09:39 / 06.10.2021
2 611

"Yana tez orada O‘zbekistonga qaytaman" yoxud "o‘zbek"ka aylangan Arbeloa!

"Yana tez orada O‘zbekistonga qaytaman" yoxud "o‘zbek"ka aylangan Arbeloa!
Bugun Bekobod shahrida “Metallurg” PFK qoshida faoliyat yuritadigan “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Toshkent viloyati hokimligi, mamlakat futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston metallurgiya kombinati AO boshqaruvi rahbariyati, o‘zbek futboli faxriylari hamda “Real” (Madrid) futbol klubidan tashrif buyurgan nufuzli mehmonlar qatnashgan marosim tadbir ishtirokchilari – akademiya tarbiyalanuvchilar, murabbiylar shtabi, Bekobod ahli va uning mehmonlarida olamshumul taassurot qoldirdi.

Tantanali ochilish marosimini Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov kirish so‘zi bilan ochib berdi. “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasi nafaqat viloyatda, balki butun Respublikamizda yetakchi futbol dargohlaridan biriga aylanishiga, mamlakatimiz futboliga iste’dodli yoshlarni yetkazib berishiga ishonch bildirdi.

Qisqa fursat ichida katta bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan O‘zbekiston metallurgiya kombinati AO boshqaruvi rahbariyatiga, qurilish ishlarida ishtirok etgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng, so‘zga chiqqan Bekobod shahar hokimi Zafar Fayzullayev, O‘zbekiston metallurgiya kombinati AO boshqaruvi raisi Rashid Pirmatov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi faxriylar kengashi raisi To‘lagan Isoqovlar mamlakatimizda sportni, xususan uning eng ommaviy turi – futbolni rivojlantirishga hukumat miqyosida katta e’tibor berilayotganligi haqida to‘xtalishdi.

Bugundan rasman faoliyatini boshlayotgan “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasi ham mana shu e’tiborning mevasi ekanligini ta’kidlashdi. O‘z navbatida “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasi tez orada o‘z samarasini berishini, uning tarbiyalanuvchilari orasidan xalqaro arenalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya etuvchi yoshlarning kamolga yetishiga tilak bildirishdi.

Shundan so‘ng “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasi tantanali ochilish marosimiga Ispaniyadan – “Real” (Madrid) futbol klubidan maxsus elchi sifatida tashrif buyurgan – qirollik klubining yaqin o‘tmishdagi mashhur futbolchilaridan biri, jahon chempioni, ikki karra Yevropa chempioni, Ispaniya chempioni, Ispaniya Kubogi, Superkubogi sohibi, UYEFA chempionlari ligasi g‘olibi, UYEFA Superkubogi sohibi, klublar o‘rtasidagi jahon chempioni Alvaro Arbeloaga so‘z berildi.

Ayni paytda “Real” (Madrid) akademiyasida U-14 jamoasida bosh murabbiy bo‘lib faoliyat yuritayotgan Arbeloa O‘zbekistonga tashrifidan unutilmas taassurotlar olganligini, qirollik klubining an’analari endilikda Bekobod shahrida, Toshkent viloyatida – “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasida davom ettirilishidan xursandligini qayd etdi. Bu kabi akademiyalar nasib bo‘lsa Osiyo qit’asida O‘zbekistondan boshqa mamlakatlarda ham ochilishini juda istashini ta’kidladi. O‘zbekistonga esa keyingi mavsumda “Real” (Madrid) klubi tomonidan sport yo‘nalishidagi boshqa ijtimoiy tadbirlarga yana kelmoqchi ekanligini aytib o‘tdi. “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasining ish faoliyatiga esa katta muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tiladi.

Tadbir so‘ngida so‘z olgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov o‘zbek futboli taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan Toshkent viloyati hokimligiga, O‘zbekiston metallurgiya kombinati AO boshqaruviga minnatdorlik bildirdi. “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasi mamlakatimizning eng ilg‘or futbol dargohlaridan biriga aylanishiga ishonch bildirdi. Yaqin kelajakda mazkur akademiya tarbiyalanuvchilari orasidan Birodar Abduraimov, To‘lagan Isoqov, Eldor Shomurodov, Jasur Yaxshiboyev singari mashhur futbolchilar yetishib chiqishiga tilak bildirdi.

Shundan so‘ng, “Real” (Madrid) futbol klubi hamda O‘FA, O‘zbekiston metallurgiya kombinati AO vakillari o‘rtasida esdalik sovg‘alarini almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasining tantanali ochilganligini bildiruvchi futbol to‘pi – tugmasi bosildi.

Tantanali ochilish marosimi yakuniga yetganidan so‘ng tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarning “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasi bilan tanishuv tadbiri boshlandi. Qisqa fursat ichida qurib foydalanishga topshirilgan akademiya o‘quv-sinf xonalari, konferensiya zallari, tibbiyot xonalari, xorij tillari – ispan va ingliz tillaridan chuqurlashtirilgan holda ta’lim beriluvchi maxsus jihozlar bilan ta’minlangan sinf xonalari, akademiya tarbiyalanuvchilarining mashg‘ulotlarini tahlil etishga moslashgan video ko‘rik zallari, 200 dan ziyod tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan yotoqxona, oshxona singari bo‘limlar ko‘zdan kechirildi.

“El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasining katta majlislar zalida O‘zbekiston metallurgiya kombinati AO boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Dilshod Ahmedov, “Real” (Madrid) futbol klubi elchisi Alvaro Arbeloa, “El Golazo” ta’sischisi Zokirjon Xoliqovlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Matbuot anjumani ishtirokchilari ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga javob qaytarishdi. Arbeola matbuot anjumanida quyidagilarni aytdi:

- Hammaga rahmat. O‘zbekistonga kelishimdan maqsad “El Golazo” va “Real Madrid foundation” asosida tashkil etilgan futbol akademiyasini ochish. O‘ylaymanki, yana tez orada O‘zbekistonga qaytaman va yangi loyihalarimiz asosida sizlar bilan ishlashda davom etamiz.

O‘zbekistonda boshlagan ushbu loyihamiz birinchisi. Lekin O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga mana shunday loyihalarni joriy qilish niyatimiz bor.

To‘g‘risini aytsam, mana shu loyihani boshlaganimiz uchun faxrlanyapman. 2022 yilda O‘zbekistonda ijtimoiy sport maktablarini ham rivojlantirishni rejalashtirganmiz. Aynan shu loyiha bo‘yicha ham faoliyat olib bormoqchimiz, - dedi Alvaro Arbeloa.

Matbuot anjumani yakunlangach, “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasi binosi oldida barpo etilgan futbol maydonida Alvaro Arbeloa akademiya tarbiyalanuvchilari uchun master-klass mashg‘ulotini o‘tab berdi. Tantanali ochilish marosimiga bag‘ishlangan barcha tadbirlar yakunida nufuzli mehmonlarga O‘zbekiston metallurgiya kombinati AO, “Metallurg” PFK tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir tugagach mehmonlar poytaxtga – Toshkent shahriga jo‘nab ketishdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Yana tez orada O‘zbekistonga qaytaman" yoxud "o‘zbek"ka aylangan Arbeloa!