10:23 / 11.04.2022
1 182

Odilga dam, Cheranga yordam...

Odilga dam, Cheranga yordam...
Dastlabki turdan so‘ng tanqidlar yomg‘iri ostida qolgan "Paxtakor" bugun qiyin bahsdan 3 ochko olib ketdi.

"Al Taavon" bilan o‘yinda Sherzod A’zamovning safga qaytishi mudofaadagi xatolarni maksimal darajada kamaytirgani rost. Shuningdek, mazkur 90 daqiqalik Slavche Voyneski e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan bir qancha masalalarni oydinga olib chiqdi.

"Nuqta" ustida ishlash kerak
Bugungi o‘yini uchun "sherlar"ni alqash shart emas. Shunchaki, "Al Taavon" Saudiyaning barcha davrlarda qarshimizga chiqqan eng kuchsiz jamoasi edi (buni ichki chempionatdagi turnir jadvali ham tasdiqlayapti). To‘g‘ri, natija ijobiy bo‘ldi, buni birov inkor qilolmaydi. Lekin vaziyatlarni yakunlash borasida keragidan ortiq oqsalgani ham fakt.

Muataz Bag‘avini dastlabki 70 daqiqada Rashidovning uzoq masofadan yo‘llagan 2 zarbasi bezovta qildi, xolos. "Paxtakor" ko‘plab hujumlar tashkil qildi, ammo vaziyatlarga yakuniy nuqtani qo‘yuvchi "taran" yetishmadi. Shu tufayli "Al Taavon" jarima maydonida to‘pning o‘ngdan chapga, so‘ldan yana o‘ngga uchgan epizodlarning guvohiga aylandik.

Slavche Voyneski Cherandan "nayzaning uchi" sifatida foydalanayotgan edi. Draganning "Paxtakor"dagi vazifasini bilmaydiganlar ortiq bir qo‘lning barmog‘icha qoldi. Raqiblar jamoani "bo‘g‘ish"ning eng oson yo‘li serbiyalik futbolchini "bloklash" ekanini anglashadi. Shunday onlarda mas’uliyatni sardorning yelkasidan oladigan yordamchi kerak.

Bugun mazkur vazifasini haqiqiy Sardor bajarishi kerak edi. Ba’zi vaziyatlarda u 2015 yilda Saudiya Arabistoni darvozasiga kiperning oyoqlari orasidan to‘p kiritgan Rashidovga o‘xshamay qolgani ko‘rindi. Uzoqdan gollar uradigan Azizning o‘yini chiqmayapti. "Gol mashinasi" deb olingan Sharkich ko‘proq idish yuvadigan mashinaga o‘xshayapti. Zaxiradagi Mirahmadov esa top-forvardlar sirasiga kirmaydi.

Shunday ekan, Voyneski realizatsiya ustida jiddiy bosh qotirishi kerak. Yo‘qsa, kelgusi bahslarda ham Erkinovga umid bog‘lashdan o‘zga chora yo‘q.

Standartlarni qadrlash kerak
"Sepaxon"ga qarshi bahs "Paxtakor"ning standart vaziyatlarda anchayin ojizligini ko‘rsatib berdi. Shukr, bugun jarima yoki burchak zarbasidan keyin gol o‘tkazilmadi. Ammo oldingi chiziqdagi vaziyatlardan ham naf chiqmadi. Vaholanki, "sherlar" 5 bor "korner", yana raqib darvozasi yaqinidan bir qancha jarima to‘pi tepishdi. Buni Superligada "Dinamo" yoki "Navbahor" kechirishi mumkin. Navbatdagi raqib — "Al Duhayl" esa rahmdil emas. Buni Doxa klubining o‘zbek jamoalariga qarshi statistikasi ham aytib turibdi.

Hamrobekovga tanaffus kerak
Zamonaviy futbolda markazni egallagan jamoa g‘alaba qozonadi. "Paxtakor" uchun maydonning o‘rtasidagi vaziyatni nazorat qiladigan asosiy figura Odil Hamrobekov sanaladi. U bugun ham vazifasini qusursiz bajarishga harakat qildi. Biroq, "Duxayl" bilan birinchi o‘yinda Aliboyevni asosiyga, Sobirxo‘jayevni orqaroqqa o‘tkazib, Odilni zaxirada qoldirish nisbatan foydaliroq bo‘ladi (eng kamida futbolchi uchun). Chunki Hamrobekov oxirgi 16 kunda jami 5 ta rasmiy uchrashuvda to‘liq harakat qildi (Qirg‘iz Respublikasi, Uganda, "Navbahor", "Sepaxon" va "Al Taavon"ga qarshi). Unda o‘ynash uchun ishtiyoq qanchalik kuchli bo‘lmasin, inson organizmi toliqishi aniq. Oldinda turgan tig‘iz taqvimda yana 4 ta muhim bahs bor. Ularning barchasida Hamrobekovni ilk daqiqalardan maydonga tushirish yarim himoyachini jarohat sari yetaklash bilan barobar...

Muallif: Faxriddin Ro'ziyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Odilga dam, Cheranga yordam...