23:56 / 26.07.2021
1 128

«Qiz bola ham yurti sharafini himoya qila oladi» – Saida Mirziyoyeva

«Qiz bola ham yurti sharafini himoya qila oladi» – Saida Mirziyoyeva

Mass-media fondi raisi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘zbekistonlik qizlarning Tokio olimpiadasida qilgan chiqishlari haqida post joyladi.

«Tokiodagi olimpiadaning boks musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Tursunoy Rahimova hamda dast ko‘tarish mashqida yangi olimpiya rekordini o‘rnatgan Muattar Nabiyevaning yutuqlari ko‘nglimni faxr va quvonchga to‘ldirdi.

Beixtiyor Samarqandda qizlarning otalariga qilgan murojaatimni esladim. O‘shanda qiz farzand dunyoga kelgan oilalarda hech qachon afsus bilan «mayli endi, Xudo xohlasa, keyingisi o‘g‘il bo‘lar» degan gaplar aytilmasligini tilagandim. Qiz bola ham ota-onasiga tirgak bo‘lishi, ularning umidini oqlashi, nomini olamga yoyib, yurti sharafini himoya qilishi mumkin. Tursunoy bilan Muattar bunga yaqqol namunadir.

Bu sportchilarimiz kabi insonlar qizlarimizning o‘zlariga bo‘lgan ishonchini oshiradi, boshqalar ham orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishi, istalgan sohada mutaxassis sifatida shakllanishi, ham sevimli ishi, ham shaxsiy hayotda birdek baxtli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qiladi», deb yozdi Mirziyoyeva o‘z kanalida.

Oldinroq Saida Mirziyoyeva o‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina haqida ham post joylagandi.
«Sevimli sportchimizning Tokio olimpiadasidagi ishtirokini hayajon bilan kuzatdik. U finalga chiqa olmagan bo‘lsa-da, biz uchun nomi olimpiada o‘yinlari tarixida umrbod qoladigan g‘olibdir.

Oksana Chusovitina hamyurtimiz ekanidan faxrlanamiz. U yosh sportchilarimiz, umuman, yoshlarimiz o‘rnak olishi, tenglashishi lozim bo‘lgan qahramondir. Oksanaga hayotining yangi pog‘onasida omad tilab qolaman», deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘z sahifasida.

Ma’lumot uchun, 46 yoshli Oksana Chusovitina 1992 yildan buyon o‘tkazilgan barcha 8 yozgi olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan. Bu o‘yinlarda sportchi bir marta oltin, bir marta kumush medalni qo‘lga kiritgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » «Qiz bola ham yurti sharafini himoya qila oladi» – Saida Mirziyoyeva
[/banner_pushhouse