1 561
Nihoyat, "Surxon" ham "uyg‘ondi". Xorijdan yangi bosh murabbiy va to‘rt nafar futbolchi kelmoqda!
Hozirda Superliga va pro liga klublari yangi mavsum uchun allaqachon tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborishgan. Faqat bir klub – “Surxon” bundan mustasno bo‘lib turibdi. Bu jamoadagi sukunat cho‘zilib ketdi-a?
Ma’lumki, klubga yangi homiy egalik qilishi munosabati bilan endilikda yangicha qiyofaga kirishi kutilayotgan “Surxon” aynan qanday ko‘rinishda bo‘lishi bizni ham qiziqtirayotgani rost. Lekin yanvar oyining yarmidan ham o‘tdikki, biroq hali-hanuz bu jamoadan hech qanday sado chiqmayotgandi. Bu esa turli savollarni keltirib chiqardi. Qolaversa, o‘tgan yilgi qarzdorliklar mavjudligi borasida ham ma’lumotlar bor. Buning ustiga hozirgi kunga kelib jamoaning aksar o‘yinchilari boshqa klublarga o‘tib ketishdi. Ko‘rinib turibdiki, “Surxon” yangitdan shakllantiriladi. Hozircha o‘tgan yilgi jamoa bilan qarzdorlik va yana boshqa masalalar qanday hal etilishi bizga qorong‘u. Lekin “Surxon” ham endi yig‘inga kirishadi.
Nihoyat, klub 19 yanvardan Toshkentda mashg‘ulotlarni boshlaydi. Yodingizda bo‘lsa, ilgari “Surxon”ni ispaniyalik mutaxassislar boshqarishi xususida ma’lumot bergandik. Tobora ushbu xabar o‘z tasdig‘ini topmoqda. Sports.uz saytiga yetib kelgan ma’lumotga ko‘ra, jamoada ishlaydigan murabbiylar hamda yangi takliflar etilayotgan legionerlar ma’lum bo‘lgan.
Avvalo shuni aytish lozimki, “Surxon”ning yangi sport direktori lavozimida ispaniyalik Xuan Manuel Barroso ish boshlagani to‘g‘risida ilgari xabar berib o‘tgandik. U faoliyati davomida “Eybar” klubi sport direktori, shuningdek, “Rayo Valekano”da ham sport direktori hamda akademiya direktori lavozimlarida bir necha yil mehnat qilgan. Endi esa “Surxon”da o‘z ishini boshladi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, klubni ispaniyalik mutaxassislar boshqarishadi. Bosh murabbiy rolini kim bajarishi muxlislarni qiziqtirayotgandi. Ma’lum bo‘lishicha, yangi mavsumda “Surxon” jamoasiga 61 yoshli Xordi Fabregat Valmanya bosh murabbiylik qiladi.
Ispaniyalik murabbiy futbolchilik faoliyatida himoyachi sifatida harakat qilgan. U haqidagi ma’lumotlarni izlashga kirishganimizda oldingi ishlagan klublarini topdik. Valmanyaning oxirgi ish joyi mahalliy “Ordino” klubi hisoblanadi. Bundan tashqari, “Kuenka, “Arandina”, “Gixuelo”, “Amposta” va yana bir qator nomi bizga unchalik tanish bo‘lmagan jamoalarda faoliyat olib borgan. Shunday qilib, Xordi Fabregat Valmanya O‘zbekistonda murabbiylik ishini boshlaydi. Darvoqe, uning yordamchilari ham Ispaniyadan. Masalan, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha Xorxe Erediya Ruiz “Surxon” klubida ishga kirishadi. Uning boshqa yordamchilari ham shu kunlarda oydinlashib qoladi.
Endi jamoaga kelayotgan yangi legionerlarga kelsak, to‘rt nafar ispaniyalik futbolchilar “Surxon” sharafini himoya qilish uchun yo‘lga chiqishmoqda. Albatta, ular haqida ham ma’lumotlarga ega bo‘ldik.
Xaver Ximenes Kamarero – 1987 yilning 8 iyun kuni tavallud topgan. Ampluasi darvozabon. “Alaves” klubi tarbiyalanuvchisi. Futbolchilik faoliyati davomida “Valyadolid”, “Mursiya”, “Levante”, “Alkorkon”, “Elche”, “Ueska”, “Salamanka” singari jamoalar darvozasini qo‘riqlagan.
Serxio Rodrigez Sidonya – 1989 yilning 5 oktabr kuni tavallud topgan. Ampluasi chap qanot himoyachisi. U ham Ispaniyaning qator klublarida o‘ynagan. “Levante V”, “Granada”, “Ovedo”, “Marbelya”, “Melila”, “Ekstramadura”, “Lorxa Deportivo” va yana boshqa jamoalarda to‘p surgan. Asosan Ispaniya ikkinchi divizionida o‘ynagan.
Aytor Monroy Rueda – 1987 yilning 18 oktabr sanasida tavallud topgan. Ampluasi yarim himoyachi. Yuqoridagilardan farqli o‘laroq, bu futbolchi Ispaniyadan tashqari ham boshqa chempionatlarda to‘p surgan. U Madridning “Atletiko V” jamoasida, shuningdek, “Logrones” klubida o‘ynagan. 2011 yildan 2014 yilgacha Ruminiya chempionatda ko‘rinish bergan bo‘lib, u yerda “Chaxleul” hamda ”CHFR Kluj” jamoalarida to‘p surdi. So‘ng hozirda hamyurtimiz Jasur Yaxshiboyev o‘ynayotgan Moldovaning “Sherif” tarkibida ham ma’lum vaqt harakat qilgan. Shundan so‘ng, 2015-2017 yilgi mavsumlarda Isroilning “Makkabi” klubida faoliyat ko‘rsatdi. Keyinchalik yana Ruminiya chempionatiga qaytib “Dinamo” (Buxarest) va “Dunerya” klublarida mehnat qildi. Futbolchining oxirgi klubi esa Hindistonning “Jamshedpur” jamoasi bo‘ldi.
Luis Migel Kesada Sanches – 1996 yilning 11 fevral kuni tavallud topgan. Ampluasi – qanot himoyachisi.
U Ispaniya va Donimikan Respublikasi fuqaroligiga ega. 26 yoshli o‘yinchining yuqoridagi legionerlardan farqli tomoni shundaki, u “Real” Madrid futbol klubi tarbiyalanuvchisidir. 2013 va 2015 yillar davomida Luis Sanches “Real”ning U-17, U-18 hamda U-19 jamoalarida to‘p surgan. So‘ngra, “Real Madrid Kastilya”da o‘ynadi. Shuningdek, “Olot”, “Kordova” va “Kadis” klublari sharafini ham himoya qilgan. Oxirgi klubi aynan “Kadis” sanaladi. Bu futbolchi o‘z vaqtida “Real”ning asosiy mashg‘ulotlarida ham muntazam ishtirok etgan. U paytda Krishtianu Ronaldu “Real”da edi. Sanches esa faqat Ispaniya birinchi divizionida “Real”ga tegishli bo‘lgan “Kastilya”da ko‘p vaqtini o‘tkazgan. Garchi himoyachi bo‘lishiga qaramay, universal o‘yinchi sifatida ham nom qozongan.
Bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur legionerlar “Surxon” uchun to‘p surishadi. Albatta, ular qanday qilib bu chorlovga rozi bo‘lishdi, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. “Real” tarbiyalanuvchisi va yana boshqa legionerlarni O‘zbekiston chempionatida to‘p surishga klub sport direktori Manuel Barroso ko‘ndirgan.
Yangi rahbariyat murabbiylar shtabi va legionerlarni aniqlashtirib oldi. Ammo tarkibni yana qaysi o‘yinchilar bilan to‘ldirishadi? Aniqrog‘i, deyarli asosiy tarkib a’zolari ketishgan va o‘rniga boshqa mahalliy futbolchilar zarur bo‘ladi. Klub rahbariyati bu borada ham ishlarni olib boryapti. “Turon” bilan xayrlashgan himoyachi Davron Umirov va “Andijon”da to‘p surgan yarim himoyachi Baxtiyor Qosimov katta ehtimol bilan yangi mavsumni “Surxon”da boshlaydilar. Shuningdek, “Bunyodkor”dan ketgan Sanjar Rashidovga termizliklarning qiziqishi bor. Bir so‘z bilan aytganda, legionerlar bilan birga mahalliy o‘yinchilar ham yangi boshlanajak yig‘inda qatnashadilar.
“Surxon”dagi o‘zgarishlar qanday naf keltirishini oliy hakam – vaqt ko‘rsatadi. Yangi kelayotgan murabbiy nimalarga qodir? Legionerlarchi? Umuman aytganda, yangicha qiyofa kasb etayotgan jamoani endi yanada diqqat bilan kuzatishda davom etamiz. Qilinayotgan bunday o‘zgarishlar chempionatdagi intriganing ortishiga xizmat qilsa bu boshqa gap...
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Toshkentda vafot etgan rossiyalik jurnalist ishiga doir qo‘shimcha ma’lumot