11:00 / 10.01.2023
651

Xitoylik olimlar «abadiy» ucha oladigan dron ixtiro qilishdi

Xitoylik olimlar «abadiy» ucha oladigan dron ixtiro qilishdi
Xitoyning Shimoli-g‘arbiy politexnika universiteti (NPU) olimlari lazer yordamida uzoq vaqt parvoz qila oladigan dron yaratilganini ma’lum qilishdi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

Professor Li Syuelun va uning hamkasblari dronni yorug‘lik energiyasini elektr energiyasiga aylantira oladigan modul bilan jihozlashdi. U esa dronni lazer yordamida masofadan turib quvvatlantirish imkonini beradi. O‘z navbatida, bunday xususiyatga ega dron havoda juda uzoq vaqt davomida qolishi mumkin.

Tadqiqot guruhi uchta sharoitda sinov o‘tkazilganini ma’lum qildi: yopiq xonada, ochiq havoda kunduzi va tunda. Dron uchala sharoitda ham muvaffaqiyatli uchgan.

Olimlar tizimning harakat diapazoni va fotoelektrik quvvatlantirish samarasini e’lon qilishmadi, chunki bu tafsilotlar harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin. Olimlarning hisobotida taqdim etilgan animatsion illustratsiya «lazer» dvigateli yordamida dron osmono‘par bino balandligiga ko‘tarilishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Dronlar harbiy, qishloq xo‘jaligi va tijorat maqsadlarida keng qo‘llaniladi. Agar ularning chidamliligidagi cheklovlar yengib o‘tilsa, dunyo uchun ko‘plab yangi imkoniyatlar ochiladi, deydi olimlar. Ular «abadiy» uchadigan dronlardan yo‘l harakati nazorati, xavfsizlik patrullari, tabiiy ofatdan qutqarish, kontaktsiz logistika va boshqa maqsadlarda keng qo‘llanilishini kutishmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Xitoylik olimlar «abadiy» ucha oladigan dron ixtiro qilishdi