19:15 / 12.01.2022
1 253

«El-Klasiko»: Xavi boshchiligida «Barselona» Karlo otaning yengilmas «Real»iga qarshi

«El-Klasiko»: Xavi boshchiligida «Barselona» Karlo otaning yengilmas «Real»iga qarshi
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Ispaniya Superkubogining yarim finalida «Barselona» va «Real» 12 yanvar, chorshanba kuni o‘zaro bahs olib boradi. Quyida mazkur uchrashuvga oid ma’lumotlar va qiziqarli faktlar taqdim etiladi.

12 yanvardan 16 yanvarga qadar Ispaniya Superkubogining yangicha formati ketma-ket uchinchi marta bo‘lib o‘tadi. Musobaqada «Atletiko» (Ispaniya chempioni), «Barselona» (Ispaniya Kubogi sohibi), «Atletik» (Ispaniya Superkubogi sohibi va Kubok finalchisi) va «Real» (Ispaniya vitse-chempioni) ishtirok etadi. 12 va 13 yanvar kunlari yarim final uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. G‘oliblar 16 yanvar kuni Ispaniya Superkubogi finalida ishtirok etadi.

Ispaniya Superkubogi — «Barselona» uchun joriy mavsumda hech bo‘lmaganda bitta sovrin qo‘lga kiritish imkoniyati
Xavi uchun bu murabbiylik faoliyatidagi ilk «El-Klasiko» bo‘ladi. Mutaxassis Ispaniya Superkubogi joriy mavsumda hech bo‘lmaganda bitta sovrin qo‘lga kiritish uchun imkoniyat ekanligini tushunib turibdi. Ispaniya chempionatida «Real» va «Sevilya»ga yetib olish qiyin (kataloniyaliklar «Real»dan 17, «Sevilya»dan 12 ochko ortda qolmoqda), Chempionlar Ligasidan chiqib ketdi, Yevropa Ligasida esa «ko‘k-anorranglilar» bilan bemalol kurasha oladigan jamoalar yetarli. Kubok musobaqalari zaxira bo‘lib qolmoqda. Ispaniya Kubogi 1/8 finalida «Barselona» «Atletik» bilan bahs olib boradi va bu uchrashuv ham oson kechmasligi aniq.

2022 yilning boshida «Barselona» uchta qiyin o‘yinda ishtirok etdi. La Liga doirasida «Malorka» ustidan 1:0 hisobida bazo‘r g‘alaba qozondi. Ispaniya Kubogida esa uchinchi divizion vakili «Linares» qiyinchilik bilan 2:1 hisobida taslim etildi. «Granada»ga qarshi mehmondagi uchrashuvda esa 1:0 hisobini ushlab qololmadi, 89-daqiqada raqiblar muvozanatni tiklab, kataloniyaliklarning 3 ochko olishiga to‘sqinlik qildi.

Mavsumni a’lo darajada o‘tkazayotgan «Real»
Madridliklar Ispaniya Superkubogining asosiy favoriti hisoblanadi. Karlo Anchelotti qo‘l ostida jamoa mavsumni a’lo darajada o‘tkazmoqda. To‘g‘ri, kuchsizroq jamoalarga qarshi o‘yinlarda omadsizliklar bo‘ldi, ammo hozirgi tig‘iz taqvimda istalgan klub ham yuz foizlik natija ko‘rsata olmaydi. «Real» «Inter», «Sherif» va «Shaxtyor»ni ortda qoldirib, guruhda birinchi o‘rinni egallagan holda Chempionlar Ligasi pley-off bosqichiga chiqdi. Ispaniya chempionatida ham 49 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.

Ammo 2022 yil «Real» uchun ko‘ngilsiz boshlandi. Madrid jamoasi «Xetafe»ga yutqazib qo‘ydi. Undan so‘ng Ispaniya Kubogida «Alkoyano» taslim etildi. La Liganing so‘nggi turida «Valensiya» yirik hisobda mag‘lub etildi. Uchrashuvda Vinisius Junior va Karim Benzema ikkitadan golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

«Barselona» va «Real» haqida qiziqarli faktlar
  • Jamoalarning o‘zaro oxirgi 20 o‘yinida tenglik yuzaga kelgan. 8 ta o‘yinda kataloniyaliklar zafar quchgan bo‘lsa, 8 ta o‘yinda madridliklarning qo‘li baland kelgan. Yana 4 ta uchrashuvda durang natija qayd etilgan;
  • «Barselona» barcha musobaqalarda so‘nggi 5 o‘yinining 3 tasida g‘alaba qozongan, 2 tasida durang natija qayd etgan;
  • «Real» barcha musobaqalarda so‘nggi 5 ta o‘yinda 3 ta g‘alaba, bitta mag‘lubiyat va bitta durangga erishgan;
  • Jamoalarning o‘zaro so‘nggi 4 o‘yinida «qirollik klubi» vakillari g‘alaba qozonmoqda.

Murabbiylarning o‘yin oldi fikrlari

- "Bu finalga chiqib, sovrin uchun kurashishga bo‘lgan chaqiriq. Ushbu o‘yin burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. O‘zimizni ko‘rsatish va himoyada ishonchli o‘ynashga harakat qilamiz.

«Real» ajoyib formada, musobaqa jadvalidan kelib chiqsak, balki, ular hozir Ispaniyada eng yaxshisidir. Biz esa o‘zimizning kuchli tomonlarimizni ko‘rsatib, kurashishimiz lozim. Ularga muammo tug‘dira olamiz. Oxirigacha kurashamiz.

Juda ko‘p «Klasikolar»da maydonga tushganman. Ba’zan favorit hisoblanib, g‘alaba qozona olmaganmiz, ba’zan esa teskarisi. «Barselona»da hozir qayta qurilish ishlari ketmoqda, shunday bo‘lsa-da kurashga tayyormiz. Qiyin bo‘lishi tabiiy, axir «Real» La Ligadagi eng ajoyib formada bo‘lib turgan jamoa
", - dedi «Barselona» bosh murabbiyi Xavi.

- "Biz o‘yinga yaxshi holatda keldik. Superkubokni uyga olib ketishni istaymiz. Bu mavsumdagi ilk sovrin bo‘ladi.

O‘yinda hamma narsa bo‘lishi mumkin. G‘alaba ham, mag‘lubiyat ham. Lekin durang bo‘lmaydi, g‘olib aniqlanishi kerak. Bu mavsumda bizdan ko‘ra ko‘proq muammolarga duch kelgan kuchli raqib bilan qo‘limizdan kelganicha o‘ynashimiz kerak, ammo har ikkala jamoada ham maqsad bitta — finalga chiqish.

«Klasiko» har doim teng o‘yin bo‘ladi. Raqamlar va La Ligadagi holat muhim emas. Bu Ispaniya Superkubogi yarim finali. Uchrashuv 0:0 hisobida boshlanadi.

«Barselona»da har doim jamoaga yordam beradigan Pike, Buskets, Xordi Alba kabi faxriy futbolchilardan tashqari, yosh futbolchilar ham ajralib turadi: Gavi va Niko Gonsales. Ularni yorqin kelajak kutmoqda deb o‘ylayman
", - dedi Karlo Anchelotti.

«Barselona»—«Real» uchrashuvi 12 yanvardan 13 yanvarga o‘tar kechasi soat 00:00 da boshlanadi. Ispaniya Superkubogi yarim finalidan o‘rin olgan ikkinchi o‘yin — «Atletiko» — «Atletik» bahsi 13 yanvar sanasiga belgilangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «El-Klasiko»: Xavi boshchiligida «Barselona» Karlo otaning yengilmas «Real»iga qarshi