09:00 / 13.10.2021
2 633

4 yil oldin 170 kg tosh bosgan, raqibi sabab sportga qayta olgan Tayson Fyuri hikoyasi

4 yil oldin 170 kg tosh bosgan, raqibi sabab sportga qayta olgan Tayson Fyuri hikoyasi
Tayson Fyuri 2015 yilda 11 yildan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Vladimir Klichkoni yengib, mashhurlikka erishgandi. O‘sha vaqtda «lo‘lilar qiroli» 27 yoshda edi va shonli g‘alaba unga og‘irlik qildi: depressiyaga tushdi, narkotik moddalarga o‘rganib qoldi va juda ko‘p vazn yig‘di.

«Menda faqatgina bitta maqsad bo‘lgan — Klichkoni yengish. Bu mening yo‘ldan og‘ishmasligimga sabab bo‘lardi. Uni olib qo‘yishganidan so‘ng menda motivatsiya qolmadi. Endi menda yashashga ishtiyoq qolmadi va 27 yoshimda o‘lishga tayyor edim», — deya tan olgandi Tayson Fyuri.

Foto: Getty Images
Gap shundaki, Tayson bipolyar tushkunlikdan aziyat chekardi, chempionlikdan so‘ng u nazoratni yo‘qotdi. Fyuri ikki yil davomida janglarda ishtirok etmadi (Klichko bilan revansh ham bekor qilindi), undan kamar olib qo‘yildi, doping tekshiruvida esa bokschining qonida kokain borligi aniqlandi. Fyuri g‘azabda va qaysidir pallada o‘zini o‘ldirishga ham tayyor edi:

«2016 yil men yangi Ferrari xarid qildim, tezlikni oshirdim va ko‘prik tomon yo‘l oldim. Menga farqi yo‘q edi, hayotim haqida unutgandim. Ammo yaqin qolganimda, miyamda bir ovoz jaranglardi: ‘Yo‘q, Tayson, bunday qilma! Otasiz katta bo‘lishi mumkin bo‘lgan farzandlaring, oilang haqida o‘yla’».

O‘sha paytda Fyuri umidsiz ko‘ringandi — uning qaytishiga hech kim ishonmadi, internetga joylangan rasm esa shikoyatlarga sabab bo‘ldi. Bir yil avval Klichkoni mag‘lub etgan chempion bugun 170 kilogrammli insonga aylangandi.

Foto: Getty Images
«Bokscha chanqoqmanmi? Men cho‘chqaga o‘xshab semirganman va faqatgina buterbrod haqida orzu qilaman», — deb hazilomuz javob qaytargandi Tayson jurnalistlarning qaytish haqidagi savoliga. Lekin Fyuri kulgi ortiga uni bokschi sifatida ko‘mib qo‘ya oladigan jiddiy muammolarni yashirgan edi.

Fyuri boksga qayrishga qaror qilgunga qadar, deyarli ikki yil depressiyada yashadi. Qaytish qarori ham kutilmaganda, Hellouin bayramida qabul qilindi.

- "Men skelet kostyumini kiygandim, o‘shanda 29 yosh bo‘lganman, qolganlar esa mendan kichik edi. Shunda o‘yladim: yashashdan maqsadim shumi? Uyga bordim, qorong‘i xonada o‘tirdim, skelet kostyumini yechdim va Xudodan yordam berishini so‘radim. Avval ibodat qilmasdim, lekin bu safar ko‘zlarimdan yosh chiqdi. Birinchi marta barchasi yaxshi bo‘lishini his qildim. Bunga o‘zim kela olmasligimni bilardim", - deydi Tayson Fyuri.

2017 yilning so‘ngida Fyuri mashg‘ulotlarga qaytdi. Odatda, janglar oldidan Tayson 120 kg vaznda bo‘lardi. Demak, 60 kg vazn yo‘qotish kerak. O‘sha vaqtda yengib bo‘lmas Deontey Uaylder ustidan g‘alaba qozonish sobiq chempion uchun motivatsiya bo‘lib xizmat qildi.

Foto: Getty Images
Amerikalik bokschi 39 ta g‘alabaga (shundan 38 tasini nokaut orqali) erishgandi. Uaylder Mayk Taysonga qiyoslanar, o‘z zamonasining eng qo‘rqinchli og‘ir vazn toifa vakili, deb tan olinardi. Fyuri uchun Deontey yangi Klichkoga aylandi va mashg‘ulotlarga qaytishiga sababchi bo‘ldi.

Dekabr oyida Tayson trilogiya boshlanishi uchun turtki bo‘lgan videoni tarmoqlarga joyladi. Semiz va formasini yo‘qotgan Fyuri yugurishga chiqdi va Eminemning «Without Me» («Mensiz») qo‘shig‘i sadolari ostida Uaylderga murojaat qildi:

«Topingchi, kim qaytdi? Yagona va takrorlanmas. ‘Bronza bombardir’ Deontey Uaylderga murojaat qilyapman. Menga motivatsiya bergani uchun unga minnatdorchilik bildiraman. Endi buni uddalay olmayman va hammasi tugadi deb o‘ylagandim. Sen tomon yuryapman. Sening oldinga qaytaman!».

Fyuri 2018 yilda ringga chiqish uchun mashg‘ulotlarga qaytdi. Tayson doim semiz bo‘lgan, lekin oxirgi vaqtlarda yanada semirib ketgandi va zalda shunchaki kulgili ko‘rinardi:

Qat’iy rioya qilingan diyeta va mashg‘ulotlar foyda berdi — Fyuri 60 kg vazn yo‘qotdi. 2018 yil iyun oyida Tayson 125 kg vazn bilan Sefer Seferi, avgustda 117 kg vazn bilan Franchesko Pyanetaga qarshi ringga chiqdi. Fyuri ikki yil davomida dahshatli ahvolga solgan tanasini qisqa muddatda o‘z holiga qaytara olgani juda ajoyib natija.

Fyurining formaga qaytishiga diyetolog Greg Marriott yordam berdi: u bokschi uchun kam uglevodga ega diyetani ishlab chiqdi (Tayson kuniga 3500 kaloriya iste’mol qilishi lozim edi) va rejim buzilmasligini qattiq nazorat qildi. Buning uchun u bokschiga ba’zan sevimli taomi — an’anaviy britancha «fish and chips» (kartofel bilan qovurilgan baliq) iste’mol qilishiga ruxsat berardi.

«Fyuri shunchaki vazn tashlamadi, balki kayfiyatini ham joyiga keltirdi. Bu juda muhim edi, chunki mamnun jangchi — xavfli jangchi», — deb hisoblaydi diyetolog.

Foto: Getty Images
Keyin esa tarix yozildi: Fyuri yengilmas Uaylder bilan janglarda bir marta durang natija qayd etdi, ikki marta g‘alaba qozondi. Endi u yana og‘ir vazn toifasida dunyoda yetakchiga aylandi. Deontey Tayson uchun uni ruhlantirgan yangi Klichko vazifasini o‘tab berdi. Tayson Fyuri uchun yangi maqsad Aleksandr Usik bo‘ladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Hozircha Usikning shartnomasida Entoni Joshua bilan revansh jangi o‘tkazish ko‘rsatilgan. Lekin Tayson uchun aynan ukrainalik bokschi munosib raqib bo‘lib ko‘rinmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 4 yil oldin 170 kg tosh bosgan, raqibi sabab sportga qayta olgan Tayson Fyuri hikoyasi