09:49 / 25.12.2021
1 906

Oston O‘runovni “Spartak”da nega o‘ynatishmadi? Sirlar ochilmoqda!

Oston O‘runovni “Spartak”da nega o‘ynatishmadi? Sirlar ochilmoqda!
Oston O‘runov o‘tgan yilning yozida “Spartak” klubi bilan besh yillik shartnoma imzolaganida o‘zbekistonlik futbol muxlislari juda xursand bo‘lgan edi.

Darhaqiqat, Rossiya premer-ligasida qolish uchun kurashadigan “Ufa” singari autsayder jamoada o‘ynaganidan ko‘ra, chempionlikni maqsad qilgan, Yevropa Chempionlar ligasida muntazam o‘ynash orzusi bilan yashayotgan qudratli va moliyaviy tomondan baquvvat klub sharafini himoya qilishi har tomonlama yaxshi-da. Qolaversa, futbolchilarimizning xorij ligalarining yetakchi klublarida to‘p tepishi, Yevropa miqyosidagi xalqaro musobaqalarda tajriba to‘plashi, taniqli va mashhur o‘yinchilar bilan raqobatlashishi oxir-oqibat terma jamoamiz manfaatiga xizmat qilishi hech kimga sir emas.

Oston O‘runov poytaxt klubiga qo‘shilganidan keyin ancha sinovlar va qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazganiga guvoh bo‘ldik. “Ufa”dagi ilk urinishida kreativ o‘yinlari bilan Rossiya premer-ligasining yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan deyarli barcha klublari orzusiga aylangan iste’dodli futbolchi nega birdan futbol o‘ynashni “unutib” qo‘ydi?

Vaqt o‘tgani sari hammasi oydinlashib bormoqda. O‘zbek futbolchisi “Spartak”da o‘ynab keta olmadi, degan fikr orqa planga o‘tib bo‘ldi. U o‘ynab keta olmadi emas, balki O‘runovni “qizil-oqlar” jamoasida o‘ynatishmadi.

To‘g‘ri, o‘sha paytdagi bosh murabbiy Domeniko Tedesko o‘yin yakunlanishi arafasida O‘runovni bir necha daqiqaga maydonga tushirib turdi. Lekin bu mana o‘ynatyapmizu, lekin o‘zini ko‘rsata olmayapti, degan tasavvur uyg‘otishga urinishdek tuyulmoqda.

Axir zo‘r o‘ynab turgan o‘yinchining iste’dodi, qobiliyati, mahorati bir pasda so‘nib qolmaydiku.

Xullas, “Spartak”dagi vaziyat O‘runovning faoliyatiga salbiy ta’sir qildi. Klub prezidenti Leonid Fedun, uning rafiqasi Zarema Salixova va o‘sha paytda klub bosh direktori bo‘lgan Shamil Gazizov o‘rtasidagi ichki kurash ufalik mutaxassis tashabbusi bilan olib kelingan Oston O‘runov va Aleksandr Kokorinning klubdan ketishiga olib keldi.

Yarim yil ishlab, uchta transferni amalga oshirganidan so‘ng bosh direktorlik lavozimidan haydalgan Gazizov va “Spartak” rahbariyati turli masalalarda sudlashdi. Bu to‘qnashuv hamon tingani yo‘q. Yaqinda Leonid Fedun Gazizovni O‘runov va Kokorin transferlaridan noqonuniy pul ishlab olganlikda ayblagani, Shamil esa bu masalada har qanday tekshiruvga tayyorligini bildirib, klub xo‘jayinini tuhmat qilayotganini iddao qilmoqda.

- Leonid Arnoldovichning Kokorin va O‘runov transferlarida agentoik komissiyasi haqidagi gaplari g‘irt tuhmat. Uni aldashyapti. U mana shu ikki futbolchi uchun komissiya bo‘lmaganini juda yaxshi biladi. Hammasi safsata va yolg‘on. Agentlik komissiyasi faqat Viktor Moyez uchun berilgan. Bu tasdiqlangan to‘lov edi. Negadir bunisini gapirishmayapti, - dedi Shamil Gazizov Leonid Fedunning aybloviga javoban.

Aslida Oston O‘runov masalasi hali yechilmagan. U 2025 yilning yozigacha davom etadigan shartnomaga ega. “Spartak” uni Shamil Gazizovning futbolchisi sifatida o‘ynatmasligi aniq bo‘lib ulgurgan. “Ufa” moliyaviy imkoniyati o‘nglansagina yozda o‘zbek futbolchisi transferini sotib olishi mumkin.

Biz Fedun va Gazizov mojarosida tarafkashlik qilmaymiz. Lekin Rossiya futbolida o‘z ta’chir kuchiga ega bu ikki shaxsning o‘zaro kelishmovchiligi, shubha-gumonlari, qo‘l urgan ishlari tufayli katta salohiyatga ega futbolchimizning faoliyati izdan chiqishiga va iste’dodi erta so‘nishiga sabab bo‘lishiga qarshimiz, albatta.

Oston O‘runov avvalgi darajasiga chiqishi uchun ancha ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. Buning uchun, eng avvalo, o‘ziga xotirjam to‘p tepib, mahoratini namoyish qila oladigan barqaror klub topishi talab etiladi.

O‘runov Rossiya premer-ligasiga o‘tganidan “Spartak” va “Ufa”da beri jami 33 ta uchrashuvda harakat qildi. Joriy mavsumda esa, ko‘p jarohat olayotgani bois atigi yetti marta maydonga tushdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oston O‘runovni “Spartak”da nega o‘ynatishmadi? Sirlar ochilmoqda!