00:53 / 27.10.2021
1 827

"Nasaf" darvozaboni: "Kimdir qarshi chiqishi kerak-ku!"

"Nasaf" darvozaboni: "Kimdir qarshi chiqishi kerak-ku!"
“Nasaf” klubi Superliganing 23-turida safarda “Andijon”ga qarshi uchrashuvda 1:1 hisobida durang o‘ynadi va ikki ochko yo‘qotdi. Uchrashuv esa juda murosasiz va asabiy tarzda kechdi.

Chunki hech bir jamoa yutqazishni istamasdi. Lekin bellashuv “Nasaf”ning mag‘lubiyati bilan ham yakun topishi mumkin edi. Ammo mezbonlar uchrashuv oxirida penaltini golga aylantira olmadilar.

Qolaversa, “Nasaf” darvozaboni Umid Ergashev ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Uchrashuvdan keyin u Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.

- O‘yindan keyin nimalarni o‘ylayapsiz?
- Avvalambor, “Andijon” jamoasi va muxlislarini bir ochko bilan tabriklayman. Menimcha, “Nasaf”ga qarshi o‘yinda bir ochko olish ular uchun bayram deb o‘ylayman. O‘yinga keladigan bo‘lsak, juda qiyin bo‘ldi. Biz nafaqat raqib bilan, balki maydon bilan ham kurashdik. Har taraflama shunga tayyorgarlik ko‘rgandik. O‘yin o‘rtacha saviyada o‘tdi.

- “Nasaf” darvozasiga ikki marta penalti qo‘yildi. Birinchi vaziyatda zarbani qaytarganingizdan keyin hakam yana takroriy penalti belgiladi. Bilishimcha, o‘sha vaziyatda zarba berilishidan oldin sizni belgilangan chiziqdan oldinga chiqib ketgan deb hisobladi. Buni tan olasizmi?
- O‘zim o‘sha vaziyatga juda yaqin turgandim. To‘g‘risini aytsam, hatto penalti bor edi deb ham hisoblamayman. Endi siz aytgan vaziyatga kelsam, o‘zim hali videoda ko‘rib chiqqanim yo‘q. Ammo oldinlari bunday xatolarga yo‘l qo‘ymasdim. Hech qachon chiziqdan chiqib ketmaganman. Baribir hammasi yaxshilikka bo‘ldi, biz uchun.

- Qizig‘i, “Andijon” bu imkoniyatdan foydalana olmadi. Penalti belgilanganida xayolingizdan nimalar o‘tdi? G‘alabani ilib ketdi, deb o‘yladingizmi?
- U yerda menda ishonch bor edi. Bunday vaziyatda bosim menda emas, aksincha raqib futbolchisida bo‘ladi. Men esa zarbani qaytaraman deb o‘zimga ishongandim. Ikkinchisida ham vaziyatdan foydalana olmadilar.

- Natija adolatli bo‘ldi deb o‘ylaysizmi?
- Yo‘q, natija adolatli bo‘ldi deb o‘ylamayman. Biz medallar uchun kurashyapmiz. Jamoamizga uch ochko juda ham kerak edi. Hakamlar o‘yinda juda ko‘p xatoga yo‘l qo‘yishdi, deb o‘ylayman.

- “Nasaf”ning ikkinchi goli inobatga olinmagan mahalda Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlarini chaqirib, o‘yinni to‘xtatdi. O‘sha holat bo‘yicha nima deya olasiz?
- Hakamlar shunday qilaversa, biz ham vaziyatlarga ko‘z yumaversak, kimdir bunga qarshi chiqishi kerak-ku! Biz har doim ham xo‘p, xo‘p deb o‘yinni davom ettiravermaymiz-ku. Ro‘ziqul Sa’dullayevichni ham jaxli chiqdi. Aytdim-ku, biz uchun kerakli ochko edi. Agar o‘yin shunday davom etadigan bo‘lsa, maydonni tark etishga tayyor edik.

- “Nasaf” OFK Kubogi finaliga chiqdi. Balki “Andijon”ga qarshi o‘yin davomida final haqida ham o‘ylagandirsizlar?!
- Hamma turnirni o‘z saviyasi bor-da. Hozir chempionatda o‘ynayapmizmi, Superligada o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadimiz bor. OFK Kubogida esa o‘z maqsadimiz bor. O‘zbekiston Kubogida ham xuddi shunday. Shuning uchun har bir uchrashuvga ortda qolgan o‘yindan keyin tayyorgarlik ko‘ramiz. Ammo OFK Kubogidagi yarim finaldan keyin “Andijon”ga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Bor e’tiborimizni qaratgandik. Turnir jadvalini ham ko‘rib turibsiz, bizga ochkolar juda zarur edi.

- O‘yindan keyin Ro‘ziqul Berdiyev sizlarga nima dedi?
- Ro‘ziqul Sa’dullayevich bizga xarakter ko‘rsatib, oxirigacha kurashganimiz uchun rahmat aytdi. Uncha ko‘p gapirmadi. E’tiroz bildirmadi. Endi keyingi bellashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.

- O‘yinda yuz bergan voqealar jamoa kayfiyatiga jiddiy ta’sir qilmadimi?
- Hammasi joyida, kayfiyat yaxshi. Bizda ichki muhit nihoyatda zo‘r. O‘ylaymanki, milliy terma jamoada va boshqa klublardan ham ko‘ra, “Nasaf”da ichki muhit juda yaxshi deb o‘ylayman. Hamma bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi, bir oiladekmiz. Boz ustiga hamma bitta akademiyadan chiqqan, yoshlikdan birga katta bo‘lganmiz. Barcha jamoadoshlarimni o‘z akamdek va ukamdek ko‘raman.

- OFK Kubogi finali oldidan nima degan bo‘lardingiz?
- Biz g‘alaba uchun bor kuchimizni sarflaymiz. Tarixga kirishni juda istaymiz, bu biz uchun orzu.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf" darvozaboni: "Kimdir qarshi chiqishi kerak-ku!"