Kelasi yili Qatarda o‘tkaziladigan mundial uchun oxirgi saralash bahslari boshlanganini bilasiz. Osiyo qit’asida ham kurash ancha shiddatli start oldi.
Afsuski, biz uchinchi hal qiluvchi bosqichni tomoshabin sifatida kuzatishga majburmiz. Bu qanchalik og‘ir bo‘lmasin, tan olishimiz kerak. Vadim Abramov terma jamoamizni uchinchi bosqichga olib chiqishi shart bo‘lgan bir vaziyatda buning uddasidan chiqa olmagani evaziga qanchalik tanqidlar ostida qolib ketdi-a?! Nafaqat u, balki boshqalar ham.
Agar O‘zbekiston uchinchi bosqichga chiqqanida Abramov ham ularni qatorida bo‘lardi. Ya’ni, bugungi maqolada aynan o‘zi boshqarayotgan terma jamoalarni hal qiluvchi bosqichga olib chiqa olgan murabbiylar haqida so‘z yuritamiz. Biroq ularning orasida Vadim Karlenovichga “non” topilmadi!
“A” guruhi
Eron – bosh murabbiy Dragan Skochich (Xorvatiya)
Osiyoning qudratli terma jamoalaridan biri! Eron bu galgi JCH-2022 uchinchi saralash bosqichida “A” guruhidan joy olgan bo‘lib, dastlabki ikkita o‘yindan keyin 100 foizli natija qayd etib turibdi. Jamoa bosh murabbiyi xorvatiyalik 53 yoshli Dragan Skochich bo‘lib, u o‘tgan yildan beri mamlakat bosh jamoasini boshqarib kelyapti. Mutaxassis Eron futboli uchun begona emas. Chunki bir necha yillardan beri mamlakat chempionatida bir qator klublarni boshqardi. Mutaxassis o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgani sababli Eron futboli rahbarlari terma jamoani unga ishonib topshirishdi. Hozircha natijalar chakki emas. Asosiy maqsad shubhasiz Eronni mundialga olib chiqish!
Janubiy Koreya – bosh murabbiy Paulo Bentu (Portugaliya)
“A” guruhining yana bir favoriti! Janubiy Koreyani 2018 yildan beri portugaliyalik Paulo Bentu boshqarib kelyapti. Uning to‘liq nomi Paulo Jorji Gomish Bentu. 52 yoshni qarshilagan mazkur mutaxassis futbol ishqibozlariga yaxshi tanish. Ayniqsa, Portugaliya terma jamoasini boshqargan kezlarida Yevropa hamda jahon chempionatlaridagi ishtiroki orqali eslab qolishgan. Masalan, YEVRO-2012 da Portugaliya bilan bronza egasiga aylangan. Bentu Janubiy Koreya termasini qabul qilishdan oldin Xitoyda “Chunsin Lifan” klubini ma’lum vaqt boshqardi. Shundan so‘ng, tajribali murabbiy o‘zini yana terma jamoaga bag‘ishladi. 2019 yili BAA maydonlarida o‘tkazilgan Osiyo Kubogida Janubiy Koreya Bentu boshchiligida chorak finalgacha yetib kelgan. Ammo o‘shanda ular amaldagi chempion – Qatarga 0:1 hisobida yutqazib musobaqani tark etgan. Ayni paytda portugaliyalik murabbiyning oldiga Janubiy Koreyani mundialga olib chiqish vazifasi qo‘yilgan.
BAA – bosh murabbiy Bert van Marveyk (Niderlandiya)
2019 yilning mart oyida BAA milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida e’lon qilingan Bert van Marveyk ungacha Avstraliya termasiga ustozlik qilgan. BAA termasi o‘zi mezbonlik qilgan 2019 yilgi Osiyo Kubogida yarim finalgacha yetib kelgan va o‘shanda bo‘lajak chempion – Qatarga yirik 4:0 hisobida sharmandali mag‘lubiyatga uchragach, italiyalik Alberto Zakkeroni iste’foga chiqarilgan. Shundan keyin BAA futboli rahbarlari uning o‘rniga van Marveykni taklif qildilar. BAA JCH-2022 uchinchi saralash bosqichini ikkita durang bilan boshladi. Avvaliga Livan bilan 0:0, keyin esa Suriyaga qarshi bahsda 1:1 hisobi qayd etildi. Yodingizda bo‘lsa, bu mutaxassis Niderlandiyani 2010 yilgi jahon chempionatida finalgacha olib kelgandi.
Suriya – bosh murabbiy Nizar Maxruz (Suriya)
Bu terma jamoa hamma vaqt raqiblariga jiddiy bosh og‘rig‘i bo‘lib kelgan. Ularning mundial yo‘lida oxirgi bosqichgacha yetib kelgani bu ularning jasoratidan darak. Hozircha dastlabki ikkita uchrashuvda bir durang va mag‘lubiyat qayd etdilar. Terma jamoani mahalliy murabbiy Nizar Maxruz boshqaryapti. U ikkinchi bor mamlakat termasini boshqarmoqda. Ilk bor 2011 yili ham Suriya terma jamoasiga ustozlik qilgan. 2019 yilgi Osiyo Kubogida suriyaliklarga mahalliy murabbiy Fajr Ibrohim boshchilik qildi. Shundan keyin tunislik mutaxassis Nabil Maalulga bosh murabbiylik lavozimi ishonib topshirildi. Endilikda esa Suriyani hal qiluvchi o‘yinlarga Nizar Maxruz tayyorlamoqda.
Livan – bosh murabbiy Ivan Gashek (Chexiya)
6 sentabr kuni 58 yoshni qarshi olgan Gashek shu yildan e’tiboran Livan terma jamoasini boshqarishga kirishdi. U 2009 va 2011 yillar oralig‘ida Chexiya terma jamoasiga ham ustozlik qilgan. Gashek 2011 yildan beri faoliyatini Osiyoda davom ettirib kelyapti. Shu kungacha Saudiya Arabistoni, Qatar va BAAning yetakchi jamoalarini boshqardi. Murabbiylik faoliyatida ikkinchi bor terma jamoada ishlayapti. Hozircha “A” guruhida Livan ikkita o‘yin o‘tkazib, bir bor durang o‘ynab, mag‘lubiyatga uchradi.
Iroq – bosh murabbiy Dik Advokat (Niderlandiya)
27 sentabr kuni 74 yoshni qarshilaydigan niderlandiyalik mashhur murabbiy yaqindagina Iroq terma jamoasini qabul qilib oldi. Yaxshi bilasiz, iroqliklarni JCH-2022 uchinchi saralash bosqichiga sloveniyalik Srechko Katanes olib chiqdi. Keyin voqealar rivoji o‘zgarib, Katanes O‘zbekiston milliy terma jamoasini qabul qilib oldi, iroqliklar esa uning o‘rniga Dik Advokatni olib kelishdi. Uni sizlarga ortiqcha ta’riflash shart emas. Butun dunyo taniydigan murabbiy. Oxirgi marta Niderlandiyada “Feyenoord” klubini boshqarib, 23 may kuni murabbiylik faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi. Ammo iroqliklarning juda yaxshi taklifi Dikning qarorini o‘zgartira oldi. Hozircha Iroq Advokat boshchiligida bittadan durang va mag‘lubiyat qayd etib turibdi.
“V” guruhi
Avstraliya – bosh murabbiy Grem Arnold (Avstraliya)
Avstraliya “V” guruhining favoriti bo‘lib turibdi. Ikkita o‘yinda ikkita g‘alaba. Jahon chempionatiga chiqish uchun asosiy nomzod. Terma jamoani 2018 yildan beri mahalliy murabbiy Grem Jeyms Arnold boshqarib kelyapti. Undan avval “Sidney” klubiga ustozlik qilganini qo‘shimcha qilish joiz. Arnold mamlakat bosh jamoasini boshqarish jarayonida Osiyo futbolini yaqindan o‘rgandi. Oxirgi paytlarda mundialning muntazam ishtirokchisi bo‘lib kelyapti. Bu safar ham katta ehtimol bilan Avstraliya Grem Arnold boshqaruvida Qatardagi jahon chempionati ishtirokchisiga aylanishi kutilyapti.
Saudiya Arabistoni – bosh murabbiy Erve Renar (Fransiya)
Saudiyaliklar ikkinchi saralash bosqichida bizni qoldirib ketganini aytmasak ham yaxshi bilasiz. Ikkala o‘yinda ham Renar jamoasi O‘zbekiston darvozasiga uchta gol urdi. Uchinchi saralash bosqichini ham g‘alabalar bilan boshladi. Avvaliga Vetnamni 3:1, keyin safarda Ummonni 1:0 hisoblarida yengdi. Erve Renar Saudiya Arabistoni termasida argentinalik Xuan Antonio Pitssining o‘rnini egallagan. Hozircha fransiyalik mutaxassisning saudiyadagi ishlari besh! Agar shu ruhda davom etsa, bu terma jamoani navbatdagi mundialda kutavering!
Ummon – bosh murabbiy Branko Ivankovich (Xorvatiya)
Ummonliklar bosh murabbiy masalasida yaxshi tanlovni amalga oshirishgan. O‘tgan yili xorvatiyalik Branko Ivankovich mamlakat terma jamoasini boshqarishga kirishdi. Xorvatiya va Eron terma jamoaridan keyin Ummon termasiga ham ustozlik qilyapti. Ivankovichni ayniqsa, Erondagi faoliyati orqali yaxshi bilamiz. JCH-2022 uchinchi saralash bosqichini shov-shuvli g‘alaba bilan boshladi. 2 sentabr kuni Yaponiyada Osiyoning eng kuchli jamoasini mag‘lubiyatga uchratib qaytdi. Lekin o‘sha g‘alabadan biroz havolanib ketdimi, bilmadigu, ikkinchi turda o‘z maydonida Saudiya Arabistoniga 0:1 hisobida yutqazib qo‘ydi. Aftidan, Ivankovich Ummon bilan yaxshigina sarguzashtlarga tayyorlangan ko‘rinadi.
Yaponiya – bosh murabbiy Xajime Moriyasu (Yaponiya)
53 yoshli Xajime Moriyasu 2018 yildan beri yaponlarning bosh murabbiyi bo‘lib kelyapti. Uning asosiy orzusi Yaponiyani jahon chempionatiga olib chiqishdan iborat. Moriyasu bungacha Yaponiya U-23 terma jamoasini boshqargan. Oxirgi yillarda terma jamoa safida iqtidorli yoshlar ko‘paygani bevosita ushbu murabbiy bilan bog‘liq. Chunki u olimpiya terma jamoasidagi ishi orqali ko‘plab o‘yinchilarni kashf qildi. Yaponiya hamma vaqt Osiyoning birinchi raqamli jamoasi bo‘lib kelgan. Xajime Moriyasu boshchiligida yaponlar 2019 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqichida O‘zbekistonni 2:1 hisobida mag‘lub etgani yodimizda.
Vetnam – bosh murabbiy Pak Xan So (Janubiy Koreya)
Vetnam futboli so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘sishga erishyapti. Buni ularning natijalaridan bilish qiyin emas. Mana, bu safargi mundialning oxirgi saralash bosqichigacha yetib keldilar. Mamlakat bosh jamoasiga janubiy koreyalik 62 yoshli Pak Xan So ustozlik qilyapti. U 2017 yildan beri bosh murabbiy lavozimida ishlab kelyapti. Ungacha mamlakat yoshlar terma jamoasini ham boshqargan. Qisqasi, koreyalik murabbiy Vetnam futbolini juda yaxshi biladi. Terma jamoaning darajasi o‘sib borayotganida Pak Xan Soning ham qo‘shayotgan hissasi katta. Ammo hozircha “B” guruhida Vetnam ikkita o‘yinda ikkita mag‘lubiyatga uchradi. Saudiya Arabistoni hamda Avstraliya kabi guruh yetakchilariga qarshi kechgan birin-ketin o‘yinlarda Vetnamning kuchi yetmadi.
Xitoy – bosh murabbiy Li Te (Xitoy)
Xitoy terma jamoasi ham Vetnam singari ikkita o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Avstraliyada yirik hisobda yutqazgan bo‘lsa, o‘z uyida Yaponiyaga ham kichik hisobda yengildi. Terma jamoani mahalliy murabbiy Li Te boshqaryapti. U 18 sentabr kuni 44 yoshni qarshi oladi. O‘tgan yildan beri rasmiy ravishda Xitoy milliy terma jamoasida bosh murabbiy vazifasida ishlab kelyapti. Uning oldiga jamoani jahon chempionatiga olib chiqish vazifasi qo‘yilgan. Li Te bu maqsadga bosqichma-bosqich erishishni ko‘zlagan. Oxirgi manzilga yetib keldi. Ammo uning jamoasiga qiyin bo‘layotganini hozirdanoq ko‘rish mumkin. Ikkita mag‘lubiyat va endi ularni yutqazishga haqqi yo‘q. Aks holda...
12 ta terma jamoani 8 nafar xorijlik murabbiylar boshqarayotgani e’tiborga molik. Faqatgina Yaponiya, Suriya, Avstraliya va Xitoyga mahalliy mutaxassislar boshchilik qilmoqda. Xorijlik murabbiylar boshqarayotganlar orasida Xorvatiya va Niderlandiyadan ikkitadan mutaxassis bor.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”