08:50 / 22.10.2021
2 417

Viktor Kumikov: "Nasaf" bilan o‘yinda ko‘p narsa muxlislarga bog‘liq, chunki..."

Viktor Kumikov: "Nasaf" bilan o‘yinda ko‘p narsa muxlislarga bog‘liq, chunki..."
Superligada qolish uchun kurashayotgan “Andijon” oxirgi to‘rtta turdan beri yutqazmay kelyapti. Raqiblar esa jiddiy. Navbatdagi o‘yin ham bundan mustasno emas. OFK Kubogi finaliga chiqqan Qarshining “Nasaf” jamoasi 25 oktabr kuni “Bobur arena”da mezbonlarga qarshi maydonga tushadi.

O‘z uyida “Paxtakor”dek raqibni mag‘lub eta olgan “Andijon” yana bu ishni takrorlay oladimi? Agar so‘nggi uchrashuvlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, jamoa o‘yinida o‘sish bor. Chunki ligada qolish uchun “Burgutlar” har bir o‘yinni xuddi finaldek o‘tkazishyapti. Bunday vaziyatda qo‘lga kiritilgan har bir ochko andijonliklar uchun oltinga teng darajada. Shunday ekan, Viktor Kumikov boshchiligidagi klub “Nasaf” bilan uchrashuvda ham eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. O‘tgan turda Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi oxirgi soniyagacha kurashdi va natijada o‘yin tugayotgan mahalda mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Demak, jamoada xarakter ham shakllanyapti.

Albatta, “Nasaf” favorit, bunga gap bo‘lishi mumkin emas. Lekin OFK Kubogi yarim finalida klub juda katta kuch sarflab yubordi. 5 noyabr kuni esa qarshiliklarni Bahraynda final kutyapti. Sir emaski, Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi asosiy e’tiborni ayni paytda OFK Kubogiga qaratgan. “Andijon” bilan o‘yin o‘tganidan keyin qarshiliklar yana bor e’tiborini finalga qaratishadi.

Tanganing orqa tomoni ham bor deyishganidek, Superligadagi o‘yin ham “Nasaf” uchun ahamiyatli. Chunki ular bu frontda ham medallar uchun kurashayotganini unutmaslik kerak. Hammasini tahlil qiladigan bo‘lsak, siz bilan bizni 25 oktabr kuni Andijonda qanday o‘yin kutayotganini anglash qiyin emas. Bu chinakam jangovar bahsga aylanadi.

Shu o‘rinda jamoalarning o‘zaro statistikasiga ham nazar solib chiqdik. Shu kunga qadar 41 marta to‘qnashishgan. Katta ustunlik “Nasaf” tarafida. Boisi, 27 ta o‘yinda “Andijon” ustidan g‘alaba qozongan. Mezbonlar esa bunday imkoniyatga 6 marta erishgan. Yana 8 ta uchrashuvda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 47-93 “Nasaf” foydasiga. “Andijon” bu raqibini oxirgi marta 2019 yilgi mavsumda mag‘lubiyatga uchratgan. 18 aprel kuni birinchi davradagi o‘yinda “Andijon” o‘z uyida 3:1 hisobida muvaffaqiyatga erishgan.

Ayni paytda maydon egalari bo‘lajak bahsga jiddiy tayyorlanishyapti. Qolaversa, mahalliy muxlislar ham katta ishtiyoq bilan kutishyapti va sevimli jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun tayyorgarliklar ko‘rilayotgani xususida ma’lumotlar bor.

Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, “Nasaf” Viktor Kumikovning sobiq jamoasi. 2008-2010 yillar davomida u qarshiliklar jamoasiga ustozlik qilgan. Rossiyalik mutaxassis bo‘lajak bahs oldidan Sports.uz muxbirining ayrim savollariga javob qaytardi.

- Sobiq jamoangiz – “Nasaf” 10 yildan keyin ikkinchi marotaba OFK Kubogini yutish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turibdi. Finalda qarshiliklarning imkoniyatini qanday baholayapsiz?
- Avvalo,“Nasaf”ni finalga chiqqani bilan tabriklayman! O‘ylaymanki, g‘alaba qozonish imkoniyati juda yuqori. “Nasaf” yaxshi jamoa. Ammo, asosiysi, omad kulib boqsa bo‘lgani.

- “Andijon”ni oldinda “Nasaf”ga qarshi o‘ta jiddiy bahs kutyapti. Raqibni qanday mag‘lub etmoqchisiz?
- Biz har doim g‘alaba qozonishni xohlaymiz. Shunday ekan, kurashamiz.

- Sizningcha, “Nasaf”dagi eng xavfli o‘yinchi kim?
- Oybek Bozorov.

- Uni qanday zararsizlantirmoqchisiz?
- Hali o‘yingacha vaqt bor. Ungacha esa o‘ylab olamiz.

- “Nasaf” OFK Kubogi yarim finalida 120 daqiqa o‘ynadi. Dushanba kuni esa Andijonda o‘ynaydi. Bu holat jamoangizga biroz bo‘lsa ham ustunlik berishi mumkinmi?
- Ular yaqin besh kun ichida to‘la oyoqqa turib olishlari uchun ulgurishlari xususida biror narsa deyishim qiyin.

- Umuman, o‘yin oldidan sizni nima xavotirga solyapti?
- Biz reja asosida uchrashuvga hozirlik ko‘ryapmiz. Muhimi, o‘yinchilarimizning hammasi sog‘ bo‘lsa bas. Xudoga shukrki, bizda jarohatlanganlar yo‘q.

- “Andijon” “Paxtakor”ni yutdi. Agar “Nasaf”ni ham mag‘lub eta olsa, endi bu sensatsiya bo‘lmaydimi? Yoki “Nasaf” kuchliroqmi?
- Ehtimol, unchalik kuchli ko‘rinmas. Lekin o‘yin kuni ularning qanday jismoniy formada bo‘lishlari pirovardida hal qiluvchi rolni o‘ynashi mumkin. Ko‘p narsa o‘sha kuni uchrashuvni tomosha qilish uchun keladigan muxlislarga bog‘liq. Agar ular jamoani zo‘r berib qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lsalar, o‘z navbatida biz ishqibozlarni quvontiradigan natijaga erishishimiz mumkin.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Viktor Kumikov: "Nasaf" bilan o‘yinda ko‘p narsa muxlislarga bog‘liq, chunki..."