23:03 / 15.08.2021
2 221

Viktor Jalilov: "Samvel Babayan bilan amalga oshirayotgan ishlarimiz viloyat futboliga ham foyda berishiga ishonaman"

Viktor Jalilov: "Samvel Babayan bilan amalga oshirayotgan ishlarimiz viloyat futboliga ham foyda berishiga ishonaman"
Superliganing 15-turidan o‘rin olgan "Navbahor" - "Lokomotiv" (1:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Viktor Jalilov fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Albatta, birinchi navbatda natijadan xursandman. O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, "So‘g‘diyona" bilan bugungidan yaxshiroq o‘yin ko‘rsatgandik. Bugun yomonroq o‘yin bilan g‘alabaga erishdik. Jamoada shakllanish davri ketmoqda, bugun ham zaxiradan maydonga tushganlar o‘yinga kirishib ketishdi. Raqib jamoaning tarkibi ancha shakllanib ulgurgan, ularning tarkibidagi 70 foiz futbolchilarni yaxshi taniymiz, bilamiz. Bizda "Qo‘qon-1912" bilan o‘yinda ham o‘yinimiz qovushmagandi, bugun ham shunday bo‘ldi. Umuman olganda, bugungi o‘yin uchun futbolchilarga rahmat aytmoqchiman, ular iroda ko‘rsatib, g‘alabaga erishishdi.

Vaziyat shuni taqozo etdiki, asosiy tarkibda maydonga tushadigan yaqqol hujumchi G‘anixonov va O‘rinboyev bor. Ibrohim jarohatdan endi tuzalgani sabab bugun nari borsa 30 daqiqa o‘ynay olardi xolos. Ammo aynan uning maydonga tushishi sababli o‘yinimiz sezilarli kuchaydi. Lekin o‘yin boshidan sifatli hujumchini maydonga tushirish imkonimiz bo‘lmagani sabab, boshlang‘ich tarkibda o‘zgarish qilishga to‘g‘ri keldi. Buni to‘g‘ri tushunib turibmiz, vaziyatni o‘zgartirish choralarini topishimiz kerak.

Har bir jamoada, u oxirgi o‘rinda borayotgan bo‘lsa ham, doimo tarkibida sifatli futbolchilari bo‘ladi. "Lokomotiv"da ham shunday futbolchilar ko‘p. Ulardan qaysi birini "Navbahor" tarkibida ko‘rishni istayotganim haqida biror nima deyolmayman. Hammasi transferlar amalga oshiriladigan davrda hal bo‘ladi.

O‘tgan o‘yindan keyin ham aytgandim, hozir ham yetakchilar bilan oramizdagi farq katta emas. Endigina ikkinchi davraning ikkinchi o‘yinini o‘tkazdik. Qandaydir muammolar borligiga qaramay, bugungi o‘yin jamoa har qanday vaziyatda uchrashuvlarda g‘alaba qozonishi mumkinligini ko‘rsatdi. Futbolchilarning jismoniy holatiga kelsak, bu borada hech bir ko‘rsatkich borasida hech qaysi jamoadan ortda qolmayapmiz. Avvalgi o‘yinda ham, bugun ham so‘nggi daqiqalarda besh-olti nafar o‘yinchimizning oldinga o‘tganiga guvoh bo‘ldik. Agar ular charchab qolishganda, hujumga o‘ta olishmasdi.

Samvel Babayan terma jamoani boshqargan mutaxassis sifatida katta tajribaga ega. Qaysidir jihatlar bo‘yicha jamoada o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Birgalikda amalga oshirayotgan ishlarimiz, nafaqat jamoaga, balki viloyat futboliga yordam berishiga ishonaman.

Hozirda jamoada shartnomam bor. Uni uzaytirishni xohlashsa, uzaytiraman. Asosiysi, klub murabbiydan, murabbiy esa klubdan rozi bo‘lsin. Avvallari iste’foga chiqarishganda ham kompensatsiya so‘ramaganman, ishim yoqmagan shekilli, shuning uchun ishdan bo‘shatishdi.

Qachonki, "Navbahor" turnir jadvalida 2-3-o‘rinlarga ko‘tarilsin, shunda jamoa chempionligining 25 yilligiga bag‘ishlab har qanday o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etilishiga roziman, - deydi Viktor Jalilov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Viktor Jalilov: "Samvel Babayan bilan amalga oshirayotgan ishlarimiz viloyat futboliga ham foyda berishiga ishonaman"