1 041
"Qizilqum" katta va jiddiy loyiha. Alisher Jalilov AGMKda zo‘rlaridan biri bo‘ladi" - Nikola Lazarevich
Navoiyning "Qizilqum" jamoasining murabbiylar shtabida o‘zgarishlar bo‘lganidan xabaringiz bor. Tojikistonning turli yosh toifadagi jamoalari, "Xo‘jand", "Istiqlol" klublaridagi faoliyati bilan tanish hisoblangan serbiyalik murabbiy Nikola Lazarevich bir necha kun oldin "Qizilqum"da ish boshladi.
- Janob Lazarevich siz bilan bir yil oldin suhbatlashganimizda O‘zbekiston chempionatida ishlash istagi borligini aytgan edingiz. Bundan sizda yurtimizda ishlash xohishi kuchliligini bilish qiyin emasdi. Mana o‘sha vaqt ham keldi va siz "Qizilqum"dasiz...
- Intervyuga taklif qilganingiz uchun katta rahmat. Siz mutlaqo haqsiz. Tojikistondagi ko‘p yillik faoliyatim davomida bevosita O‘zbekiston chempionatini ham kuzatib bordim. Mana shu jarayonda yurtingizda o‘zimni sinab ko‘rish fikri tug‘ildi. Bu yerda o‘z vaqtida dunyo yulduzlari Skolari, Rivaldo faoliyat olib borgan. Shuningdek o‘zbek klublarida serbiyalik futbolchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shu bois men uchun O‘zbekiston begona davlat hisoblanmaydi. Yetarli ma’lumotlarga egaman.
- Sizda o‘tgan mavsumda ham bunday imkoniyat yuzaga kelgan edi. "Dinamo", "Navbahor" jamoalari bilan kelishuv nima uchun o‘xshamagan edi?
- "Navbahor" bilan faqat agentlar orqali muzokara bo‘lgan. Yakunda ular mahalliy mutaxassis nomzodida to‘xtalishdi. "Dinamo" klubi rahbarlari ham meni jamoada ko‘rishni istashgan edi, deya olaman. Lekin bu paytda men boshqa jamoa bilan muzokaralarga kirishgandim.
- "Qizilqum"dan tushgan taklifni qanday qabul qildingiz?
- Menda boshqa variantlar ham yo‘q emasdi. Ular orasida faqat "Qizilqum"ning taklifi aniqligi e’tiborimni tortdi. Ko‘p ham o‘ylab o‘tirganim yo‘q. Ishonamanki, bu yerda jiddiy va katta loyiha bor.
- So‘nggi yillarda Saudiya Arabistonining "Al Tavun", Liviyaning "Al Nasr" klublarida faoliyat yuritdingiz. U yerdagi sharoit haqida ortiqcha to‘xtalishimiz shart emas. Maydonlar, mashg‘ulot jarayoni, vitaminizatsiya va hokazo. "Qizilqum"da siz istagan sharoitlarni yaratib berishyaptimi?
- To‘g‘ri ta’kidladingiz. Saudiya Arabistonida futbol darajasi juda yuqori. Tashkilotchilik yaxshi saviyada. Infratuzilma borasida ham maqtana oladi. Bir so‘z bilan aytganda futbolni rivojlantirish uchun barcha narsa bor. Futbolning har bir segmentida mutaxassislar bor. "Qizilqum" rahbariyati bilan jiddiy muzokaralar olib bordik. Barcha narsani muhokama qildik. Umid qilamanki, hammasi ko‘ngildagidek kechadi.
- Rahbariyat oldingizga qanday maqsadlar qo‘ydi?
- Yangi mavsumda oldimizga yuqori maqsadlar qo‘yilgan. O‘zimiz ishtirok etadigan hamma frontda oxirigacha kurashishni istaymiz.
- Hozirgacha "Qizilqum" tarkibiga Temurxo‘ja Abduxoliqov, Shuhrat Muhammadiyev, Javohir Ilyosov, Aleksandr Stanislavevich singari sifatli futbolchilarni jalb qildi. Mavsum startiga qadar tarkibda yana kutilmagan sovg‘alarni ko‘ramizmi?
- Men ham shunday o‘ylamoqdaman. Biz tarkibni yana kuchaytirishimiz kerak. Kerakli pozitsiyalarga 3-4 nafar ijrochi olishimiz mumkin. Turkiyaga ketgunimizga qadar hammasi hal bo‘ladi.
- Istalgan chempionatda chetdan kelgan murabbiydan ko‘p narsa kutishadi. Bizda bu narsa ikki hissa kuchli. Bosim esa katta bo‘ladi. Xorijlik o‘z nomi bilan xorijlik. Natija unda ustuvor sanaladi. Bunga tayyormisiz?
- Murabbiy har doim bunday holatlarga tayyor turishi kerak. Men tabiiy qarayman. Bosim bo‘ladi albatta. Biz ayni paytda chempionat startini intiqlik bilan kutyapmiz.
- Joriy yilda "Dinamo"ni hamyurtingiz Predrag Rogan boshqaradi. Demak o‘ziga xos serbiyalik murabbiylar derbisini ko‘rar ekanmiz-da...
- "Dinamo"da ikki nafar serbiyalik murabbiy ishlamoqda. Serbiyaliklar derbisi qiziqarli kechishi shubhasiz. Shunga yarasha raqobat ham yuz beradi. Kuchli raqobat bor joyda, sifat ham yaxshi bo‘ladi.
- Tojikistonning "Istiqlol" jamoasi yetakchisi Alisher Jalilov AGMKga ko‘chib o‘tdi. Bu qishning eng yaxshi transferi bo‘lishi mumkinmi?
- Alisher Jalilov Tojikistonning eng yaxshi futbolchilaridan biridir. Uning kelishi AGMK yarim himoyasini kuchaytirmay qolmaydi. O‘ylaymanki, u olmaliqliklar tarkibida eng zo‘rlaridan biri bo‘ladi.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Toshkentda vafot etgan rossiyalik jurnalist ishiga doir qo‘shimcha ma’lumot