23:30 / 02.03.2022
1 089

Baxtiyor Ashurmatov: "Magʻlubiyatimizga hakam aybdor deb aytolmayman"

Бахтиёр Ашурматов: "Мағлубиятимизга ҳакам айбдор деб айтолмайман"
Oʻzbekiston Superligasining 1-turidan oʻrin olgan "Neftchi" - "Qoʻqon-1912" (1:0) uchrashuvidan soʻng mehmonlar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

- Oʻyin durangga mos edi, lekin omad "Neftchi" jamoasi tomonida boʻldi. Birinchi chempionat oʻyini boʻlgani bois yigitlarimizda hayajon sezilib turdi. Jangovar oʻyin boʻlganiga qaramasdan, kam vaziyatlar yaratdik. Oʻylaymanki, oʻyindan oʻyinga yaxshi holatga chiqib boramiz. Toʻgʻri, toʻp nazorati bizda boʻldi, ammo raqib darvozasi yaqinida buning uddasidan chiqa olmadik.

Javohir Sidiqov ikkinchi hujumchi vazifasini bajarishi kerak edi. Bundan tashqari, Quvondiq Roʻziev hujumda yordam berishi nazarda tutilgandi. Moʻmin Meliev yakkalanib qoldi va toʻpni oʻzida saqlashga harakat qildi. Lekin afsuski, unda deyarli vaziyatlar boʻlmadi. Bitta hujumchi bilan oʻynaganimiz uchun yarim himoyachilar yordamga borishlari koʻzda tutilgandi", – deya gap boshladi Ashurmatov.

- Oʻtgan yilgi tarkibga nisbatan bu yilgi tarkib kuchliroq koʻrinyapti. Jamoaning oldiga qanday maqsad qoʻyilgan?
- Oʻtgan yilgi tarkibimizda jamoaviy oʻyin shakllangandi. Aytaylik, Muhammadanas Hasanov, Shohnazar Norbekov, Farhod Bekmuratov, Bobur Akbarov, Asad Sobirjonov kabi futbolchilar jamoani tark etishdi. Ularning oʻrnini toʻldirishga harakat qildik. Quvondiq Roʻziev va Javohir Sidiqovni ortga qaytardik. Hujumkor yarim himoyachilar koʻpaydi, lekin Farhod Bekmuratov va Iqbol Malikjonov ketgani bois tayanch yarim himoyachilarimiz kamaydi. Hozirgi paytda Oybek Rustamov yakkalanib qolyapti. Himoyamizda ham Bobur Akbarovning oʻrni sezildi. Afsuski, selektsiya ishlari jarayonida boʻydor himoyachi topa olmadik.

Oʻyinimizni shakllantirib olsak, hujumkorlik va toʻp nazorati bobida tarkibimiz kuchliroq boʻlishi mumkin. Oʻylashimcha, oʻtgan yilgi va hozirgi tarkibimiz teng kuchga ega. Agar etakchilarimizni saqlab qolganimizda, ancha kuchli tarkib bilan oʻynardik.

- Murod Xolmuhammedov endi faqat himoyada oʻynaydimi?
- Ha, Xolmuhammedovni faqat markaziy himoyada oʻynatamiz. Shuningdek, oʻrinbosarlar tarkibimizdagi futbolchilardan foydalanamiz.

- Penalti borasida nima deya olasiz?
- Penalti haqida hech narsa deya olmayman. Bosh hakam vaziyatga yaqin turgandi. VARdagilar unga xabar berganidan soʻng 6-7 daqiqa holatni oʻrganib chiqdi va penalti qoʻyishga qaror qildi. Hozir koʻrmasdan turib, uning qarorini muhokama qila olmayman. Magʻlubiyatimizga hakam aybdor deb aytolmayman. Yutqazdikmi, demak, yutqazdik. Yutuq uchun etarlicha harakat qila olmadik deb hisoblaymiz va yoʻqotilgan ochkolar oʻrnini keyingi turlarda toʻldirishga intilamiz.

- "Qoʻqon-1912" jamoasidan tashqari deyarli barcha jamoalar xorijda yigʻin oʻtkazishdi. Ushbu jarayon ham mavsumga tayyorgarlik jarayonida jamoaga ta'sir oʻtkazganmi?
- Bilasizmi, magʻlub boʻlgandan keyin "Turkiyada yigʻin qilganimizda yaxshi holatda boʻlardik", "Bu futbolchi ketmaganda jamoamiz kuchliroq boʻlardi" yoki "Hakam penalti yuzaga kelmaganda durang boʻlardi" deya roʻkach qilaversak, bu bahona boʻlib qoladi.

Biz oʻz rejamizga koʻra etarli darajada tayyorgarlik olib bordik. Ishonchim komilki, Javohir Sidiqov va Quvondiq Roʻziev bundan yaxshiroq futbol namoyish qila oladi. Ozgina vaqt kerak, ular haqiqiy Qoʻqon oʻgʻlonlari sanalishadi.

Muxlislarimizga alohida minnatdorchilik bildirgan boʻlardim. Magʻlubiyatga uchraganimizga qaramasdan, ancha ruhiy dalda berib turishdi. Jamoamiz nomidan rahmat. Xudo xohlasa keyingi oʻyinlarda ularning ishonchini oqlaymiz. "Neftchi"ni bugungi gʻalaba bilan muborakbod etaman.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport