10:35 / 22.11.2021
1 649

"Navbahor" "Andijon"ga yordam berarkan deyishdi, shuning uchun ham yutmasak bo‘lmasdi" - Azim Ahmedov

"Navbahor" "Andijon"ga yordam berarkan deyishdi, shuning uchun ham yutmasak bo‘lmasdi" - Azim Ahmedov
“Navbahor” klubi vodiy derbisida safarda “Andijon”ga qarshi qiyin kechgan o‘yinda 1:2 hisobida g‘alaba qozonib, muxlislarini quvontirdi. “Andijon” esa “Navbahor”ga yutqazganidan keyin Superligani tark etdi.

Aytish mumkinki, namanganliklarning g‘alabasida jamoa sardori Azim Ahmedovning hissasi ulkan bo‘ldi. U maydonda katta hajmdagi ishni bajardi. O‘yindan keyin "Navbahor" sardori Sports.uz uchun intervyu berdi.

- “Navbahor” birinchi davrada Namanganda “Andijon”ga alamli tarzda yutqazib qo‘ygandi. Bu safar esa jamoa Andijonda o‘sha mag‘lubiyat uchun revansh oldi. O‘yin xususida qanday fikr bildira olasiz?
- Biz bu o‘yinga juda boshqacha tayyorlangandik. Chunki hamma, muxlislarimiz ham “Navbahor” “Andijon”ga yutqazib berarkan, degan gaplarni aytishdi. Birinchi navbatda o‘z maydonimizda mag‘lubiyatga uchragandik. Shuning uchun ham alamimiz bor edi. Jiddiy tayyorlandik. G‘alaba uchun maydonga tushdik hamda o‘sha maqsadimizga erishdik.

- Raqibdan qanday qarshilik kutgandingiz. “Andijon” siz kutgan o‘yinni ko‘rsatdimi?
- “Andijon”ning o‘yinlarini 2-3 kun davomida ko‘rib, tahlil qildik. Standartlarda yaxshi ishlashibdi. Biz ham shunga yarasha tayyorlandik. Raqibdan boshqacha o‘yin kutgandik. Biz ulardan ko‘ra yaxshiroq o‘ynadik, deb o‘ylayman. Shu sababdan ham g‘alaba qozonib ketdik.

- Qizig‘i, “Navbahor”ning g‘alabasidan keyin “Andijon” Superligani tark etdi. Raqibning bunday ahvolga tushib qolganiga nima deysiz?
- Bu bizni qiziqtirmasdi. Jamoamizni faqat g‘alaba qoniqtirardi. “Andijon” tushib ketadimi-yo‘qmi, ammo bizni ham o‘z maqsadimiz bor edi. Muxlislar boshqacha fikrda edilar. Yuqorida aytganimdek, “Navbahor” yordam berarkan, “Andijon”ni olib qolisharkan, degan gaplar tarqaldi. Shu deganlari uchun ham maydonda jon kuydirib o‘ynadik va mehnatimizga yarasha g‘alaba qozondik. “Andijon”ga keyingi o‘yinlarda omad tilayman. Ha, klub tushib ketdi. Ammo “Andijon” yaxshi jamoa. Muxlislari esa ajoyib. Ammo bizni hech nima qiziqtirmasdi. Aytganimdek, jamoamizga faqat g‘alaba zarur edi. Kim tushib ketadi, ishimiz yo‘q edi. “Navbahor” g‘alaba qozonishi kerak edi va bunga erishdi.

- Tugayotgan mavsumdan nimalarni xulosa qilyapsiz?
- Bu yilgi ishtirok haqida kelsak, o‘yinlar juda shiddatli kechdi, xursandman. Oldin “Paxtakor”ga qarshi qo‘rqib o‘ynardik. Bu yil esa boshqacha o‘yin bo‘ldi. Masalan, “Andijon” ham “Paxtakor”ni yutdi. Hamma o‘yinlar qiziqarli o‘tdi. Bu yilgi mavsumni yaxshi o‘tdi desa ham bo‘ladi. Ayniqsa, oxirgi 3-4 ta turlar juda qiziqarli tarzda kechdi. Yaxshi taassurot qoldirdi.

- “Navbahor”ning ishtiroki haqida gap ketganda, siz bu borada qanday munosabat bildira olasiz?
- 5-o‘ringa harakat qilyapmiz. “Bunyodkor” bilan o‘rtamizda uch ochkolik farq bor. Bu klubni “Paxtakor” bilan o‘yini bor. Xudo xohlasa, maqsadimiz – 5-o‘rinni egallashga harakat qilamiz. Oxirgi turda muxlislarimizni xursand qilmoqchimiz.

- Kelasi yil uchun Azim Ahmedovning rejasi qanday? Bu bizni qiziqtiryapti...
- Xudoga shukr, oldimda variantlar bor. Mavsum tugaganidan keyin bu yog‘ini o‘ylab ko‘ramiz.

- Katta ehtimol bilan “Navbahor”dan ketasizmi?
- Bilmadim. Ketamanmi-ketmaymanmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Bu – futbol.

- Aytmoqchimanki, sizni 2022 yilgi mavsumda yana O‘zbekiston chempionatida ko‘ramizmi yoki legionerga aylanmoqchimisiz?
- Bir narsa deya olmayman. Hozir aytganimdek, barchasini vaqt ko‘rsatadi. Chetdan ham takliflar bor.

- Oxirgi paytlarda Odil Ahmedovni “Neftchi”ga o‘tishi haqida gap-so‘zlar tarqalyapti. Bu haqida nima deysiz?
- Yo‘q, bu mish-mish. Odil akam ham aytdi, menimcha O‘zbekistonda o‘ynamasam kerak dedi. Hali akam bilan bu masalada xotirjam gaplashganim yo‘q.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Navbahor" "Andijon"ga yordam berarkan deyishdi, shuning uchun ham yutmasak bo‘lmasdi" - Azim Ahmedov