Yurtimizda futbol mavsumi hal qiluvchi pallaga kirib boryapti. Bugun O‘zPFL matbuot xizmati Pro liga taqvimida kichik o‘zgarish yuzaga kelganini ma’lum qildi. Bunday xabar kuni kecha ham chop etilgandi, faqat ayollar chempionati haqida. Umuman olganda, bu kabi yangiliklar so‘nggi 2 yilda ko‘payib qoldi.
Hatto FIFA kunlari bekor qilingan, butun dunyoda terma jamoalar dam olgan 2020 yilning kuzida ham Vadim Abramovga yig‘in va o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nimaning hisobiga va qay tariqa?
Masalan, Germaniya yoki Angliyada mamlakat bosh jamoasining yillik hatto 2 yillik rejasi mavsum boshlanishidan oldin ma’lum bo‘ladi. Ular faqat FIFA kunlari doirasida yig‘ilishadi, o‘rtoqlik o‘yinlaridagi raqiblar ancha oldindan aniq bo‘ladi. APL yoki Bundesliga taqvimini tuzishda FIFA kunlari inobatga olinadi. Shu tufayli Bundesliganing falon turi Bundestimning mundialga yaxshiroq tayyorlanishi uchun qoldirilmaydi. Buning nomini Yevropa tomonlarda professionalizm deyishadi.
Bizda esa tarozi ham, toshning og‘irligi ham boshqacha. Har yilning avvalida terma jamoa ustozlari O‘FA huzuridagi murabbiylar kengashi bilan bamaslahat yarim yillik ish rejalarini tayyorlashadi. O‘zPFL ichki chempionat taqvimini tuzishda shunga asoslanadi.
2-yarim yillik taqvimi
Afsuski, ulkan mas’uliyatni yelkasiga olgan murabbiylarimiz rasmiy o‘yinlar oldidan oy-kuni yaqinlashgan ayollardek bezovtalanib, murabbiylar kengashi tomonidan tasdiqlangan rejalaridan chetga chiqishni istab qolishadi.
Masalan, Vadim Abramov may oyida terma jamoani rejadagidan 11 kun avval yig‘di. Unutmaslik kerak, bu kabi holatlar O‘zPFL rejalariga jiddiy zarba beradi. O‘shada Karlenovichning sharofati bilan 20-31 may kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan 10 va 11-tur bahslari qoldirilib, Superligada 1 oylik tanaffus yuzaga keldi. Ma’lumki, musobaqada yuzaga kelgan uzoq muddatli tanaffuslar unda ishtirok etayotgan 14 klubning rejalarini o‘zgartirib yuboradi, ularni ritmdan chiqarib, o‘yin sifatiga jiddiy ta’sir qiladi. Xo‘sh, vaziyat shunchalik jiddiy ekan, barchasini bittagina murabbiyning xohishi o‘zgartira oladimi?
Yo‘q, aslida o‘zgartirolmaydi. Misol uchun, O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev bu kabi o‘zgarishlarga har doim qarshi bo‘lgan. Ammo murabbiylarimiz O‘FA rahbariyatini ishontirishni har doim uddalab kelgan. Tashkilot bosh kotibi Avaz Maksumov tomonidan yozilgan 1 dona xat esa barchasini hal qiladi. PFL o‘zi istamasa-da taqvimga o‘zgartirish kiritishga majbur bo‘ladi.
Masalan, Ayollar chempionatining 17-tur bahslari boshqa sanaga ko‘chirildi. Bizni qizitirgan jihat shuki, O‘FA bu boradagi xatni tur belgilangan kundan (13 sentabr) atigi 14 kun oldin (31 avgust) chiqargan. Professional tashkilotlarda bunday masalalar 6 oy avval muhokama qilinishi, chempionatni o‘tkazuvchi tomon ham tinglanishi kerak. Barchasini 31 avgust kuni boshqacha kayfiyatda uyg‘ongan Bahrom Norsafarovning xohishi hal qilishi futbol uchun uyatli holat.
Abramov, Kapadze yoki Norsafarov chempionatdagi 2 ta tur qurbon qilinsa, terma jamoaning muvaffaqiyatliroq ishlashiga ishonsa kerak. Eslatib o‘tamiz, jahonda va qit’amizda eng yaxshi natija qayd etayotgan murabbiylar FIFA kunlaridan chetga chiqmaydigan, milliy chempionatni hurmat qiladigan mutaxassislar hisoblanishadi.
Chempionat yoki terma jamoa?
Ko‘pchilik yuqoridagi kabi holatlarga normal qaraydi. Ularga ko‘ra, terma jamoa manfaatlari uchun ichki chempionatni qurbon qilsa bo‘ladi. Aftidan O‘FA rahbariyati ham shunday fikrda. Aks holda, Karlenovichning muvaffaqiyatsizligidan keyin Norsafarovga 2 kun qo‘shib berish uchun chempionat bahslarini keyinga qoldirmagan bo‘lardi.
P.s. Shu o‘rinda milliy jamoamizga kadrlarni qaysi liga yetkazib berayotganini esga olish zarar qilmaydi. Terma jamoani kuchaytirish uchun birinchi navbatda ichki chempionatga e’tiborni oshirish, uni hurmat qilish kerak. Umid qilamizki, O‘FA oxirgi murabbiylar faoliyatini qayta tahlil qilib, bu borada kerakli xulosani chiqara oladi.
Muallif: Faxriddin Ro'ziyev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”