08:29 / 25.12.2021
1 145

"Paxtakor"ning sobiq legioneri agentlik faoliyati va Superliganing darajasi haqida nima dedi?

"Paxtakor"ning sobiq legioneri agentlik faoliyati va Superliganing darajasi haqida nima dedi?
O‘zbekiston chempionatida ko‘plab xorijlik futbolchilar o‘ynab ketgan. Ayniqsa, olti yil davomida “Paxtakor” safida to‘p surgan Boyan Miladinovichni yaxshi eslab qolganmiz.

Serbiyalik himoyachi “Paxtakor”da ko‘plab sovrinlar yutgan va bu borada uning ham hissasi beqiyos bo‘lgan. Yurtimizdan ketganidan so‘ng u o‘z omadini Malayziyaning “Felda Yunayted” klubida sinab ko‘rdi. Keyinchalik Serbiyaga qaytib, sobiq jamoasi – “Napredak” uchun o‘ynadi.

Miladinovich butsalarini mixga ilgan bo‘lsa-da, hali ham futbolda qolgan va agent sifatida ishlab kelmoqda. Qolganini suhbat davomida bilib olasiz.

- Boyan, sizni yurtimizda ko‘p eslab turishadi. Adashmasam hozir futbol agenti sifatida ishlayapsiz-a?
- Ha, bu rost. Men O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman. Har doim bu yerga biz katta xursandchilik bilan qaytamiz. Futbolchilik faoliyatimni yakunlaganimdan so‘ng, Serbiya superligasida vitse-prezident bo‘lib ishladim. Keyin sport direktoriga aylandim. Shu tariqa, yaxshi jamoani shakllantirishni boshladim va bu ish menga yoqib qoldi. O‘zbekiston bilan esa menda nihoyatda yaxshi aloqalarim bor. Shu sababdan keyinchalik agentlik faoliyatimni ham boshlab yubordim.

- “Paxtakor”dagi o‘yinlaringizni yaxshi bilamiz. Bu faoliyatingizdagi eng yorqin xotiralarmidi yoki boshqa klubda ham shunday tuyg‘ularni sezganmisiz?
- Ha, bu men uchun eng yaxshi xotiralar. “Paxtakor”da faoliyatimning olti yilini o‘tkazdim. Bu ajoyib olti yil edi. Ishonch bilan ayta olamanki, men o‘sha davrlarni hech qachon unutmayman. Xudo nasib qilsa, kun kelib “Paxtakor”ga qaytaman.

- Qaysi “Paxtakor” kuchli: siz o‘ynagan davrmi yoki hozirgisimi?
- Bilasizmi, mening fikrimcha, hozirgi “Paxtakor”dan men to‘p surgan “Paxtakor” kuchliroq bo‘lgan.

- Yaqinda Samarqandga kelib, “Dinamo” uchun yangi murabbiyni tavsiya qilganingizni eshitdim. Bu rostmi?
- Ha, bu rost. Murabbiy Predrag Rogan bilan birga kelgandik. Aytishim mumkinki, u juda yaxshi mutaxassis. Ishonchim komilki, uning boshchiligida “Dinamo” klubi keyingi yili Superligada juda yaxshi ishtirok etadi.

- Umuman olganda, qaysi futbolchilar bilan ishlayapsiz?
- Men ayni paytda Serbiya, Chernogoriya va Bosniyadagi o‘yinchilar bilan ishlayapman.

- Sir bo‘lmasa, o‘zbek klublari tomonidan o‘yinchilaringizga qiziqishlar bormi?
- Albatta, mening mijozlarimga takliflar bor. Ammo hozir bularning barchasini oshkor qilishning vaqti emas.

- O‘zbekistonlik futbolchilar bilan ham ishlaysizmi?
- Uch yil oldin Sanjar Shoahmedov bilan birga ishladim. O‘shanda uni Malayziyaga jo‘natib yuborgandim. Futbolchi u yerda ikki yil to‘p surdi. Keyin O‘zbekistonga qaytdi. Bu vaqtda esa pandemiya Malayziya klublarining budjetiga ziyon yetkazgandi. Shundan beri u yerlarda katta pullar to‘lash qiyin.

- Superligamizni kuzatayotgandirsiz. Hozirgi saviyamiz haqida nima deya olasiz?
- Albatta, kuzatyapmiz. Lekin oxirgi ikki-uch yilni oladigan bo‘lsak, daraja u qadar yaxshi emas. Lekin umid qilamanki, yaqin kelajakda bu holat o‘zgaradi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Paxtakor"ning sobiq legioneri agentlik faoliyati va Superliganing darajasi haqida nima dedi?