13:56 / 21.09.2021
1 834

«Surxon» sobiq futbolchilari qay tarzda kaltaklanganini so‘zlab berdi

«Surxon» sobiq futbolchilari qay tarzda kaltaklanganini so‘zlab berdi
«Surxon» sobiq futbolchilari Javohir Esonqulov va Akrom Xo‘jayev klubning 4 nafar a’zosi tomonidan kaltaklangani va «Surxon» futbolchilarni klub rahbarini haqorat qilganlikda ayblayotgani haqida xabar berilgandi. «Mening Yurtim» telekanali futbolchilarning vaziyat borasidagi fikrlari bilan qiziqdi.

- "Biz «Surxon» klubi futbolchilarimiz, biz bilan shartnoma bekor bo‘lganini aytishdi. Biz bunga rozi bo‘ldik, faqat qarz bo‘lgan maoshlarimizni to‘lab berishlarini so‘radik. Fevral oyidan iyun oyiga qadar maoshlarimiz to‘liq to‘lab berilmadi. Nafaqat biz, balki boshqa futbolchilarda ham shu muammo bor.

Qo‘pol qilib aytganda, bizni ko‘chaga uloqtirib yuborishdi. Ikki hafta oldin maoshimizni so‘rab klub rahbarining yoniga bordik, u bizni haqorat qilib, haydab yubordi. Ustingizdan arz qilaman deganimizda, «xohlagan joyingga bor», dedi. Unday bo‘lsa, biz O‘zbekiston futbolchilar uyushmasiga borishimizni aytdik. Bunga javoban rahbar «bilganingni qil, kimga aytsang, ayt», dedi. Bundan g‘azablangan Javohir Esonqulov uning eshigi yoniga haqoratli yozuvni qoldirdi
", - dedi «Surxon» sobiq futbolchisi Akrom Xo‘jayev.

Futbolchilarning so‘zlariga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan kuni «Surxon» klubi a’zolari ularning maoshini olib ketish uchun klubga taklif qilgan.

«Kabinetga kirganimda, u yerda Abdumajid Toirov, Azim Ismatov, klub rahbari Azamat Abdurahmonov va jamoa sardori Asror G‘ofurov bor edi. Azamat stol ostidan yo‘g‘on tayoqni olib, kompyuterdagi yozuvni ko‘rsatdi va ‘buni sen yozdingmi’, deb so‘radi. Men yo‘q deb javob berdim. Keyin esa meni do‘pposlashni boshlashdi. Birinchi bo‘lib Azim urdi, keyin Asror. Yerga yiqildim, so‘ng Azamat kelib tayog‘i bilan ura boshladi. Urayotgan vaqtda ham sen yozdingmi deb qayta-qayta so‘radi. Men yo‘q dedim. Asror otvyortkani olib, ‘uni so‘yish kerak deya takrorlardi’. Azamat esa Abdumajid Toirovga ‘kel, oynani ochib, uni uloqtirib yuboramiz’, deya taklif bildirdi», — deb qo‘shimcha qildi Akrom Xo‘jayev.

«Abdumajid Toirov orqadan ushlab turdi, so‘ng do‘pposlashdi. Yozuvni men yozdim deb tan olganimdan so‘ng ham ular meni to‘xtamay do‘pposlashda davom etdi. Asror G‘ofurov esa «bu ham kam unga», deya atrofimda yurardi. Azamat Abdurahmonov jarayonni shunchaki kuzatib, bizga va kompyuter ekraniga qarab kulib o‘tirdi», — deydi Javohir Esonqulov.

Efirda ta’kidlanishicha, uni do‘pposlaganlar Javohir Esonqulovga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilib, da’vo arizasini qaytarib olishini iltimos qilgan.«Ha tto pul ham taklif qilishdi, lekin maqsadim pul emas», — deydi Javohir Esonqulov.

Arkom Xo‘jayev ham endi unga klubdan hech narsa kerak emasligini va oxirgicha borishini aytdi.
«Men oxirigacha boraman. Klubdan menga endi hech narsa kerak emas, bir tiyin ham olmayman. Bu yerda mening va do‘stimning g‘ururi poymol bo‘lgan» — deydi Akrom Xo‘jayev.

«Surxon» matbuot xizmati klub futbolchi Javohir Esonqulov bilan 2021 yilning 1 fevral kuni shartnoma imzolangani va ushbu shartnoma O‘zPFL tomonidan 2021 yilning 25 fevral kuni ro‘yxatdan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Mehnat shartnomasi 2021 yilning 1 fevralidan 2022 yilning 31 dekabriga qadar tuzilgan.

Klub keltirgan shartnoma hujjatlarida qayd etilishicha, Javohir Esonqulovning Termiz jamoasidagi oylik maoshi 5 682 000 so‘mni tashkil etgan. 12 foiz daromad solig‘ini olib tashlaganda, futbolchi har oy 5 million so‘m maosh olishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, futbolchi agarda mavsum oxirida klub 1—10-o‘rinlarning birida yakunlasa 95 million so‘m qo‘shimcha bonus sifatida pul olishi ko‘rsatilgan. 2022 yilda klub 1—8-o‘rinlardan birini egallasa, futbolchiga yana qo‘shimcha 95 million so‘m bonus puli berilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Foto: «Surxon» klubi matbuot xizmati
«Javohir Esonqulov ‘Surxon’ bilan shartnomasini o‘zaro bekor qilgan 2021 yilning 12 iyuliga qadar 27 600 000 (yigirma yetti million olti yuz ming so‘m) pul olgan. Demak, futbolchi fevral oyidan 1 iyuliga qadar 25 000 800 ming so‘m olishi kerak bo‘lgan, ammo futbolchi 27 600 000 ming so‘m olgan. +11 kunni qo‘shsak 5 000 160 / 31*11=1 774 250 so‘m. Esonqulov jami olishi kerak bo‘lgan mablag‘ – 26 775 050 so‘m bo‘lgan. Futbolchi olgan summa esa 27 600 000 so‘mni tashkil etadi. Yakuniy hisobni olsak, Javohir Esonqulov klubdan ortiqcha 842 950 so‘m olgan», — deyiladi klub bayonotida.

Shuningdek, «Surxon» Javohir Esonqulov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 12 iyul kuni har ikkala tomonning o‘zaro kelishuviga ko‘ra bekor qilinganini va futbolchi hech qanday moliyaviy e’tirozi yo‘qligi to‘g‘risidagi bekor qilish varog‘iga qo‘l qo‘yganini ma’lum qildi. Biroq klub 18 sentabr kuni bergan ma’lumotida shartnoma 21 iyul kuni bekor qilinganini bildirgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Surxon» sobiq futbolchilari qay tarzda kaltaklanganini so‘zlab berdi