01:07 / 26.07.2021
1 875

To‘labek Akramov: "Sekeyra koronavirusga chalindi, jamoada yangi legioner ko‘rikdan o‘tyapti"

To‘labek Akramov: "Sekeyra koronavirusga chalindi, jamoada yangi legioner ko‘rikdan o‘tyapti"

So‘nggi paytlarda “Lokomotiv” klubiga doir ayrim savollarimiz to‘planib qolgandi. Saytimizni kuzatib borayotgan o‘quvchi biladiki, “Loko” ayni paytda bosh murabbiysiz yozgi yig‘inini o‘tkazyapti.

Kecha “temiryo‘lchilar” “Tojikistonning “Istiqlol” klubiga qarshi nazorat uchrashuvini o‘tkazib 3:1 hisobida g‘alaba qozonganini ham qo‘shimcha qilish joiz.

Bugun klub bosh direktor o‘rinbosari To‘labek Akramov bilan bog‘landik. Sports.uz muxbirining bir qator savollariga javob berish orqali ayrim masalalarga oydinlik kiritdi.

- “Lokomotiv” klubi rahbari sifatida jamoaning ikkinchi davraga tayyorgarligidan qanchalik qoniqyapsiz? Boz ustiga “Lokomotiv” bosh murabbiysiz shug‘ullanyapti...
- Yig‘inimiz Toshkentda, o‘zimizning bazada o‘tyapti. Bosh murabbiy uyiga ketishidan avval tayyorgarlik dasturini tuzib ketgan. Uning dasturi bo‘yicha ishlayapmiz. Sekeyra yig‘inimizga qo‘shilishi kerak edi, ammo Portugaliyada koronavirusga chalinib qoldi. Shuning uchun vaqtida kela olmay qoldi. Lekin jamoamizning har bir mashg‘ulotini va o‘tkazayotgan o‘rtoqlik o‘yinlarimizning videolarini unga yuboryapmiz. Hammasini bosh murabbiy nazorat qilib boryapti. Yuqorida aytdim, uning dasturi bo‘yicha ishlayapmiz va ko‘rsatmalari asosida yordamchi murabbiylar futbolchilarni shug‘ullantiryapti. Sekeyra har bir mashg‘ulot s’yomkalarini ko‘radi va keyin shunga qarab yana ko‘rsatmalar beradi. Bu masalada muammo yo‘q, bosh murabbiy bilan onlayn tarzda ishlab turibmiz.

- Sekeyra qachon qo‘shiladi, jamoaga?
- Bir hafta, 10 kun ichida keladi. U yerda karantinda o‘tiribdi, balki oyning oxirigacha kelsa ham kerak.

- Jasur Jaloliddinovning “Lokomotiv”ga o‘tishi ham turli gap-so‘zlarni keltirib chiqardi. “Loko” uni “Andijon”dan sotib oldimi? Umuman, futbolchi bilan qanday kelishuvga erishdinglar?
- Jasur bilan bog‘liq masalada hech qanaqa muammo yo‘q. Biz u bilan rasman shartnoma imzoladik. Qolgan narsalarni Jaloliddinovni o‘zidan so‘raysiz. U “Andijon” bilan do‘stona ravishda xayrlashib, ularning duosini olib kelgan. “Lokomotiv”ga kelishiga qarshilik qilishmagan. Jasurga hujjatlarini berishgan va shu tariqa biz bilan to‘laqonli ravishda shartnoma tuzdi.

- Qiziq tomoni shundaki, Sekeyra matbuot anjumanida Jasur Jaloliddinov borasida bexabar ekanini aytgandi. Futbolchini bosh murabbiy bilan maslahatlashib taklif qilganmisizlar yoki...
- Murabbiy yevropalik. Ular futbolchi bilan shartnoma imzolanmaguncha bu haqda gapirishni istamaydilar. E’tibor bersangiz, boshida biz Jaloliddinov bilan shartnoma tuzdik deb e’lon qilmaganmiz. Shunchaki, kelishuvga erishdik, degan ma’noda xabar berganmiz. Kelishuvga erishish boshqa, rasman shartnoma imzolash boshqa. Mana, kecha Jaloliddinov bilan rasman shartnoma imzoladik. Boshida kelishuvga erishganimizni ko‘pchilik shartnoma tuzdi deb o‘ylagan. “Andijon” bilan ikki marta, Kubokda va chempionat doirasida maydonga tushdik. O‘sha o‘yinlardan keyin bosh murabbiy Jasurni yoqtirib, shu bola bilan gaplashinglar deb aytgan.

- “Lokomotiv” hali Jaloliddinovdan boshqa yangi o‘yinchini tarkibga qo‘shib olgani yo‘q. Transfer oynasi ochilgan va bunday paytda klubning rejasi qanday?
- Yaxshi o‘yinchilarning hammasini shartnomalari bor. Bunday paytda ularni transfer qilish ham qiyin bo‘ladi. Bizni hozircha kimnidir transferini amalga oshirish niyatimiz yo‘q. Tarkib masalasida bosh murabbiy bilan gaplashganmiz. Uni hamma pozitsiyadagi o‘yinchilar qoniqtiryapti. Faqat hozir bizda “Oqtepa”da markaziy himoyada o‘ynagan Samuel Opeks ko‘rikda bo‘lib turibdi. Uni mashg‘ulotlarda va o‘rtoqlik o‘yinlarida ko‘ryapmiz. Murabbiy bu legionerni to‘liq o‘rganib, tahlil qilib chiqyapti. U 22 yoshda ekan. Agar murabbiylarga ma’qul kelsa, shartnoma imzolaymiz.

- Demak, tarkibda boshqa o‘zgarish bo‘lmas ekan-da?!
- Yo‘q. Jarohatdagi futbolchilarimiz ham tarkibga qaytyapti. Hammasi joyida.

- Shuningdek, “Lokomotiv”ni “Navbahor” himoyachisi Igor Golbanga jiddiy qiziqishi ham bo‘lgan ekan...
- Yo‘q, muzokara olib bormaganmiz. Faqat markaziy himoyada biroz muammolarimiz borligi uchun Golbanning nomzodi short-listimizda bor edi. Ammo “Navbahor”ning bu o‘yinchini qo‘yib yuborish imkoniyati juda pastligi sababli biz bu variantni ko‘rib chiqmadik. Agar shartnomasi hech bo‘lmaganda bu yil tugayotgan bo‘lganida ham gaplashsak bo‘lardi. Adashmasam, Golbanni klubi bilan hali yana shartnomasi bor.

- O‘tgan vaqt davomida bosh murabbiy masalasida qisman bo‘lsa ham taassurotlar paydo bo‘lyapti. Shaxsan o‘zingiz Sekeyraning shu kungacha olib borgan ishiga qanday munosabat bildirasiz?
- Bosh murabbiy bo‘yicha fikrimiz yaxshi. To‘g‘ri, natijaga kelganda, bir qator o‘yinlarda yutqazib qo‘ydik. Biz murabbiyni ham tushunib turibmiz, moslashish jarayonini o‘tkazyapti. Baribir chetdan kelgan murabbiy birinchi yili natija ko‘rsatishi qiyinroq bo‘ladi. Masalan, Shota Arveladze kelgan paytida ham uni moslashishiga va o‘ylaganlarini singdirgunicha ikki yil vaqt ketdi. Futbolchilarimiz Sekeyraning nimani xohlayotganini endi-endi tushunishyapti. Har doim biz 4-2-3-1 sxemasida o‘ynaganmiz. Sekeyra kelib bu taktikadan voz kechdi. Butun Yevropada bo‘lgani kabi bizda ham uchta himoyachi o‘ynatyapti. Mana shu taktikani jamoaga singdiryapti. Aytmoqchimanki, o‘yinchilar bosh murabbiyning taktik uslublarini tushunib boryapti. Bu borada yangiliklar ko‘p. Shuning uchun boshida futbolchilarga biroz qiyin bo‘ldi. Bizda bilasiz-ku, futbolimizda aksariyat jamoalar bir xil taktikada o‘ynaydi. Mana shu moslashish jarayonidan o‘tib olsa, hammasi yaxshi bo‘ladi deb o‘ylayman.

- Mavsum yakunida bosh murabbiyning taqdiri klub natijasiga qarab belgilanadimi yoki keyingi mavsumda ham ishlashda davom etadimi?
- Buni gaplashamiz, bizni ham rahbarlarimiz bor. Mavsum tugaganidan so‘ng, bu masalada maslahatlashamiz. Rahbariyat yuqori maqsadlarni qo‘yishga o‘rganib qolgan. Murabbiy masalasidagi qarorni hammamiz o‘ylab, keyin qaror qilinadi. Ungacha murabbiy qo‘ldan kelganicha ishlab natija ko‘rsatishga harakat qiladi. Plyus tomonimiz bu yil jamoani ancha yoshartirib oldik. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, zaxiramizda ham asosan o‘zimizni mahalliy tarbiyalanuvchilarimiz joy olyapti. Qishda jamoani yanada yoshartiramiz.

- Rahbariyat “Lokomotiv”ni sovrinli o‘rinlardan joy olishini xohlayapti. Vaziyatga real qarasak, jamoangizning imkoniyatini qanday baholayapsiz?
- O‘zi men realistman. Klub oldiga kuchli uchtalikka kirish va Kubokni qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Chempionlik vazifasini hech kim bekor qilmagan. Boshqalarga qaramasdan o‘zimizning o‘yinlarni yutadigan bo‘lsak, albatta 1- va 2-o‘rinlarga ham kurashsak bo‘ladi. Boshqalar ochko yo‘qotmaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi. Buning ustiga hozir hamma futbol o‘ynashni o‘rganib olgan. Masalan, “Turon”ni o‘zi ko‘plab klublarga muammolar tug‘diryapti. Yutqazgan o‘yinlarida ham munosib qarshilik ko‘rsatgan. Yoki “Qo‘qon-1912” va “Qizilqum”ni ham tilga olish mumkin. Ko‘ryapsizmi, hamma o‘z maqsadi sari kurashyapti. Oldindan biror nima aytish qiyin. Bizning asosiy vazifalarimizdan biri Osiyo Chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish. Bunga chempionat orqali erishamizmi yoki Kubok orqalimi, muhimi o‘z o‘yinlarimizda g‘alabalar qozonishimiz kerak.

Shuhratbek Jo‘rayev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » To‘labek Akramov: "Sekeyra koronavirusga chalindi, jamoada yangi legioner ko‘rikdan o‘tyapti"
[/banner_pushhouse