09:11 / 26.10.2021
2 716

"Andijon" - "Nasaf" o‘yinida nimalar ro‘y berdi?

"Andijon" - "Nasaf" o‘yinida nimalar ro‘y berdi?
25 oktabr kuni “Andijon” hamda “Nasaf” klublari ishtirokidagi o‘yin orqali Superliganing 23-turi yakuniga yetdi. “Bobur arena”dagi ko‘rgan-kechirganlarimizni sizlar bilan bo‘lishmoqchimiz. Chunki ushbu o‘yin televideniye orqali efirga uzatilgani yo‘q. O‘yinda nimalar bo‘lgani esa allaqachon ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketdi.

Avvalo, shuni aytmoqchimizki, mazkur qarama-qarshilik ikki jamoa uchun g‘oyat muhim va ahamiyati jihatidan juda yuqori edi. Sababi oddiy: “Andijon” ligada qolish uchun jonini berib o‘ynayapti. “Nasaf” esa sovrindor bo‘lish uchun xuddi shunday o‘ynayapti. Ustiga-ustak qarshiliklar Andijonga OFK Kubogi finalchisi sifatida keldilar. Maydondan chinakam jang bo‘lishi oldindan ma’lum edi. Ammo o‘yinda shunday vaziyatlar bo‘ldiki, voqealar rivoji bunday tus olishini ochig‘i kutmagandik.

O‘yin yaxshi boshlandi. Ikkala jamoaga ham g‘alaba zarurligi uchun hujumkorlik ruhi asosida o‘yin tashkil etildi. 26-daqiqada standart vaziyatdan keyin mezbonlarning legioneri Vasiliy Sovpel boshi bilan Umidjon Ergashev qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qildi – 1:0. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, bu “Andijon”ning chempionatdagi 1000-goliga aylandi. Shu tariqa, o‘yin mezbonlarning rejasi ostida o‘ta boshladi. Aniqrog‘i, “Andijon” bosh murabbiyi Viktor Kumikov tuzgan taktika ish berayotgandi. Ammo o‘yinnig asosiy voqealari tanaffusdan keyin yuz berdi.

Uchrashuvni boshqargan Aziz Asimov uchun og‘ir kun bo‘ldi. Chunki uning qarorlari ikkala jamoa vakillari tomonidan keskin e’tirozlarni keltirib chiqardi. Dastlabki bahsli vaziyat 57-daqiqada bo‘ldi. “Andijon” jarima maydoni ichidagi to‘p uchun kurashdan keyin raqib o‘yinchisi yiqildi va hakam penalti belgiladi. Ushbu holat mezbonlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Penaltini Andriya Kaluderovich bexato bajardi – 1:1.

Shundan keyin “Nasaf” vakillari tashabbusga ega bo‘lgan holda yana xavfli hujumlar sodir etdi. Natijada oradan ko‘p o‘tmasdan qarshilik futbolchilar ikkinchi golni ham urishdi va xursandchilikni boshlagan mahalda Aziz Asimov golni bekor qildi. U jarima maydoni ichida qoida buzilgan deb baholadi. Shu tariqa, uchrashuv davom etayotgan paytda “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiyevning bunga asablari dosh bermadi. Murabbiy jamoasi tomonidan kiritilgan golning nima uchun inobatga olinmaganligini xazm qila olmadi va darhol o‘yin davom etayotgan mahalda futbolchilarini chaqirib oldi va o‘yinni to‘xtatdi. Berdiyev keskin ravishda hakamdan nima uchun golni hisobga olmaganligini so‘radi.

Shu tariqa, uchrashuvda besh daqiqacha tanaffus yuzaga keldi. Aziz Asimov bilan Berdiyevning suhbatiga guvoh bo‘lgan kishi sifatida shuni aytishimiz mumkinki, bosh hakam qat’iy ravishda murabbiyga o‘yin qoidasi buzilganini va o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytdi. Tabiiyki, bunday javob “Nasaf” ustozini sira qoniqtirmasdi. Ammo tan olish kerakki, o‘sha vaziyatda “Nasaf”ning goli nima sababdan hisobga olinmaganligini biz ham tushuna olmadik. Lekin vaziyatga yaqin turgan va ko‘rib turgan bosh hakam hammasini hal qildi. Chunki qaror uniki edi. O‘yin nahotki endi to‘xtatilsa deb turganimizda Berdiyev tortishuvlardan keyin jamoasini yana o‘ynashga buyurdi.

Hech kim yutqazishni istamayotgandi. “Andijon” ham, “Nasaf” ham g‘alaba uchun borini berdi, buni ham tan olish kerak. Ayniqsa, o‘yin ma’lum muddat to‘xtab, yana davom ettirilganidan keyin maydon egalari tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Endi ular “Nasaf” jarima maydoni ichida ketma-ket hujumlar uyushtira boshladilar. O‘yindagi harorat ortdi, asabiylik hukmron edi. “Andijon” esa ikkinchi golni urish uchun hujumlar sonini oshirdi. Bu yoqda esa Ro‘ziqul Berdiyev o‘yinda burilishi yasash uchun tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Uchrashuv oxirlab borayotgan vaziyatda esa mezbonlar a’zosi Farhod Sohibjonovni jarima maydoni ichida yiqitishgani uchun hakam endi “Nasaf” darvozasi tomon penalti belgiladi.

Bu o‘yinga nuqta qo‘yishi mumkin bo‘lgan vaziyat edi. Ammo ajablanarlisi, “Andijon” futbolchilari Usmonali Ismonaliyev va Farhod Sohibjonov penaltini tepish borasida biroz tortishib ham qoldilar. Ularni murosaga keltirish uchun Zabelin futbolchilarga bir nimalar dedi. Oxiri Usmonaliyev 11 metrlik jarima zarbasini tepadigan bo‘ldi. Bosim yuqori. Gol ursa “Andijon” yutib ketishi mumkin! Usmonaliyevning zarbasini Umid Ergashev qaytardi va qaytgan to‘pni mezbonlar golga aylantirishgan mahalda bosh hakam yana qaror chiqardi va golni hisobga olmadi.

Ma’lum bo‘lishicha, zarba berilayotganida darvozabon biroz oldinga chiqib ketganini aytdi va penaltini takror tepilishini ko‘rsatdi. Bu safar endi Farhod Sohibjonov to‘p yonida edi. Unda ham bosim katta edi. Balki shu narsa unga xalaqit qilgandir. Chunki darvozaga gol urish o‘rniga to‘pni yuqoriga tepib yubordi. Natijada mezbonlar tayyor imkoniyatni qo‘ldan boy berishdi. Qizig‘i, Sohibjonov penaltidan foydalana olmagach, murabbiyga qarata o‘zini almashtirishlarini so‘radi. Ammo butun o‘yin davomida Viktor Kumikov birorta o‘zgarishga qo‘l urmagani ham e’tiborimizni tortganini qo‘shimcha qilmoqchimiz.

Andijondagi o‘yin mana shunday jiddiy bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi va yakunda g‘alabaga tashna jamoalar bir ochkodan bo‘lishib oldilar. Ochiq o‘yin bo‘ldi. Ikki tomon ham yutib ketishi mumkin edi. Afsuski, o‘yin davomida yuz bergan voqealar futbolimiz imidjiga ta’sir qiladi. Vaziyatga xolis baho beradigan bo‘lsak, bosh hakam o‘yinni buzib qo‘ygandek taassurot uyg‘otdi. Tabiiyki, o‘yindan keyingi matbuot anjumanida “Nasaf” bosh murabbiyi hakamga nisbatan jiddiy ravishda e’tirozlarini bildirdi. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, oxirgi paytlarda murabbiylar tomonidan mana shunday tanqidlar ko‘payib boryapti. Andijondagi o‘yin esa hali anchagacha muhokamalarga sabab bo‘lsa ajab emas.

Ushbu uchrashuvni bevosita stadionda “Benfika” klubidan kelgan ikki nafar mutaxassis ham kuzatib bordi. Ular o‘yindagi barcha voqealarga guvoh bo‘ldilar. Afsuski, yuz bergan bahsli vaziyatlar mehmonlarda ijobiy taassurot qoldirmagani aniq.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Andijon" - "Nasaf" o‘yinida nimalar ro‘y berdi?