11:25 / 19.10.2021
2 622

Afsus, “Roma”da Shomurodovga imkon berishmayapti!

Afsus, “Roma”da Shomurodovga imkon berishmayapti!
“Roma” rahbariyati jamoani grand klublar darajasiga ko‘tarishga qaror qilgan. Bu katta loyihani amalga oshirish Joze Mourinoga ishonib topshirildi. Portugaliyalik mutaxassis qisqa fursatda kuchli jamoa tuzish va natija ko‘rsatishga qodirligi bilan nom qozongan. Buning uchun unga o‘zi istagan futbolchilarni olib berish va bu borada pulni ayamaslik lozim. “Roma”ning hozirgi rahbariyati aynan shu yo‘ldan bormoqda.

Shu kunga qadar “Roma”ga kelganlarning har birini Joze Mourinoning shaxsan o‘zi tanlagan. Ketganlarning aksariyati ham uning talabi bilan joyidan ayrildi. Faqat Edin Jeko yangi bosh murabbiyning istagiga ters tarzda “Inter”ga o‘tib ketib qoldi. Mourinoning rejasiga ko‘ra, “Jenoa”dan olingan Eldor Shomurodov yoshi o‘tib qolayotgan bosniyalik yulduz bilan asosiy hujumchi roli uchun raqobatlashishi kerak edi.

Biroq, “Inter” to‘purari Romelu Lukaku “Chelsi”ga o‘tgani Mourinoga “aristokratlar” hujumchisi Temmi Abraxamni olish imkonini tug‘dirdi. Amalda “Roma”, “Inter” va “Chelsi” o‘zaro hujumchi almashtirgan bo‘lib chiqdi.

Temmi Abraxamning Rimga kelgani Eldor Shomurodovga qimmatga tushdi. Angliyalik yulduz kelgunga qadar “Roma”ning asosiy hujumchisiga aylangan legionerimiz raqobatsiz zaxiraga mixlandi. Ungacha gol urish va golli pas berish borasida ijobiy statistika qayd etayotgan Shomurodov muntazam maydonga tushirilayotgan bo‘lsa-da, o‘zini ko‘rsatish uchun yetarli vaqtga ega bo‘lmayapti. Joze asosan uni bir necha daqiqa o‘ynatmoqda.

Temmi Abraxam “Yuventus”ga qarshi o‘yin oldidan Angliya terma jamoasi safida to‘pig‘idan jarohat olgandi. Tiklanish va fizioterapiya muolajalari tufayli “Roma” futbolchilari bilan umumiy guruh mashg‘ulotlarida qatnashmadi. Tahlilchilar, eekspertlar, jurnalistlar va muxlislar Turindagi bahsda Mourino endi boshlang‘ich tarkibda Shomurodovni tushirishini kutgan edi. Biroq, uchrashuv oldidan Joze kutilmagan qarorga keldi va maydonga “chalajon” Abraxamni tashladi.

Shomurodov boy berilgan uchrashuvning 81-daqiqasida ko‘rinish berdi. 9-10 daqiqa ichida “Yuventus”dek grand klub darvozasiga yo‘l topish uchun imkon ham, vaqt ham bo‘lmadi. Bu uchrashuvdan keyin “Roma” muxlislari Eldor Shomurodovga Mourino imkon bermayotganini gapira boshladi. E’tiboringizga “Roma” muxlislarining fikr va mulohazalarini taqdim etamiz.

Gianluca Boccuto: Mourino hujumchi tanlashda adashdi. Abraxam jarohat olgan va optimal formadan ancha uzoqda. Eng asosiysi, uning harakatlarida qat’iyat yetishmadi. Bu hujumchi uchun juda zarur xususiyat. Veretu penaltini undan olib qo‘ygani ham bejiz emas. Mening fikrimcha, Eldor Shomurodovga imkoniyat berish kerak edi.

Flavia Mancini: Hujum chizig‘i rasvo o‘ynadi. Shomurodov bahsga qo‘shilib, ikkita hujumchi bilan ham o‘yinimiz o‘xshamadi.

Vittorio Pitorri: Mourino nega Shomurodovga ishonch bildirmayotganiga hech tushunmayapman. O‘zbek hujumchisi “Roma”dagi dastlabki uchrashuvlarni zo‘r o‘tkazgan edi. Hozir jarohatlangan Abraxamni o‘ynatmasdan, Eldorga imkon berish kerak.

Christian Frasca: Menga Shomurodov qanday ishtiyoq bilan maydonga tushgani yoqdi. Bu hujumchiga imkon berishmayotgani achinarli. U o‘yinga qo‘shilishi bilan hujum chizig‘i jonlandi.

Federico de Luca: Shomurodov sariq kartochka oldi va bir-ikki marta o‘yindan tashqari holatga tushdi. Uning faolligi ham bizni qutqara olmadi.

Giulia Di Cocco: Mourino o‘yin oxirida faqat Shomurodovni maydonga tushirdi. Borxa Mayoral va Karles Peres kabi hujumchilarni zaxira o‘rindig‘ida ushlab o‘tirdi.

Gabriele Macchiusi: Bizni Shomurodov ham qutqara olmadi.

Roberta Palombo: Mourino o‘yinchi almashtirishni cho‘zib yubordi. Birinchisi jarohat tufayli almashtirildi. Keyingisa esa 81-daqiqada o‘yinga qo‘shildi. Shomurodovga o‘zini ko‘rsatish uchun vaqt yetishmagani yaqqol bilinib turdi.

Bu italiyalik ishqibozlarning izohlari edi. O‘zbekistonlik futbol muxlislari bu borada qanday fikrda? Siz ham Mourino haqiqatan Eldorga imkoniyat bermayapti deb hisoblaysizmi?

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Afsus, “Roma”da Shomurodovga imkon berishmayapti!
ePN