23:28 / 14.11.2021
1 961

"O‘zbekistonga qarshi kuchli tarkibni tushiraman, raqib o‘yinini o‘zimiz uchun kashf qildik" - Villi Sanol

"O‘zbekistonga qarshi kuchli tarkibni tushiraman, raqib o‘yinini o‘zimiz uchun kashf qildik" - Villi Sanol
15 noyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi safarda Gruziyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Bu o‘yin barchamiz uchun muhim va qiziq. Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz saytimiz orqali ham mazkur o‘yin arafasida turli maqola va suhbatlarni siz o‘quvchilarga havola qilib boryapmiz.

Gruziya milliy terma jamoasini ayni paytda fransiyalik murabbiy Villi Sanol boshqarib boryapti. Uni sizlarga alohida tanishtirishning hojati yo‘q. Sababi, zukko ishqibozlarimiz uning kimligini yaxshi bilishadi. Fransiya terma jamoasida ham ajoyib o‘yinlar o‘tkazgan va ko‘plab yutuqlarga erishgan. Futbolchilik faoliyatining katta qismini “Bavariya”da o‘tkazgan Sanol butsalarini mixga ilganidan keyin o‘zini murabbiylikka bag‘ishladi. Fransiya U-21, “Bordo”, “Bavariya”dagi murabbiylik faoliyatidan keyin endi Gruziya terma jamoasi ustozi sifatida ishlab kelyapti.

O‘zbekiston terma jamoasining Gruziyaga qarshi o‘yini oldidan aynan Villi Sanol bilan eksklyuziv suhbat uyushtirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygandik. Chunki bu muxlislarimiz uchun ham qiziq edi. Ammo fransiyalik murabbiy bilan darhol aloqa o‘rnatish oson emasligini ham yaxshi tushunib turgandik. Shu boisdan Gruziya futbol federatsiyasi matbuot xizmati vakili Otar Giorgadze bilan bog‘landik. Unga o‘zimizning istagimizni bildirganimizdan keyin Villi Sanol bilan suhbat uyushtirishimizga qarshi bo‘lmadi.

- Janob Sanol, ayting-chi, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi o‘yinga rozilik bildirganingizning asosiy sababi nimada?
- O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘ynash – bu doim bizga qiziqarli. Ushbu terma jamoa tarkibida ko‘plab ajoyib futbolchilar mavjud. Ular qaysidir ma’noda bizga o‘xshab o‘ynashadi. Ammo butun dunyodagi futboldan biz va ularning futboli biroz farq qiladi, deb aytsam ham bo‘ladi. Bizda o‘zgacha uslub mavjud. Mening futbolchilarim uchun oldindagi uchrashuv juda ham qiziqarli bo‘lishi kutilyapti va bunga ishonaman.

- Mazkur o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan O‘zbekiston futboli va terma jamoamiz haqida nimalarni bildingiz?
- O‘zbek futboli haqida gapirganda afsuski, u qadar ko‘p narsani bilmayman. Chunki O‘zbekiston Osiyo futbol konfederatsiyasi tarkibiga kiradi. Shu boisdan ularning ishtirokidagi o‘yinlarni doim ham kuzata olmaymiz. Juda kamdan-kam ko‘zimiz tushadi. Lekin bo‘lajak bellashuv oldidan O‘zbekiston termasini imkon qadar o‘rganib chiqdik va o‘yinini o‘zimiz uchun ancha-muncha kashf etib oldik.

- Gruziya Shvetsiyaga qarshi o‘yin o‘tkazdi. Endi O‘zbekiston bilan uchrashuvda ikkinchi tarkibdan foydalanmoqchimisiz?
- Yo‘q, albatta! Tarkibda ba’zi-bir o‘zgarishlarni amalga oshirishim mumkin. Lekin O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi uchrashuvda jamoamning eng kuchli tarkibini maydonga tushiraman va buni ko‘rishni xohlayman.

- Gruziya terma jamoasini boshqarishingizga nima motivatsiya berdi? Bu yerda sizning asosiy vazifangiz qanday?
- Sababi, menga katta loyihani ko‘rsatishdi va meni ishontira olishdi. Bilasizmi, men aynan mana shunday loyihalarda ishlashni o‘zimga maqsad qilib olganman. Menga ham shunday ishlar yoqadi. Bu Gruziya futboli – kuchli loyiha. Hammasi shunchaki bugun erishiladigan natijalardan iborat emas. Hozirda ushbu loyiha ustida ishlayapmiz. Bu ertaga o‘tadigan o‘yinimiz, g‘alabamiz yoki mag‘lubiyatimizga qarab o‘zgarib qoladigan holat emas.

- O‘zbekiston terma jamoasining qudratini nimada deb o‘ylaysiz?
- Biz O‘zbekistonning Shvetsiya termasiga qarshi o‘tkazgan o‘yinini ko‘rib chiqdik. Amin bo‘ldikki, O‘zbekiston – kuchli jamoa. Ayniqsa, sizlarda hujumga o‘tish jarayoni juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada o‘yinchilar tez harakat qila oladilar. O‘ylaymanki, bo‘lajak uchrashuvda mening jamoam bundan extiyot bo‘ladi va bunga qarshi harakat qila olishadi.

- Siz ko‘p yillar davomida “Bavariya”da o‘ynagansiz. Keyin esa shu klubning o‘zida murabbiy sifatida tajriba orttirdingiz. Siz uchun klubdan ko‘ra terma jamoada ishlash muhimroqmi?
- Klub va milliy termada ishlash – umuman boshqa-boshqa masalalar. Ya’ni, ularni bir-biriga solishtirish va qaysi birinidir yaxshiroq deb aytish qiyin. Ammo men hozirgi paytda amalga oshirayotgan ishimdan hamda hayotimdan mamnunman. Ayni paytda boshqa qandaydir ish bilan mashg‘ul bo‘lishni tasavvur ham qila olmayman. To‘g‘ri, oxirgi haftalardagi Gruziya terma jamoasining natijalari va o‘yini ajoyib bo‘ldi. Mana shunday yaxshi o‘yin hamda natijalar ko‘rsatayotganimiz ham menga Gruziya terma jamoasidagi bosh murabbiy sifatida ishimni davom ettirishimga katta motivatsiya beryapti.

- Sizni yurtimizda ham juda yaxshi bilishadi va hurmat qilishadi. O‘zbekistonlik muxlislarga qanday tilaklaringiz bor?
- Bilaman, barchamiz jahon chempionati saralashida kurash olib boryapmiz. Shunday ekan, hammamiz ham mundial orzusida yashayapmiz. O‘ylaymanki, o‘zbekistonlik muxlislar uchun ham o‘z milliy terma jamoasini jahon chempionatida ko‘rish eng katta orzu hisoblanadi. Shu jihatdan ularga o‘z terma jamoasini jahon chempionatida ko‘rishni tilab qolaman. Mundialda yashash va o‘z jamoasi bilan u yerda ishtirok etish – bu butun hayotga tatigulik katta tajriba va buni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Men o‘zbek muxlislariga mana shularni tilay olaman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "O‘zbekistonga qarshi kuchli tarkibni tushiraman, raqib o‘yinini o‘zimiz uchun kashf qildik" - Villi Sanol