23:02 / 01.10.2021
2 040

Maksim Shatskix: "Real"ga urgan gollarimni yaxshi eslayman, Jasur esa o‘z tarixini boshlashga kirishdi"

Maksim Shatskix: "Real"ga urgan gollarimni yaxshi eslayman, Jasur esa o‘z tarixini boshlashga kirishdi"
Hamyurtimiz Jasur Yaxshiboyev haqida juda ko‘p yozilyapti. U bunga arziydi. Axir “Real” darvozasini ishg‘ol qilar ekansan, albatta seng haqingda tinmay yozilishi tabiiy. Ayniqsa, Jasurning Madridda urgan golidan keyin darhol Maksim Shatskixning ham “Real” darvozasiga kiritgan gollari yodga olinyapti.

2006 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichida Kiyevning “Dinamo”si o‘z uyida “Real”ni qabul qilgan va unda 2:2 hisobi qayd etilgan. O‘sha bahsda Shatskix dublga erishgandi.

Shu tariqa, Maksim “Qirollik klubi” darvozasiga gol urgan ilk o‘zbek o‘yinchisiga aylangandi. Yaxshiboyev bo‘lsa, “Santyago Bernabeu”da gol urgan holda ilk o‘zbekistonlik futbolchi bo‘ldi va tarixga kirdi. Sports.uz muxbiri Shatskix bilan Yaxshiboyev haqida gaplashdi.

- Maksim Aleksandrovich, “Sherif”ning “Real”ga qarshi o‘yinini ko‘rdingizmi? Moldovaliklarning g‘alabasi siz uchun syurpriz bo‘ldimi?
- Ha, o‘yinni albatta ko‘rdim. O‘ylaymanki, “Sherif”ning kimsan “Real”dek buyuk klub ustidan erishgan g‘alabasi hamma uchun yoqimli syurpriz bo‘ldi. Futbolda mana shunday kutilmagan natijalar qayd etib turilishi uchun ham bu o‘yinni hamma yaxshi ko‘radi.

- Jasur Yaxshiboyev “Santyago Bernabeu”da gol urgan ilk o‘zbek futbolchisiga aylandi. Uning o‘yini haqida fikringiz qanday?
- Yaxshi o‘ynadi. Boz ustiga jamoasi yutdi. Bu zo‘r ish, albatta. U katta futboldagi yo‘lini endi boshladi. Aytish mumkinki, Yaxshiboyev bu yo‘lni ajoyib tarzda boshlay oldi.

- Siz 2006 yili Kiyevda “Real” darvozasiga ikkita gol urgansiz. 15 yildan keyin ikkinchi o‘zbekistonlik futbolchi “Real”ga gol urdi. Siz qachondir bu natijangiz takrorlanishini kutganmisiz yoki bu borada tanho qolmoqchimidingiz?
- Albatta, hammasini yaxshi eslayman. Ammo bu o‘tmishga aylangan. Jasur esa o‘z tarixini boshlashga kirishdi. Unda hammasi hali oldinda.

- Yaxshiboyev haqida Ukrainada nima deyishyapti? “Real” darvozasiga kiritgan goli uning tashrif qog‘oziga aylandi, deb o‘ylaysizmi?
- Albatta gapirishyapti. Ammo hammasi umumiy ma’noda bo‘lib, “Sherif” va uning bosh murabbiyi haqidagi gap-so‘zlardir. Yuqorida aytganimdek, gaplar umumiy ma’noda, alohida bir o‘yinchi yoki murabbiy ko‘rsatilmayapti. Jasurga kelsak, bundan keyin shu darajada o‘ynashda davom etmog‘i kerak.

- Jasurning o‘yinini doimiy ravishda kuzatyapsizmi? Uning asosiy ustunligi nimada deb o‘ylaysiz?
- Albatta, u yaxshi o‘yinchi va hujumdagi vazifasini ajoyib uddalayapti. Lekin yuqori darajada to‘p surish uchun futbolchi har kuni o‘z ustida ishlamog‘i darkor. Nazarimda, undan ikkinchi Shatskix chiqadi, deyish to‘g‘ri bo‘lmasdi. Chunki Maksim Shatskix yagona (kuladi).

- Sizningcha, “Real” raqibini mensimadimi yoki Yaxshiboyevning goli hammasini o‘zgartirib yubordimi?
- “Sherif” “Santyago Bernabeu”da uyushqoqlik bilan to‘p surdi. Nazarimda, “Real” raqibini mensimagani yo‘q. Lekin jamoaning o‘yini qovushmadi. Futbolda falon jamoaning kuni ekan, degan gaplar yuradi. Shunchaki, o‘sha kun “Real”niki emas ekan. “Sherif”ga esa qoyil!

- Uni endi terma jamoadagi imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Eng asosiysi, gollarni kiritish. Uni qayerda va qaysi jamoa darvozasiga urishning esa ahamiyati yo‘q. Terma jamoa masalasiga kelsak, Jasur Yaxshiboyev borasida bosh murabbiydan so‘raganingiz ma’qul. Men bu xususida bir nima deyishga ojizman. O‘ylaymanki, “Real” darvozasiga urilgan goldan so‘ng, Jasurni albatta terma jamoaga chaqirishadi. Terma jamoa uchun mana shunday ijrochilar suv va havodek kerak. O‘ylaymanki, “Real”ga qarshi o‘yin Jasur Yaxshiboyev uchun bundan keyin terma jamoa eshigini lang qilib ochib beradi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maksim Shatskix: "Real"ga urgan gollarimni yaxshi eslayman, Jasur esa o‘z tarixini boshlashga kirishdi"