Foto: Getty Images
Facebook va Instagram ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi Meta korporatsiyasi yangi platformani ishga tushirdi. U Twitter ijtimoiy tarmog‘iga raqib bo‘lishi kutilmoqda.
Meta korporatsiyasi 5 iyul kuni yangi Threads ijtimoiy tarmog‘ini taqdim qildi. U bir sutkadan kamroq vaqt ichida 30 million foydalanuvchiga ega bo‘ldi. Threads ijtimoiy tarmog‘i Ilon Mask egalik qiluvchi Twitter platformasiga o‘xshash bo‘lib, qisqa postlar, surat va videolar joylashtirish imkonini beradi.
7 iyul kuni Twitter rahbariyati Threads ijtimoiy tarmog‘ining ishga tushirilishi munosabati bilan Meta korporatsiyasini sudga berishini e’lon qildi. Twitter fikriga ko‘ra, Meta tijorat siridan foydalangan va intellektual mulkni o‘g‘irlagan.
Threads ijtimoiy tarmog‘i loyihasi 2023 yil yanvar oyida start oldi. Bundan uch oy avval amerikalik milliarder Ilon Mask Twitter platformasini sotib olib, ijtimoiy tarmoq kontenti moderatsiyasiga o‘zgartirishlar kiritdi. Oqibatda, bu ko‘plab foydalanuvchilar noroziligiga va boshqa mikroblog servislarini izlashiga sabab bo‘ldi. 2022 yil noyabr oyida Meta korporatsiyasi vaziyatdan foydalanib, yangi ijtimoiy tarmoq ustida ish boshlaganini e’lon qildi.
Ilova haqidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida 2023 yil mart oyida paydo bo‘ldi. Iyun oyida The Verge nashri Meta top-menejeri Kris Koks tomonidan «Twitter muqobili» sifatida tavsiflangan Project 92 loyihasi haqida ma’lumot berdi.
Threads ijtimoiy tarmog‘i 5 iyul kuni foydalanuvchilarga taqdim etildi. Undan 100 ta mamlakat fuqarolari foydalanishi mumkin. Faqat Yevropa Ittifoqi davlatlari bundan mustasno, chunki Meta mahalliy tartibga solish organlaridan maxfiylik masalalari bo‘yicha tushuntirishlarni kutmoqda.
6 iyulga kelib, ilova 30 million marta yuklandi va ChatGPT tomonidan o‘rnatilgan rekorddan o‘zib ketdi. O‘sha kuni Twitter advokatlari Meta korporatsiyasini sudga berish niyatida ekanini, kompaniya ilovani ishlab chiqishda tijorat sirlaridan foydalanganini da’vo qilishdi.
Threads asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, uning akkauntlari Instagram bilan chambarchas bog‘langan. Yangi mikroblogda ro‘yxatdan o‘tganda, foydalanuvchi Instagram tarmog‘idagi kabi nom oladi. Shu bilan birga, Instagram akkauntini o‘chirmasdan turib Threads akkauntini o‘chirib bo‘lmaydi.
Threads asoschilari ijtimoiy tarmoq tez orada boshqa servislar bilan integratsiyalashishini aytishmoqda. Bu kontent almashish va boshqa platformalardan obunachilarni jalb qilish imkoniyatini berishi kutilmoqda.
Avvalroq, Threads ishga tushirilishidan xabardor bo‘lgan Ilon Mask Meta xo‘jayini Mark Sukerbergni yakkama-yakka kurashga chaqirgan edi. O‘z navbatida Sukerberg uning taklifini qabul qilib, jang o‘tkaziladigan joyni tanlashi mumkinligini aytdi. Jamoatchilik ikki milliarderning niyati qanchalik jiddiy ekani haqida o‘ylanib qoldi. Biroq, endi ular kamida sudda orani ochiq qilishga urinishiga shubha yo‘q.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring