16:53 / 26.11.2021
1 745

Mourinodan yangi motivatsiya: u «Jenoa»ga gol urgan futbolchiga qimmatbaho krossovka sovg‘a qildi

Mourinodan yangi motivatsiya: u «Jenoa»ga gol urgan futbolchiga qimmatbaho krossovka sovg‘a qildi
«Roma» 21 noyabr, yakshanba kuni «Jenoa» ustidan g‘alaba qozondi (2:0). Andrey Shevchenkoning genuyaliklar bosh murabbiyligidagi debyut o‘yini omadli bo‘lishiga 18 yoshli Feliks Afena-Gyan xalaqit berdi.

Kollaj: «Sports.ru»
Mourino o‘yin oxirlab borayotganda Eldor Shomurodov o‘rniga Feliksni maydonga tushirdi. Portugaliyalik mutaxassis tanlovda adashmadi: Afena-Gyan dublga erishdi, birinchi golidan so‘ng uni nishonlash uchun Jozening yoniga yugurdi. O‘yindan avval, agar ganalik yigitcha o‘zini ko‘rsata oladigan bo‘lsa, Mourino unga sovg‘a va’da qilgan.

«Men Feliksga o‘zi yaxshi ko‘radigan 800 yevrolik krossovkani sovg‘a qilishni va’da qildim. Shuning uchun u mening yonimga keldi va va’damni unutmasligimni aytdi. Ertaga esa u uchun krossovkani sotib olaman», — dedi Mourino o‘yindan so‘ng.

Joze aytdi — Joze bajardi. Feliksning bunga munosabati: yosh hujumchi Balenciaga Speed’ga ega bo‘ldi va xursandchiligidan raqsga ham tushdi.

«Sizdan abadiy minnatdorman, ser! Hali men bilan faxrlanasiz», — deb yozdi Gyan o‘z Instagram sahifasida.

Voqea kichik tortishuvsiz kechmadi. Afena-Gyan sovg‘a olishi jarayonida ishtirok etganlardan biri nojo‘ya hazil qildi: «Ichida banan bor…». Dastlabki videoyozuv o‘chirib yuborildi. Keyinchalik tahrirlangan versiyasi qayta joylandi.

Feliksning o‘zi bu hazilga tabassum qilib qo‘ydi va Instagram sahifasida vaziyat borasida tushuntirish berdi.

«Video orqa fonidagi izoh meni xafa qilmadi deb barchani ishontira olaman. U yerda hech qanday irqchilikka oid fikrlar yo‘q edi.
Klubga kelib qo‘shilganimda, hamma meni oila a’zosidek qabul qilgan. Kimdir men bilan hazillashdi, bu har bir oila a’zosida uchraydigan holat. Men ko‘p banan yeyishimni do‘stlarim biladi, shuning uchun ko‘pincha hazillashib turamiz — ushbu izoh ham kayfiyatni ko‘tarish uchun aytilgan edi.

Rimda o‘zimni uyimdagidek his qilmoqdaman. Meni qo‘llab-quvvatlagan Trigoriyadagi barchaga minnatdorchiligimni bildiraman va odamlar ba’zi narsalar haqida noto‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lishlarini istamayman. Qayg‘urganingiz uchun rahmat, endi esa keyingi o‘yinga diqqatimizni qaratamiz! Grazie and Forza Roma
», — deb yozdi hujumchi.

Tortishuvga juda ham katta e’tibor qaratish shart emas, muhimi Afena-Gyan endi «Roma»dagi o‘rnidan tashvishlanmasa ham bo‘ladi — u Joze Mourinoning sevimli o‘yinchilaridan biriga aylanmoqda.

Portugaliyalik murabbiy Feliksni ilk bor oktabr oyi oxirida «Kalyari»ga qarshi o‘yinda maydonga tushirgandi. Yosh hujumchining maydonda jamoasining kambek qilishiga yordam berdi, Jozening o‘zi esa diskvalifikatsiya sabab o‘yinni tribunadan tomosha qildi. O‘yindan so‘ng Mourino Feliks haqida o‘z Instagram’ida yozib qoldirdi: «O‘yin tugadi, 3 ochko. Shirin ovqat (kiyim almashtirish xonasiga kira olmayman) va yana bir yigit Afena-Gyan».

Gyanning o‘zi ham debyut o‘yinidan so‘ng murabbiyga minnatdorlik bildirdi: «Roma»da menga berilayotgan imkoniyat uchun barchaga rahmat aytmoqchiman. Murabbiy ishondi va imkon berdi — men esa tanlovda adashmaganini maydonda isbotlashga harakat qildim. Endi xarakter ko‘rsatish va yanada qattiqroq mehnat qilish lozim».

Mourino «Roma»da ba’zan tarkibdagi futbolchilardan shikoyat qiladi — «Budyo Glimt»ga qarshi o‘yindan so‘ng shu holat kuzatilgandi. Joze hozirgi yosh futbolchilar bilan chiqisha olmaydi, degan stereotip ham mavjud. «Lempard 23 yoshida haqiqiy erkak edi, hozirgilar esa hali yosh bola», — degan edi Joze bir paytlar.

Lekin Afena-Gyan uchun istisno qiladi: hozircha murabbiy ganalik iste’dod sohibini qiyin vaziyatlarda maydonga tushiryapti («Kalyari»ga qarshi 0:0, «Milan»ga qarshi 0:1, «Jenoa»ga qarshi 0:0 paytida Feliks maydonga tushirilgan). Undan tashqari yosh hujumchi uchun motivatsiya berishning original usullarini qo‘llamoqda: masalan, unga krossovka va’da qilib.

Va bu ish berdi: Feliks maydonda Mourino uchun kurashga tayyor. 18 yoshli futbolchi uchun onasi ham juda qadrli. Afena-Gyan debyutini onasiga bag‘ishlagan: «Onam hozir Ganada. Onajon, sizni yaxshi ko‘raman», — dedi hujumchi o‘yindan keyingi intervyusida.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mourinodan yangi motivatsiya: u «Jenoa»ga gol urgan futbolchiga qimmatbaho krossovka sovg‘a qildi