17:35 / 30.09.2021
2 058

Mashhur darvozabon Kurtua Yaxshiboyev va Tillga tan berdi: Gollarning ijrosi mukammal edi!

Mashhur darvozabon Kurtua Yaxshiboyev va Tillga tan berdi: Gollarning ijrosi mukammal edi!
Chempionlar ligasi guruh bosqichining ikkinchi turida “Santyago Bernabeu” arenasida “Sherif” jamoasiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan “Real” yulduzlari mag‘lubiyatini tan oldi. Uchrashuvda moldovaliklarga g‘alaba keltirgan gollarni Jasur Yaxshiboyev va Sebastyan Till kiritdi. Mezbonlarning javob to‘piga penaltini aniq bajargan Karim Benzema mualliflik qildi.

E’tiboringizga uchrashuvda ishtirok etgan mashhur futbolchilarning o‘yin va raqib haqidagi fikrlarini havola etamiz.

Tibu Kurtua, “Real” darvozaboni:

- Biz ikkita gol o‘tkazdik, har ikki golning ijrosi mukammal edi. Biz g‘alabaga intilamiz va bu yo‘lda hamma narsa qilyapmiz, lekin himoyalanish ham kerak. Raqib darvozaboni zo‘r o‘ynadi, to‘p uning darvozasiga kirishni istamadi.

“Sherif” tarkibida tezkor futbolchilar bor va ular bizni qiynab qo‘ydi. Biz ularni pressing qilishga ulgurmadik. Bunaqasi bo‘lib turadi. Bundan oldin "Selta” va “Malorka”ga oson gol urgandik, bu gal penaltidan bitta to‘p kiritdik xolos. Raqibning ikkinchi goli ayniqsa chiroyli bo‘ldi.

Federiko Valverde, “Real” yarim himoyachisi:

- Afsuski, istaganimiz ro‘y bermadi. So‘nggi daqiqalargacha o‘zimizga ishongandik. Afsus, ba’zan nimanidir noto‘g‘ri qilgan uchrashuvlarimiz ham bo‘ladi. Har birimizda ayb bor. Agar raqib ikkinchi golni urmaganida, g‘alaba qozonishga imkoniyatimiz bor edi. “Sherif”ning ham o‘ziga yarasha ustun va zaif taraflari bor. Birinchi gol – ularning mehnati samarasi, ikkinchisi esa bizning xatomiz. Buni o‘zgartirish kerak. Biz himoyani unutib, oldinga tashlana olmaymiz.

Kazemiro, “Real” yarim himochisi:

- Bu futbol. Bu galgi uchrashuvda bir jamoa darvoza tomon 20 dan ortiq zarba berdi, yaxshi o‘ynadi. Ikkinchisi esa chuqur himoyalandi, ikki marta zarba berib, bir juft gol urdi. Futbolda bunaqasi uchrab turadi. Biz esa, himoyaga ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak. Uchrashuvda yutqazishning bir necha turi bo‘ladi. Ha, biz bu gal yutqazdik. Biz ko‘p harakat qildik, raqib darvozaboni jamoasini ko‘p marta qutqardi. Biz ularni tabriklashimiz kerak.

O‘yin davomida nazoratni to‘liq ushlab turdik, yana gol urish uchun imkoniyatlarimiz ham bo‘ldi. Bu mavsumda yomon o‘ynagan lekin oxir-oqibat raqibni mag‘lub etgan uchrashuvlarimiz ham ko‘p bo‘ldi. Hozir esa, buning teskarisi bo‘ldi. Demak, o‘z imkoniyatlaringdan foydalanmas ekansan, bu senga qimmatga tushishi mumkin ekan.

Darhaqiqat, “Sherif” ushbu tarixiy g‘alabadan so‘ng, “Real” qarshi Chempionlar ligasi doirasidagi ilk uchrashuvida madridliklarni “Santyago Bernabeu”da mag‘lub etgan to‘rtinchi jamoaga aylandi. Bungacha, 1962 yilda “Yuventus”, 2006 yilda “Arsenal” va 2009 yilda “Liverpul” Chempionlar ligasida “Real”ga qarshi o‘tkazilgan birinchi o‘yinida Madriddan g‘alaba bilan qaytgan edi.

“D” guruhida olti ochko bilan birinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan “Sherif” futbolchilari navbatdagi uchrashuvni 19 oktabr kuni Milanda Italiya chempioni “Inter”ga qarshi o‘tkazadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mashhur darvozabon Kurtua Yaxshiboyev va Tillga tan berdi: Gollarning ijrosi mukammal edi!