19:39 / 22.10.2021
1 850

Saken Polatov: “Bu galgi jahon chempionatida asosiy e’tiborni tajriba va yoshlik shijoatini uyg‘unlashtirishga qaratdik”

Saken Polatov: “Bu galgi jahon chempionatida asosiy e’tiborni tajriba va yoshlik shijoatini uyg‘unlashtirishga qaratdik”
Yana bir necha kundan so‘ng Serbiya poytaxti Belgrad shahrida start oladigan boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatiga terma jamoamiz anchagina jiddiy tayyorgarlik olib bordi. Jahonning yetakchi jamoalaridan biri Kuba bilan o‘tgan qo‘shma yig‘in bokschilarimiz uchun har tomonlama foydali bo‘ldi. Bu O‘zbekiston va Kuba boks federatsiyalari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan iliq munosabatlarning amaliy ifodasi deyish mumkin. 2019 yil yakunida jamoamiz Gavanada qo‘shma yig‘inda ishtirok etgan edi. Bunga javoban jahon chempionatidan avval kubaliklar “o‘zbek yo‘lbarslari” bilan yurtimizda yig‘in o‘tkazishni ma’qul ko‘rishdi.

Serbiyadagi jahon chempionatiga tanlangan tarkib jamoamiz uchun hozirgi kundagi optimal variant bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Federatsiya rahbariyati va murabbiylar shtabi bu borada istiqbolli reja bilan harakat qilmoqda. Quyida MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov bilan o‘zbek boksining yaqin kelajakdagi rejalari haqidagi suhbatni e’tiboringizga havola etamiz:

– Serbiyada o‘tadigan jahon chempionati biz uchun qanchalik muhim? Unda asosiy e’tibor nimaga qaratiladi?
– Bu galgi jahon chempionatida asosiy e’tiborni tajriba va yoshlik shijoatini uyg‘unlashtirishga qaratdik. Hasanboy Do‘smatov, Shahram G‘iyosov, Shahobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzahalilov kabi dunyo tan olgan tajribali bokschilarimiz oldida Abdumalik Xalakov, Mujibillo Tursunov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Saidjamshid Ja’farov, Shohjahon Abdullayev, Lazizbek Mullajonov kabi yoshlarimiz ulardan katta mahorat olib, jahon arenalari uchun munosib toblanishlari mumkin. Bundan maqsad 2023 yil Toshkentda ilk marotaba o‘tkaziladigan erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatiga terma jamoamizni tayyorlash va Parij-2024 Olimpiadasiga tarkibni hozirdan shakllantirib borishdir.

– So‘nggi tayyorgarlik uchun Kuba jamoasini tanlash g‘oyasi qayerdan kelib chiqdi?
– Kuba jamoasining yig‘inga tanlanishi ham bejiz emas. Prezidentimiz 13 avgust kuni Olimpiyachilarimiz bilan o‘tgan uchrashuvda xorij tajribasini, shu jumladan chetdagi kuchli maktablar metodikasi va uslubini o‘rganish, ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar bergan edilar. Ana shu maqsadda biz jahon boksida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, jumladan, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarini umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunlagan Kuba terma jamoasini taklif etdik. Bu jamoa bilan o‘zaro mustahkam hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Avval biz Kubada yig‘in o‘tkazgan bo‘lsak, bu gal ular Toshkentga tashrif buyurishdi. 9 kun davomida jahonning eng kuchli bokschilari, e’tibor bering, ular orasida 4 tasi Olimpiada chempioni bokschilarimiz bilan tajriba almashishdi. O‘z navbatida, ular ham o‘zbek boksidan ba’zi jihatlarni o‘rgandilar. O‘ylaymanki, bu hamkorlik ikkala tomon uchun ham foydali bo‘ldi.

– Yaqin yillar uchun federatsiya o‘z oldiga qanday rejalar qo‘ygan? Xalqaro maydonda mamlakatimiz imidjini oshirish bo‘yicha qanday dasturlar bor?
– Oldimizda jiddiy strategik rejalar bor. Kelasi yil yanvar oyida Toshkent 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi. Barcha qilinayotgan tayyorgarliklar 2023 yil poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatini qabul qilishga qaratilgan. O‘zbekiston ilk bor boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi dunyo birinchiligiga mezbonlik qiladi. Davlatimiz rahbarining bevosita sport sohasida olib borayotgan islohotlari, mamlakatimizda yirik musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha bergan topshiriq va tavsiyalari natijasida bu yil birinchi marotaba og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati poytaxtimizda bo‘lib o‘tadi. 2022 yil ilk bor dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligi yurtimizda o‘tsa, 2023 yil aytib o‘tganimizdek jahonning eng kuchli bokschilari poytaxtimizda jam bo‘ladi. 2025 yil esa O‘zbekiston birinchi marta yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Mana shu musobaqalar bevosita mamlakatimizning xalqaro maydondagi imidjini yanada mustahkamlashiga ishonaman.

Bevosita boks federatsiyaning strategik rejalariga to‘xtaladigan bo‘lsam, maqsadimiz O‘zbekistonning jahon boksidagi yetakchiligini mustahkamlash, yurtimiz yoshlari orasida kuchli seleksiya siyosatini yuritish, AIBA hamda Osiyo boks konfederatsiyasi bilan izchil va samarali aloqalarni rivojlantirish, xalqaro toifadagi hakamlarimiz sonini ko‘paytirish va murabbiylar malakasini oshirish masalasini ustuvor vazifa sifatida ko‘rmoqdamiz.

Bizning eng katta yutug‘imiz – davlatimiz va hukumatimizning jismoniy tarbiya va sportga qaratayotgan e’tibori, mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzining keng targ‘ib qilinishi, aholi salomatligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlar deb bilaman. Bundan unumli foydalanib, ko‘proq yoshlarga e’tibor qaratishimiz, yangidan yangi chempion o‘g‘il-qizlarni tarbiyalashimiz kerak. Charm qo‘lqop ustalarimizning xalqaro arenalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari ortidan yurtimizda boks bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar soni kun sayin ortib bormoqda. Har bir yoshdagi terma jamoamizda bugungi kunda juda kuchli raqobat shakllangan. Bu holat esa faqat o‘sishga, kuchli jamoa shakllantirishga, natijalarni yaxshilashga xizmat qiladi.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Saken Polatov: “Bu galgi jahon chempionatida asosiy e’tiborni tajriba va yoshlik shijoatini uyg‘unlashtirishga qaratdik”