1 266
"Paxtakor"ga qanday shart aytdi? OCHL uning uchun reklamami? Xorijdan umid uzmadimi? Ikrom Aliboyev barchasiga oydinlik kiritdi
Tajribali o‘yinchi Ikrom Aliboyev endi “Paxtakor” sharafini himoya qiladi. O‘tgan yili Janubiy Koreyaning “Tedjon Sitizen” klubida to‘p surgan hamyurtimiz o‘zimizning Superligada faoliyat olib boradi. Aliboyev klub bilan shartnoma imzolaganidan so‘ng Sports.uz muxbiriga bir qator masalalarda fikr bildirdi.
“Koreyadan taklif bo‘lmadi”
- Erkin agent bo‘lishim bilanoq “Paxtakor” mutasaddilari men bilan bog‘landi. Ularga shartimni aytdim. Biz o‘zaro kelishdik va mutasaddilardan 20 yanvargacha vaqt berishlarini so‘radim. Menga yana Janubiy Koreya yoki boshqa davlatlardan takliflar bo‘lib qolishi mumkin edi. Afsuski, taklif bo‘lmadi va “Paxtakor” variantida qolishga to‘g‘ri keldi. Men bundan xafa emasman. “Paxtakor” ham o‘z oldiga oliy maqsadlarni qo‘ygan. Bu yil Osiyo Chempionlar ligasida ham ishtirok etadi. O‘sha nufuzli musobaqada ham jamoamga o‘z hissamni qo‘shib, yaxshi natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz. Nasib bo‘lsa, keyinchalik xorijdan takliflar bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyorman.
“Ko‘nglim to‘lmadi”
- Koreyadagi faoliyatimni o‘zim uchun qoniqarli demagan bo‘lardim. Ha, dastlabki o‘tgan mavsum qoniqarli kechdi. Ammo ikkinchi va uchinchi yillardagi mavsum qoniqarsiz bo‘ldi. Jarohatga uchradim va shuning hisobiga kam o‘ynadim. Tabiiyki, bundan unchalik ko‘nglim to‘lmadi.
“Aftidan, o‘yinim ma’qul kelmadi, shekilli”
- “Tedjon”dan ketganimni sababi, mening klub bilan tuzgan shartnomam tugagandi va shu bois u yerdan ketdim. Ular men bilan hamkorlik qilishni xohlashmadi. Shu sababdan “Tedjon”ni tark etishga majbur bo‘ldim. Boya aytganimdek, shartnomam tugagandi. Koreyaning boshqa klublaridan takliflar kutdim, lekin bo‘lmadi. Aftidan, o‘tgan yilgi o‘yinlarim “Tedjon” jamoasiga ham, boshqa klublarga ham ma’qul kelmagan shekilli. O‘tgan yilgi jarohatdan keyin kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldim. Lekin o‘ynagan o‘yinlarimning barchasida asosiy tarkibda maydonga tushdim. Hammasi bo‘lib 17 ta uchrashuvda o‘ynadim.
“Yangi mavsum qiziqarli o‘tadi”
- Iloji boricha chetda ko‘proq to‘p surishga harakat qildim. Lekin aytib o‘tganimdek, menga boshqa variant bo‘lmadi. Uch yildan keyin yurtimizga qaytdim. Uch yil davomida O‘zbekistonda futbol tomonidan yaxshi o‘zgarishlar bo‘ldi. O‘ylaymanki, yangi mavsum yanada qiziqarli o‘tadi. Bu yerga qaytganim menga sira ham boshqacha tuyulgani yo‘q. “Lokomotiv”da bir qancha mavsumlarni o‘tkazganman. Shuning uchun yangi klubga moslashishda qiyinchiliklar tug‘dirmaydi, deb o‘ylayman.
“Xorij klublaridan taklif kutaman”
- Aytib o‘tganimdek, Osiyo Chempionlar ligasida “Paxtakor” tarkibida o‘zimni ko‘rsatishga bor kuchimni sarflayman. Jamoam bilan OCHLda uzoqroqqa borishga harakat qilamiz. Albatta, ushbu musobaqadagi ishtirok men uchun ham reklama vazifasini o‘tab berishini xohlardim. O‘zimni yaxshi tomondan ko‘rsatib, yana xorij klublaridan takliflar kutaman.
“Orzularimdan biri ushalish arafasida”
- Bungacha “Lokomotiv” safida beshta mavsumni o‘tkazdim. Klub bilan chempion bo‘ldim, Kubok sohibiga aylandim. Shu fursatdan foydalanib, “Lokomotiv”ga minnatdorchilik bildiraman. Har doim bu jamoa yuragimning bir chetida qoladi. “Paxtakor”da to‘p surishimga kelsak, aslida men “Paxtakor” akademiyasidan chiqqanman. 13 yoshimda klubga kelib, shu yerda 5 yilni o‘tkazganman. Umid qilamanki, “Paxtakor”da ortiqcha qiyinchiliklar bo‘lmaydi. O‘shanda akademiyada yurgan paytlarimizda asosiy tarkibda to‘p surishni orzu qilardim. Mana, o‘sha orzularimdan biri ushalish arafasida.
“Barchamiz birgalikda yetakchimiz”
- “Paxtakor”da ajoyib futbolchilar yig‘ilgan. Bu yerda juda yaxshi yoshlar ham yetishib chiqmoqda. Kluba yana bir yetakchi degan narsa yo‘q. Hammamiz bir jamoamiz. Yigitlar ham shunga yarasha ajoyib. O‘ylaymanki, barchamiz birgalikda yetakchi bo‘lib, jamoamizning yaxshi natijalariga erishishiga muvaffaq bo‘lamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Toshkentda vafot etgan rossiyalik jurnalist ishiga doir qo‘shimcha ma’lumot