16:30 / 25.07.2021
2 978

"Alay" bosh murabbiyi: "Bunyodkor" "Barselona" singari to‘pni yaxshi nazorat qildi. O‘zbekiston chempionatida tezlik yuqori"


Qirg‘izistonning "Alay" jamoasi chempionat bahslariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston klublariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdi.

Namanganda "Navbahor" bilan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etgan o‘shliklar kecha Toshkentda "Bunyodkor" bilan kuch sinashdi. Albatta ikki chempionat jamoalari o‘rtasidagi farq sezildi va yakunda "qaldirg‘ochlar" 4:1 hisobidagi g‘alabani nishonladi. Biz esa mazkur uchrashuvdan so‘ng "Alay" bosh murabbiyi Aleksandr Beldinovning fikrlari bilan qiziqdik.

-  Aleksandr Leonidovich odatda bir pog‘ona yuqori jamoalar bilan o‘yinlarda jamoaning kamchiligi ko‘zga tashlanadi. "Bunyodkor" bilan o‘yinda "Alay"ning qaysi xatolarini payqadingiz? Uchrashuv qay darajada foydali bo‘ldi?
- "Bunyodkor" jamoasiga taklif uchun minnatdorchilik bildiraman. Biz uchun foydali uchrashuv bo‘ldi. Yuqori darajadagi jamoalarga qarshi o‘ynash doim yoqimli bo‘lgan. Bunda jamoa ko‘proq tajriba orttiradi, kamchiliklar ko‘zga tashlanadi. Natijalar barchasini aytib turibdi. Shuning uchun bu borada ortiqcha fikr bildirmagan bo‘lardim. "Bunyodkor"ni g‘alaba bilan tabriklayman. Biz hozircha bunday jamoalar bilan raqobatlasha olmaymiz. O‘zbekiston chempionatining darajasi, tezligi yuqori. Bizda aynan shu narsa yetishmayapti. Tezkor qaror qabul qilish, to‘p bilan muomala ustida ko‘proq ishlashimiz kerakligi sezildi. Ikki mamlakat futbolida farq bor.

- "Navbahor" bilan bahsda jamoangiz kam gol o‘tkazgandi. Bugun esa aksi kuzatildi. Umuman olganda Namangandagi uchrashuvda nima o‘xshadi-yu, "Bunyodkor" bilan bahsda qaysi rejalar ish bermadi?
-  Ha, Namanganda "Navbahor"ga qarshi o‘ynadik. Sizga aytsam "Navbahor" va "Bunyodkor" ikki xil uslubdagi jamoalar hisoblanadi. "Bunyodkor" xuddi "Barselona" singari to‘pni nazorat qilishni yoqtiradi. Futbolchilari yaxshi saviyada. Shu bois to‘pni  nazorat qilish biz uchun qiyin bo‘ldi. Yana qaytaraman O‘zbekiston chempionati kuchli. Barcha uchrashuvlar shiddatli o‘tadi.

- "Alay" tarkibida Idris Bikmaykin, Sanjar To‘raqulov, Temur Talipov, Jamshid Qobulov kabi futbolchilar to‘p tepmoqda. Ular o‘zlaridan qanday taassurot qoldirishyapti?
 - Ularda sifat borligini ko‘rdim. Ushbu futbolchilar chempionatda bizga yordam berishlariga ishonaman.

- Yana qaysi o‘zbekistonlik futbolchilar bilan muzokaralar ketmoqda?
- Bizda transfer oynasi 28 iyul kuni yopiladi. Bunga qadar ayrim chiziqlarni kuchaytirib olishga harakat qilamiz. Seleksiya ishlari davom etmoqda.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Alay" bosh murabbiyi: "Bunyodkor" "Barselona" singari to‘pni yaxshi nazorat qildi. O‘zbekiston chempionatida tezlik yuqori"