Liverpul muxlislar noroziligidan so‘ng chiptalar narxi bo‘yicha rejani bekor qildi

Liverpul klubi muxlislar kengashi bilan olib borilgan muzokaralardan so‘ng, chiptalar narxini uch yil davomida oshirish bo‘yicha avval e’lon qilingan strategiyadan voz kechdi. Mart oyida taqdim etilgan dastlabki reja uch mavsum davomida inflyatsiya darajasiga qarab chiptalar narxini bosqichma-bosqich oshirishni nazarda tutgan edi, biroq bu muxlislar guruhlari tomonidan keskin tanqid qilindi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, 2026-27 yilgi mavsumda chiptalar narxi atigi uch foizga oshiriladi, 2027-28 yilgi mavsumda esa narxlar muzlatiladi. Bu qaror yashash qiymati oshib borayotgan bir paytda muxlislarga ma’lum darajada yengillik yaratish maqsadida qabul qilindi.
Shuningdek, klub yoshlar va mahalliy muxlislar uchun mo‘ljallangan chiptalar narxini 9 funt sterling miqdorida o‘zgarishsiz qoldirishini tasdiqladi. Anfield Road tribunasi qismida yoshlar uchun alohida sektor tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.
Klub rahbariyati va muxlislar kengashi kelgusi mavsumlarda chiptalar narxini oshirmaslikning muqobil yo‘llarini izlashga kelishib oldilar. Tomonlar kelajak avlod uchun stadionga kirish imkoniyatlarini saqlab qolish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!