3 037
Andrey Kanchelskis "Navbahor"dan olishi kerak bo‘lgan 1,6 mln dollar haqida intervyu berdi
Barcha tafsilotlar to‘g‘risida murabbiy intervyu berdi. Ma’lum bo‘lishicha, 28 avgust kuni FIFA Andrey Kanchelskisning "Navbahor"ga qarshi ishini rossiyalik murabbiy foydasiga hal qilgan. Qabul qilingan da’volarning foizlar bilan umumiy summasi 1,6 million dollardan oshdi.
Kanchelskis "Navbahor" postiga ikki marta kelgan. 2019 yilning iyun oyida vazifasidan ozod etilgach, bir necha oydan so‘ng jamoaga qaytdi hamda 2020 yilning oktabrigacha murabbiylik qildi. "Match TV" muxbiri "Navbahor" sobiq murabbiyi bilan suhbatlashdi.
- Shartnoma bekor qilinishining asosiy sababi nimada?
- Birinchi navbatda bu futbol tematikasi, ikkinchidan, inson omili. Nonushta qilayotganda ishlash mumkin emas, buning uchun sizga pul to‘lanmaydi. Sabrim qolmadi. Klubda noprofessional kishilar ham rol o‘ynadi. Ular bilan bahslashish mumkin emas. Futbolga aloqador bo‘lmagan odamlarga nimanidir isbotlash juda qiyin. Garchi respublikaning boshqa jamoalarida professional bo‘lmaganlar yetarli bo‘lsa-da, "Navbahor" muxlislariga achinaman, klubni boshqarishga bunday insonlar munosib emas.
- Professional bo‘lmaganlar deb kimlarni nazarda tutyapsiz?
- Klubga aloqador oddiy biznesmenlarni. Bu holat ko‘pincha Rossiyada ham sodir bo‘ladi. Boshqa sohadagi ba’zi firibgarlar mutaxassislarga futbol nimaligini o‘rgatmoqchi bo‘lishadi. Bir paytlar «Volga» boshqaruv kengashi raisi, beshkurash sportchisi Svatkovskiy kelib, futbolchilarga ikki-uch soat yugurish kerakligini o‘rgatardi. Barchaga o‘z tushunchasi bo‘yicha munosabat bildirish yomonmas, biroq har kim o‘z ishi bilan shug‘ullangani ma’qul.
- Sizni u yerga o‘sha biznesmenlar taklif qilganmi?
- Yo‘q, men Namangan viloyati hokimi bilan muzokara olib bordim, keyin u boshqa ishga o‘tib ketdi. Men u yerda bo‘lganimda, klubning uchta boshlig‘i almashdi. Rahbariyatning o‘zgarishi har doim ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Ikkinchi murabbiy Aleksey Belenkov bilan birgalikda bunga e’tibor bermaslikka harakat qildik va maksimal darajada ishladik. Natijada Belenkov tushunarsiz tarzda ayblanib, ishdan bo‘shatildi. Shuningdek, u ham FIFAga shikoyat bilan chiqdi va ijobiy qarorni kutmoqda.
- U sizdan ancha oldin shikoyat qilganmidi? Siz Kanchelskis bo‘lganingiz uchungina murojaatingiz tez hal qilindimi?
- Yo‘q, unday emas. FIFA Belenkov masalasida allaqachon qaror qabul qilgan. Hozirda CAS qarori kutilmoqda.
- Klub sizga murosa qilish variantlarini taklif qilganmi?
- Shartnomamda 200 ming dollar kompensatsiya miqdori, shuningdek, ish haqi, davolanish xarajatlari ko‘zda tutilgandi va men yon berishga tayyor edim, lekin hozir hech qanday murosa haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Ular menga Toshkentdagi xususiy klinikada koronavirus bilan davolanish uchun sarflagan mablag‘imni hali ham qaytarishmadi, garchi bu bir yil oldin bo‘lgan bo‘lsa-da. Lekin bu pul ko‘p emas. Aytgancha, davolanish xarajatlari ham shartnomada ko‘rsatilgan. Bu insoniy munosabat. Endi ular ba’zi variantlarni taklif qilishmoqda, lekin bu savol men uchun yopiq.
- Bu narsa klub uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
- "Navbahor" buyog‘iga qanday yo‘l tutishini bilmayman. Odamlar bu kabi hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini tushunishlarini istardim. Biz FIFAning shunday tuzilmasi va CAS borligini bilib oldik. O‘zingizni bunday tutmasligingiz kerak, gap faqat futbol haqida ketmayapti.
- O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarda "Navbahor" rahbariyati sizni ichkilikbozlikda ayblayotganini yozishdi. Chindan shunday bo‘lganmi?
- Ular ham nimadir deyishi kerak, nimanidir bahona qilishi kerak. Aftidan, ular Romashenkoning so‘zlariga yopishib olgan. Men hamisha "Navbahor" bazasida istiqomat qilganman. Agar hech bo‘lmaganda men bilan ishlagan bitta futbolchi shunday deb aytsa, bu savol muhokama mavzusiga aylanishi mumkin edi. Bu g‘irt tuhmat.
- "Navbahor"ga qaytganingizdan afsuslanmaysizmi?
- Viloyat hokimi siz bilan gaplashib, hammasini qaytadan boshlashni taklif qilganda, rad qilish qiyin. Umuman olganda, men pushaymon emasman. Pandemiyadan oldin yaxshi natijalarga erishdik, uchinchi o‘rinda ketayotgandik. Keyin butun jamoa koronavirusga chalindi, qiyin davr boshlandi va rahbariyat qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ustimizdan mag‘zava ag‘darishni boshladi. Garchi klubning og‘ir moliyaviy ahvolini tushunib, maoshni qisqartirishga rozi bo‘lgan bo‘lsak-da, aftidan, bu narsalar inobatga olinmadi.
- "Navbahor"dagi ishingizni qanday baholaysiz?
- O‘z ishimni baholash mushkul. Klubda bo‘lganimda, uchta futbolchi terma jamoaga, yana bittasi Olimpiya terma jamoasiga chaqirilgan. Hattoki O‘runov Rossiya chempionatiga ko‘chib o‘tdi. Men Alisher Usmonovning bir so‘zini eslayman, uning aytishicha, agar hech bo‘lmaganda bitta futbolchi Rossiya terma jamoasiga chaqirilsa, bu muvaffaqiyat. Semyonovni chaqirishdi. Ehtimol, bu ham ko‘rsatkichdir. Natijalarga kelsak, "Paxtakor"ga qarshi kurashish qiyin bo‘ldi, biroq ularga qarshi tengma-teng harakat qildik. Muxlislarga minnatdorchilik bildiraman! Ular juda qiziqqon, lekin adolatli talab qiladi. Ularga salomatlik tilab qolaman. Afsuski, shunday vaziyat yuz berdi.
- O‘zbekiston futbol rahbariyatiga qanday maslahat berardingiz?
- Biz professional klublar boshqaruvida nimalar bo‘layotganini yaqindan kuzatib borishimiz kerak. Hukumat pulini oladigan ba’zi jamoa rahbarlari uni samarasiz sarflamoqda. Ya’ni, musobaqalar va klublarni boshqarishda professional bo‘lmagan menejmentni ko‘ramiz. Bu borada o‘zbek futboli darajasida pasayish kuzatilmoqda. Vaziyat Rossiyada ham xuddi shunday. Professionallar yetarli emas. O‘zbekiston futbol federatsiyasi rahbariyati mentalitet, imkoniyatlar, maqsadlarni hisobga olgan holda o‘yinni rivojlantirish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqishi zarur. Aytaylik, nemis yoki niderland modelini rus futboliga olib kirish orqali jamoa Germaniyaga aylanib qolmaydi.
O‘zbekistonda futbolni yaxshi ko‘rishadi va qanday o‘ynashni bilishadi. Zaxirani tayyorlashning samarali tizimini yaratish va Yevropaning kuchli ligalariga futbolchilarni eksport qilishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari mavjud. Masalan, Ahmedov, Shomurodov yoki O‘runovni olaylik. Afsuski, O‘zbekistonda professional menejerlarni tayyorlash darajasini yaxshilash uchun sharoit yaratilmagan. Men o‘z tajribamdan kelib chiqib, amin bo‘ldimki, federatsiya va liga rahbariyati ta’lim dasturini ishlab chiqishni boshlashi va o‘zbek futboli faxriylarini menejment, iqtisodiyot va sport huquqi bo‘yicha o‘rgatishi zarur. Noprofessionallik yoki xasislik raqobatning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Shu bilan birga, chindan ham mamlakatda vijdonli odamlar ko‘p, lekin futbolni tushunadigan va unga g‘amxo‘rlik qiladigan sifatli menejerlar yetishmayapti. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”