dan ham legioner o‘yinchi oladimi?
- Yo‘q. Uilyams biz bilan shug‘ullanib turibdi. Lekin uni “Mash’al” bilan shartnomasi bor. Klublar o‘zaro kelishsa hal qilamiz. Bilasizlar, “Nasaf” ijaraga o‘yinchi olmaydi. Chunki bir marta yomon holatga tushib qoldik. Sardor Abduraimov bilan Humoyun Murtazoyevni olganimizdan keyin bir yil o‘tib, ularni yana biz bilan bir yillik shartnomasi bor deyishgach, boshqa ijaraga futbolchi olmaydigan bo‘ldik. Ko‘p o‘yinchilarni bizda ijara asosida o‘ynasin deb taklif qilishadi. Bunga rozi bo‘lmaymiz. Negaki, o‘yinchi o‘zimizniki bo‘lishi va uni tarbiyalashimiz kerak.

- Lekin “Nasaf” bir qancha o‘yinchilarni raqibga bergan...
- Albatta, biz ularni tekinga berganmiz. Bizning futbol maktabidan yetishib chiqib o‘ynayotganlar 6-7 ta. Lekin o‘shalarni ham o‘zimizni tarbiyalanuvchimiz deb maqtanishadi. Mayli, ularda o‘ynayapti, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapti, bundan xursandmiz. Lekin ko‘pchilik ularni bizning futbol maktabi tarbiyalanuvchilari ekanini bilishmaydi.

- Muxlislar orasida bitta gap yuradi: “Nasaf” va “Mash’al” bir-biriga futbolchi berishda juda qattiqqo‘l deyishadi. Bu rostmi?
- Oldin ham aytardim, “Mash’al” bizga derbi sifatida jiddiy qaraydi. Buni amalda bugun ham ko‘rdinglar. Ba’zida kerak bo‘lmagan futbolchilarni ulardan biz olardik. O‘sishga erishgan o‘yinchilar bor, Sayfiyev, Suyunov, Musayev...Bizdan o‘tgan o‘yinchilar ularga yaxshi yordam beryapti. Ba’zida muhim o‘yinchilarni bermaymiz-ku, ammo futbolchi almashtirib turiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Muxlislarsiz futbol zavqini yo‘qotarkan"