09:00 / 17.01.2022
1 943

"Qizilqum"ga xorijlik yangi bosh murabbiy keldi, uning kimligini bilasizmi?

"Qizilqum"ga xorijlik yangi bosh murabbiy keldi, uning kimligini bilasizmi?
Yana o‘zgarishlar bo‘sag‘asida turgan “Qizilqum” klubi nihoyat 11 yanvardan Navoiyda mashg‘ulotlarga kirishgan. Bilasiz, klub o‘tgan yilgi chempionatni 9-o‘rinda yakunladi. Birinchi davradagi ishtiyoqini ko‘rib bu yil jamoa bemalol sovrinli o‘rinlar uchun kurashar ekan-da, deb o‘ylagandik. Biroq ikkinchi davraga kelib jamoaning natijalari pasayib ketdi.

Oxirgi paytlarda klubga xorijdan bosh murabbiy kelishi haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. Sports.uz ma’lumotiga qaraganda, kecha serbiyalik Nikola Lazarevich Navoiyga yetib kelgan. Tez orada “Qizilqum” bosh murabbiyi sifatida tanishtirilishi kutilmoqda.

29 yanvar kuni 44 yoshni qarshilaydigan mutaxassisning oxirgi ish joyi Saudiya Arabistonining “Al-Tavun” klubi hisoblanadi. U yerda yordamchi murabbiy sifatida ishlagan. Qolaversa, Tojikistonda ham bir necha yil mehnat qilgan. Aniqrog‘i, Tojikiston milliy terma jamoasida, “Istiqlol” hamda “Xo‘jand” jamoalarini ham boshqargan. U “Al-Tavun” klubidan oldin Liviyada “Al-Nasr” jamoasida ham faoliyat ko‘rsatganini qo‘shimcha qilish joiz. Umuman aytganda, Lazarevich Serbiya, Xitoy va Chernogoriyada ham ish olib borgan.

Nikola murabbiylik faoliyati davomida 2015 yili Tojikistonning “Istiqlol” klubini OFK Kubogi finaliga olib chiqqan. Shuningdek, 2015 va 2016 yilgi mavsumlarda Tojikiston chempionligiga erishgan. Yana ushbu yillarda Tojikiston Kubogi sohibiga ham aylangan. Qolaversa, 2015 yilda Tojikiston Superkubogida g‘olib chiqqan.

Bundan tashqari, serbiyalik murabbiy “Atletiko” (Madrid), “Bazel”, “Zenit” singari klublarda malaka ham oshirib qaytgan.

Tojikistonda ishlagani sababli o‘zbek futboli bilan yaqindan tanish. Buning ustiga “Xo‘jand”ni boshqargan kezlarida Toshkentda yig‘in o‘tkazgan paytlari ham bo‘lgan. Lazarevichga o‘zbek klublaridan oldin ham takliflar bo‘lgan. Misol uchun “Turon”, “Navbahor” kabi jamoalar uning xizmatiga qiziqish bildirishgandi.

Shunday ekan, Lazarevich uchun o‘zbek futboli begona emas. UYEFA “Pro” litsenziyasiga ega bo‘lgan mutaxassis ham Superligada o‘zini sinab ko‘rishga shijojati yuqori edi. U bilan ilgari ham bir necha bor Sports.uz sayti uchun suhbatlar ham tashkil qilganmiz. O‘shanda o‘zbek futbolida ishlashga bo‘lgan ishtiyoqi balandligini quyidagi fikrlari orqali sezgandik.

O‘zbek futbolining saviyasi ancha yuqori. Men futbolingizni Osiyodagi eng yaxshilaridan biri deb hisoblayman. O‘ylaymanki, o‘zbek klublaridan biri tez orada Osiyo Chempionlar ligasini yutishi mumkin. Agar menga o‘zimni chempionatingizda sinab ko‘rish haqidagi taklif bilan chiqsalar, bundan quvongan bo‘lardim. Shu zahoti bunday taklifga rozilik berib, o‘zbek futbolida omadimni sinashga tayyorman”.

Mana, endilikda murabbiy o‘z maqsadiga erishib turibdi. Rosti, Nikola bilan aloqalarni saqlab qolganimiz tufayli darhol u bilan yana bog‘lanishga erishdik. Darhaqiqat, u Navoiyga kecha yetib kelganini tasdiqladi va mashg‘ulotni kuzatgan. Reja bo‘yicha bugun shartnoma imzolanadi. Shuningdek, uning murabbiylar shtabidan yana ikki nafar serbiyalik joy olishi ham ma’lum bo‘ldi. Ular jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha va tahlilchi vazifasidagi murabbiylar hisoblanadi. "Qizilqum" jamoasi yangi murabbiy qo‘li ostida katta marralarni zabt etmoqchi. Bu yil esa jiddiy maqsad qo‘yilishi kutilyapti.

Albatta, tarkib masalasida ham yangi murabbiyning rejalari bor. Nikola Lazarevich “Qizilqum”ga serbiyalik legionerlarni ham taklif etmoqda va ulardan biri ertaga tashrif buyuradi. Ma’lumotlarga qaraganda, bittasi hujumkor yarim himoyachi sanaladi. Ungacha esa serbiyalik boshqa bir futbolchi – Aleksandar Stanisavlevich “Qizilqum” bilan shartnoma tuzgan. O‘tgan yilgi tarkibdan Grigalashvili, Kuxianidze, Vatsadze kabi legionerlar jamoa bilan xayrlashishgan. Asosiy posbon Ignatiy Nesterov esa klubdan ketmagan va mavsumga “Qizilqum” bilan tayyorgarlik ko‘rishda davom etyapti.

Umuman aytganda, “Qizilqum”ning 11 yanvardan boshlangan yig‘inida yangi futbolchilar ishtirok etmoqdalar. “Lokomotiv”ni tark etgan Temurxo‘ja Abduholiqov, Javohir Ilyosov va Shuhrat Muhammadiyev qo‘shilgan bo‘lsa, AGMKdan Bobur Yo‘ldoshev bilan Sanjar Shoahmedov ham yangi mavsumni Navoiyda boshlashadi.

Shu o‘rinda jamoaning amaldagi bosh murabbiyi Hamidjon Aktamovning taqdiri barchani qiziqtirayotgan bo‘lsa ajab emas. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, u klubda qoladi va yuqori lavozimlardan birini egallashi kutilmoqda. Xullas, hozircha “Qizilqum”da shunaqa gaplar. Darvoqe, yangi bosh murabbiyga suhbatlashish taklifimizni o‘rtaga tashladik. Faqat, avvalo shartnomaga imzo chekib olay, keyin bemalol gaplashamiz, degan holda u bilan kelishib oldik.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Qizilqum"ga xorijlik yangi bosh murabbiy keldi, uning kimligini bilasizmi?