12:18 / 05.04.2022
1 637

O‘zbek futbolchisini Yevropada e’tirof etishdi

O‘zbek futbolchisini Yevropada e’tirof etishdi
Belarus oliy ligasi o‘zbek futbolchilari uchun omadli chempionatga aylanib bormoqda. Har holda so‘nggi yillarda bu chempionatda o‘ynagan futbolchilarimiz faoliyatida ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Ayniqsa, “Energetik-BGU” jamoasi har mavsum bir necha futbolchimiz bilan o‘z tarkibini kuchaytirmoqda. Bu jamoada berilgan imkoniyatdan unumli foydalayontgan hamyurtilarimiz o‘zini Yevropada tanitib, hatto O‘zbekiston milliy terma jamoasidan ham chaqiruv olgani bor gap.

Misol tariqasida, Yevropadagi faoliyatini “Energetik-BGU”dan boshlab, qisqa fursat ichida Belarus va Polsha chempioni bo‘lgan Jasur Yaxshiboyevni keltirishimiz mumkin. Taqdir taqozosi bilan Moldovaning eng qudratli klubi “Sherif”dan qo‘nim topgan Jasur UYEFA Chempionlar ligasida “Santyago Bernabeu”da “Real” darvozasini ishg‘ol qilib, tarix yaratgani va mavsum oxirida Moldova chempionligini rasmiylatirish ehtimoli kattaligi ham o‘zbekistonlik muxlislarni xushnud etadi.

Joriy mavsumda ham Belarus chempionatini sinchkovlik bilan kuzata boshladik. Bu gal ham “Energetik-BGU” o‘zbek futbolchi tarbiyalanuvchilarining yordamiga tayanmoqda. Jamoadagi to‘qqizta legionerdan uch nafari bizning futbolchilar – Abduqodir Husanov, Shohruh Abdurahmonov va Bobur Abduxoliqov.

Oliy liganing dastlabki ikki turi yakunlariga ko‘ra, “Energetik-BGU” yuz foizlik natija ko‘rsatayotgan ikki jamoadan biri bo‘lib turibdi. Minsklik “talabalar” ketma-ket ikki o‘yinda bir xil 3:1 hisobida zafar quchdi. Uchala futbolchimiz ishtirok etgan har ikki uchrashuv qahramoni Bobur Abduxoliqov bo‘ldi.

Qashqadaryolik futbolchi bu o‘yinlarda ikkitadan to‘p kiritib, bitta assist qayd etdi.

Chempionat homiysi Parimatch kompaniyasi birinchi tur yakunlariga ko‘ra, Bobur Abduxoliqovni “Fair Play” nominatsiyasi g‘olibi sifatida taqdirladi. Muxlislar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada hujumchimiz eng ko‘p ovoz to‘plab, asosiy raqobatchilari – Ivan Baxar va Vladislav Malkevichni ortda qoldirdi.

Belarusning eng nufuzli sport nashri www.pressball.by saytining yozishida Bobur Abduxoliqov “Vitebsk”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda ikkita gol urib, bitta golli pas berganidan tashqari, o‘yin davomida o‘ziga nisbatan ishlatilgan qo‘polliklarga umuman e’tibor qaratmadi, professional munosabatda bo‘lgani bilan ajralib turdi.

Parimatch kompaniyasi matbuot xizmati taqdirlash marosimidan keyin Bobur Abduxoliqovning fikrlarini e’lon qildi.

- “Fair Play” sovrini bo‘yicha taassurotim ijobiy. Juda yoqimli bo‘ldi. Men uchun ovoz berganlarning baridan minnatdorman. O‘zbekistondagi ko‘plab muxlislar ham meni qo‘llab-quvvatlab turganini bildim. Hammaga salomimni yo‘llayman. Kelajakda ham halol, samarali va yaxshi saviyali o‘yinim bilan muxlislarni xushnud etishga harakat qilaman. Halol va mas’uliyatli o‘yin har qanday sport turining muhim qismi hisoblanadi.

- “Energetik-BGU” haqida ikki og‘iz gapirsangiz. 2 ta o‘yin, 3:1 hisobidagi 2 ta g‘alaba, sizdan gollar va assistlar. Yangi jamoangizni ta’riflab bering. Chempionat startidagi bunday natijalar qayerdan kelyapti?
- Bu yosh va juda yaxshi jamoa. Har bir uchrashuvda g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Xato va kamchiliklar bor, biz o‘yindan o‘yinga ularni tuzatib borishga harakat qilyapmiz.

Shaxsiy maqsadlarim qanday? Har bir bellashuvda gol urish va jamoadoshlarimga golli paslar uzatish. Har gal bularni ko‘paytirib borish.

Ta’kidlash joizki, Bobur Abduxoliqov ikkinchi turning ham eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘ldi. Ikkita o‘yinda to‘rtta gol urgan hujumchimiz to‘purarlar bahsida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek futbolchisini Yevropada e’tirof etishdi