10:32 / 19.09.2021
2 255

Supergol urgan legionerimiz nimalar dedi?

Supergol urgan legionerimiz nimalar dedi?
Belarus chempionatining 3-turida BATEdagi legionerimiz Shahboz Umarov chempion jamoa – “Shaxtyor-Soligorsk” darvozasiga supergol kiritib, jamoasiga qimmatli uch ochkoni keltirdi. Ushbu g‘alabadan so‘ng, BATE futbolchilari musobaqa jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

BATE klubi matbuot xizmati uchrashuvdan keyin o‘yin qahramoni bo‘lgan Shahboz Umarovdan intervyu oldi. O‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga ushbu intervyuning tarjimasini havola etamiz.

- Hissiyotlarimizning cheki yo‘q. Biz asosiy raqobatchimizni quvyapmiz va bu uch ochko jamoa uchun juda kerak edi. Natijada g‘alaba qozondik va hammaning kayfiyati a’lo darajada.

- Noqulay ob-havo sharoitida o‘ynash og‘irlik qilmadimi?
- Nega endi? Haqiqiy futbol havosi. Angliyaniki! Ha, agar behazil aytadigan bo‘lsam, maydonning ayrim joylari ko‘lmak bo‘lib, to‘p to‘xtab qoldi. Umuman olganda esa, hammasi joyida. Men shunaqa oh-havoni yaxshi ko‘raman. Yomg‘ir yog‘ayotganda charchamaysan.

- O‘z golingni ta’riflab ber. Aslida bu zarba emas, to‘p uzatish edimi?
- Ha. Kuchli va darvoza tomon yo‘llangan to‘p edi. Kimdir unga teginib, gol urishini mo‘ljallagandim. Natijada to‘p hech kimga tegmay, to‘g‘ri darvozaga kirib ketdi.

- Kiyim almashtirish xonasida sheriklaring senga nima deyishdi?
- Nega faqat menga gapirishlari kerak? Hammaning quvonchi cheksiz edi. So‘nggi daqiqalardagi g‘alaba – doimo o‘zgacha hissiyotlar beradi. Hozir uyga qaytib, biroz hordiq chiqarib, yana mashg‘ulotlarga sho‘ng‘iymiz. Oldinda “Rux”ga qarshi yana bir juda muhim uchrashuv bor.

- BATE peshqadamga aylandi. Lekin “Shaxtyor-Soligorsk” zaxirasida yana uchta o‘yin bor.
- Biz o‘zimizga ishonamiz. Chempionlik poygasi davom etadi. Biz bu poygada boshqalarga qarab o‘tirmaymiz. Birinchi navbatda, oldimizdagi o‘zimizning vazifalarimizni bajarishimiz kerak. Birorta uchrashuvni boy bermasligimiz shart. U yog‘ini keyin ko‘ramiz. Hammasi o‘z qo‘limizda ekaniga ishonchim komil!

Shahboz Umarov o‘tgan mavsumda “Energetik-BGU” tarkibida BATE darvozasiga uzoq masofadan supergol urganidan keyin Belarusning eng qudratli jamoasi hisoblangan ushbu klub uni transfer qildi. O‘tgan yili “Energetik-BGU” borisovliklarni har ikki davrada yenggan yagona klub bo‘ldi. Birinchi uchrashuvda Jasur Yaxshiboyev g‘alabani ta’minlagan bo‘lsa, Borisovdagi bahsda Shahboz Umarov o‘yin qahramoni bo‘lgandi.

Yangi mavsumni ngi jamoa safida boshlagan legionerimiz bu yerda ham o‘zini ko‘rsata oldi. Dastlabki turlardan gol va golli paslar muallifi bo‘ldi va jamoa yetakchisiga aylandi. Shahboz Umarov BATE tarkibida 22 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga oltita gol urdi va jamoadoshlarini yetti marotaba golli uzatma bilan ta’minladi.

Shahboz Umarov yetakchiligidagi BATE oliy liganing navbatdagi uchrashuvini 25 sentabr kuni safarda “Rux” futbolchilariga qarshi o‘tkazadi. “Rux” joriy mavsumda “Shaxtyor-Soligorsk” mag‘lub eta olgan birinchi jamoa hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Supergol urgan legionerimiz nimalar dedi?