Superligada dastlabki 4 ta tur yakunlangach, orada biroz tanaffus yuzaga keldi. Aniqrog‘i, endi orada O‘zbekiston Kubogining guruh bahslari o‘tkazib olinadi. Shundan so‘ng yana Superliga davom ettiriladi. Hozircha esa 4 ta turdan keyin o‘ziga yarasha xulosalarga ega bo‘lyapmiz. Chempionat avvalida klublarning imkoniyati borasida turli xil fikr va mulohazalar bildirilgandi. Turnir jadvaliga qarasangiz, unda “Qizilqum” bilan “Paxtakor” qo‘shhokimlikni o‘rnatib turganiga guvoh bo‘lasiz.
Biz bugungi maqola orqali ko‘proq autsayderlar haqida so‘z yuritmoqchimiz. Doimgidek, mavsum boshida favoritlar bilan bir qatorda autsayderlar kim bo‘lishi mumkinligi yuzasidan ham o‘ziga yarasha taxminlar bildirilgan. Mana, endilikda 4 turdan so‘ng, musobaqa jadvalida hali g‘alaba qozonmagan ikkita klub qoldi. Bular – Termizning “Surxon” jamoasi bilan Samarqandning “Dinamo” klubi. Aynan shu jamoalar turnir jadvalida oxirgi ikki o‘rinni bo‘lishib turishibdi. “Surxon”da 2, “Dinamo”da esa 1 ochko bor.
Eng qizig‘i, chempionat boshida ko‘pchilik tomonidan aynan jon saqlab qolish uchun kurashadigan klublar orasida “Surxon” bilan “Dinamo” ko‘proq tilga olingan. Albatta, to‘ydan oldin nog‘ora chalish yaxshi emas. Bilamiz, mavsum yaqindagina boshlandi, biroq bildirilayotgan taxminlar boshidanoq rostligini ko‘rsatayotgandek. Bu yil chempionatimizga yangi xorijlik mutaxassislar kelganini ham bilasiz. Aynan ulardan ikki nafari “Surxon” bilan “Dinamo”da ish boshlashgan.
Serbiyalik murabbiy Predrag Rogan “Dinamo” boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan chog‘ida ilk intervyusini Sports.uz sayti uchun bergandi. O‘shanda uning rejalari, maqsadlari va qanday o‘yin qurmoqchiligi haqida aytgan gaplaridan keyin “Dinamo”dan bu yil ko‘p narsa kutganlar bo‘ldi. Buning ustiga tarkibda ham yaxshigina o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Pro ligadan chiqqaniga qaramay, jiddiy maqsadlar uchun kurashish istagi yuqoriligini bot-bot ta’kidladilar.
Rogan jamoasi ilk turni Samarqandda “Paxtakor”ga qarshi o‘tkazdi. Amaldagi chempion debyutant ustidan g‘alaba qozondi va buni ko‘pchilik kutilgan natija sifatida qabul qildi. Keyingi turda “Dinamo” Jizzaxda “So‘g‘diyona” bilan o‘ynadi. Unda yagona gol tufayli “Dinamo” yana yutqazdi. 3-turga kelib Rogan jamoasi balki endi o‘z maydonida “Qizilqum”ni mag‘lub etadi, deb o‘ylashgandi, mahalliy muxlislar. Lekin amalda bunday bo‘lib chiqmadi. Ikkita mag‘lubiyatdan so‘ng “Dinamo” dastlabki ochkosini qo‘lga kiritdi. O‘tgan turda serbiyalik murabbiy Toshkentda “Bunyodkor” ustidan g‘alaba qozonishga astoydil harakat qildi-yu, biroq 0:1 hisobidagi g‘alabasi yakunda 2:1 ko‘rinishidagi mag‘lubiyatga aylanib qoldi. Natijada “Dinamo” yangi murabbiyi boshchiligida g‘alabasiz seriyasini davom ettiryapti.
Klubning Kubok bahslarida qanday vazifa qo‘yilgani hozircha bizga mavhum. Lekin Rogan birinchi navbatda chempionatda tezroq g‘alabasini boshlab, jamoasining mavqeini ko‘tarish haqida o‘ylayotgan bo‘lsa ajab emas.
Anxel Lopes ustozlik qilayotgan “Surxon”ga keladigan bo‘lsak, ispaniyalik mutaxassis Rogandan farqli ravishda yangi jamoasidagi ishini mavsum boshlanishiga 20 kuncha qolganida boshlagan. Predrag esa qishki yig‘in boshidanoq “Dinamo”ni o‘zi shug‘ullantirishga kirishgan. Lopes “Surxon”da o‘zining o‘yin uslubini joriy qilishga harakat qilyapti. Termiz klubi uy stadionining ta’mirlanayotgani bois raqiblarini Termizda qabul qilmayapti. Aynan Samarqandda “Dinamo”ning uy stadionidan foydalanyapti. “Surxon” birinchi turda Toshkentda “Olimpik” bilan durang o‘ynadi. 2-turda “Navbahor”ga 1:2 hisobida yutqazdi. Keyin Bekobodda “Metallurg” bilan golsiz durang o‘ynagan bo‘lsa, oxirgi turda Samarqandda AGMKga ham 1:2 natijasi bilan yutqazib qo‘ydi. Shunday qilib, “Surxon” hisobida hozircha 2 ta ochko bor, ammo g‘alaba yo‘q.
Baribir ushbu ikkala klub haligacha g‘alaba qozona olmayaptimi, demak ularga nimadir yetishmayapti. Xorijlik mutaxassislarni bu yerga shunchaki taklif qilishmagan. Jamoa rahbarlari va muxlislariga g‘alabasiz seriyalar yoqmasligi aniq. Ammo “Dinamo” bilan “Surxon”da bu borada qanday pozitsiyada bo‘lishyapti? Rogan bilan Lopesning klublarida uzoq ishlashlari albatta qayd etadigan natijalariga bog‘liq. Ammo shu holat davom etaveradigan bo‘lsa, ularga chiqish eshiklari ko‘rsatiladimi? Balki Kubokdagi g‘alabalar ularni qutqarib qoladimi? Buni vaqt ko‘rsatadi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi