Shu kunlarda “ko‘hna qit’a” jamoalari UYEFA shafe’ligida o‘tkazilayotgan uch turnir – Chempionlar ligasi, Yevropa Ligasi va Konferensiyalar ligasida g‘oliblik uchun kurashmoqda.
Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Roma” Konferensiyalar ligasi guruh bosqichidagi bahslarga kirishadi. Legionerimiz avvalroq, jurnalistlarga bergan intervyusida jamoaning joriy mavsumdagi vazifasi Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish va Konferensiyalar ligasida bosh sovrinni qo‘lga kiritish ekanini ta’kidlagandi.
O‘tgan mavsumda A Seriyada yettinchi o‘rinni egallagani uchun ushbu turnirda qatnashayotgan “Roma” pley-offning oxirgi raundida Turkiyaning “Trabzonspor” jamoasi bilan kuch sinashib, ikki uchrashuvda ham zafar quchdi – 2:1, 3:0. Biz uchun ahamiyatlisi, Eldor Shomurodov debyut o‘yinida turklar darvozasiga g‘alaba to‘pini kiritib, javob o‘yinida gollardan biriga katta hissa qo‘shdi.
Ayni paytda o‘zbekistonlik muxlislarning ko‘pchiligini Eldor Shomurodovning “Roma”dagi holati qiziqtirmoqda. Shomurodov Rim klubiga qo‘shilishi bilan asosiy tarkibga loyiq o‘yin ko‘rsata boshladi. Biroq Rimga qimmat transferli futbolchi Temmi Abraxamning kelgani hamyurtimizning imkoniyatlarini chegaralab qo‘ygani bor gap.
Joze Mourino asosan bir hujumchi bilan o‘ynamoqda va bu taktikada maydonga “Chelsi” vakili tushirilishi kafolatlangan. Eldor o‘ziga berilgan 10-20 daqiqa ichida ham jamoaga foyda keltirishga ulgurmoqda. Xususan, A Seriyaning uchinchi turida Shomurodov “Sassuolo”ga qarshi 74-daqiqada o‘yinga tushirilgan bo‘lsa-da, g‘alaba goliga assistentlik qildi va Mourinoning yubiley – 1000-uchrashuvida tarixiy g‘alabaga katta hissa qo‘shdi.
Ko‘pchilik mutaxassislar Mourino Konferensiyalar ligasi va Italiya kubogi doirasidagi uchrashuvlarda Temmi Abraxam o‘rniga Eldor Shomurodovga ko‘proq imkoniyat berilishini kutyapti. Har holda, futbolda shunday tajriba ko‘p qo‘llaniladi.
Konferensiyalar ligasining “S” guruhidan joy olgan “Roma” 16 sentabrga belgilangan dastlabki turda o‘z maydonida Bolgariyaning SSKA jamoasini qabul qiladi. Bu ikki jamoa o‘z guruhidan keyingi bosqichga chiqish uchun asosiy da’vogarlardan hisoblanadi.
Uchrashuv oldidan rimliklarning imkoniyati yuqori baholanyapti. Chunki “Roma” mavsumni yuqori darajada boshladi va ketma-ket beshta rasmiy uchrashuvda g‘olib chiqdi. Raqiblar darvozasiga jami 14 ta to‘p kiritdi va uchta bellashuvda bittadan gol o‘tkazib yubordi.
Stoyko Mladenov bosh murabbiylik qilayotgan SSKA klubi musobaqaning guruh bosqichiga ancha qiynalib chiqdi. Sofiyaliklarning Latviyaning “Liyepaya” jamoasiga qarshi ikki bahsida hisob ochilmadi va SSKA penaltilar seriyasidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Keyingi bosqichlarda bolgariyaliklar “Osiyek” (Xorvatiya) va “Viktoriya” (Chexiya) jamoalarini qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, ortda qoldirib, guruh bosqichiga yetib keldi.
Milliy chempionatda SSKA hozircha to‘rtta uchrashuv o‘tkazib, uchta g‘alaba va bitta durang qayd etgan.
“Roma” va SSKA xalqaro maydonda bir bora o‘zaro to‘qnash kelgan. Ustunlik sofiyalik “armiyachilar” tomonida. 2020 yili Yevropa Ligasi guruh bosqichida bolgariyaliklar o‘z maydonida rimliklarni 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. “Olimpiko” arenasidagi uchrashuvda esa hisob ochilmagan.
Konferensiyalar ligasining “S” guruhida bu ikki jamoadan tashqari Ukraining “Zarya” va Norvegiyaning “Bude-Glimt” klublari ham o‘rin olgan. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi