
Kecha Superliga uchun qur’a tashlanganidan xabardorsiz. Yana elitaga qaytgan Samarqandning “Dinamo” klubi o‘z maydonida “Paxtakor”ni qabul qiladigan bo‘ldi. Shu sababli “Dinamo” bosh murabbiyi Predrag Rogan bo‘lajak bahs to‘g‘risida fikr bildirdi.
“Men qur’a haqida o‘ylamagandim. Qolaversa, qanday raqib tushish-tushmasligi borasida menda biror-bir xohish yo taxmin bor edi, deya olmayman. Chunki shundoq ham biz ligadagi har bir raqib bilan uyimizda va safarda o‘ynaymiz.
Endi qur’a natijalariga ko‘ra, kimlar bilan to‘qnash kelishimiz oydinlashdi. Binobarin, dastlabki turda mamlakatning ko‘p karra chempioni sanaladigan “Paxtakor”ni qabul qilish biz uchun katta sharafdir. O‘zimizni maydon egasidek tutishga harakat qilamiz va nomdor raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsatish payida to‘p surishimiz tayin.
Ammo, tan olaman, bunday kuchli raqib bilan ilk turdanoq to‘qnash kelish har qanday ishtirokchisiga oson bo‘lmasdi. Boshqa tomondan olib qaraganda, bu samarqandlik ishqibozlarni yaxshi o‘yin bilan quvontirish uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi.
Fursatdan foydalangan holda mahalliy ishqibozlarimizni stadionga maksimal darajada tashrif buyurishlarini va bizni zo‘r berib qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab qolardim. O‘z navbatida yigitlarimiz “Dinamo” sharafini munosib himoya qilish istagida ekanliklarini aytib o‘tmoqchiman.
Olg‘a, “Dinamo”! Birgalikda g‘alaba qozonamiz!”, - deya fikrini yakunladi, murabbiy.