Foto: EPA
Meta korporatsiyasining Threads ilovasi ishga tushirilganidan beri 5 kun ichida deyarli 100 million kishi ro‘yxatdan o‘tdi. Shu tariqa, Threads tarixdagi eng tez rivojlanayotgan ilovaga aylandi. Avvalgi rekord egasi ChatGPT edi, biroq shuncha sonli foydalanuvchilarga ega bo‘lish uchun unga ikki oy vaqt ketdi.
100 million foydalanuvchi marrasi zabt etilgach, Meta asoschisi Mark Sukerberg «Bu bor-yo‘g‘i besh kun ichida bo‘lganiga ishonmayapman! Biz hali reklama vositalarini ham ishga tushirmagan edik», deb yozdi o‘zining Threads sahifasida.
Threads tarmog‘ining rekord darajada mashhurligi, foydalanuvchilar Instagram akkauntlari orqali ilovada ro‘yxatdan o‘tishi bilan bog‘liq. WSJ hisob-kitoblariga ko‘ra, Instagram 2 milliarddan ortiq faol foydalanuvchiga ega, bu Threads uchun ayni muddao bo‘lgan.
Yangi ijtimoiy tarmoqning tezda ommalashishi ortidan Meta aksiyalari savdosi ham faollashdi. 10 iyul kuni aksiyalar narxi 0,77 foizga ko‘tarildi va endi 292,77 dollardan sotilmoqda.
Threads ijtimoiy tarmog‘i Ilon Mask egalik qiluvchi Twitter platformasiga o‘xshash bo‘lib, qisqa postlar, surat va videolar joylashtirish imkonini beradi. Bundan uch oy avval Ilon Mask Twitter platformasini sotib olib, ijtimoiy tarmoq kontenti moderatsiyasiga o‘zgartirishlar kiritgan, oqibatda, ko‘plab foydalanuvchilar norozi bo‘lgan edi. Meta korporatsiyasi esa vaziyatdan foydalanib, yangi ijtimoiy tarmoq ustida ish boshladi.
Threads asoschilari ijtimoiy tarmoq tez orada boshqa servislar bilan integratsiyalashishini aytishmoqda. Bu kontent almashish va boshqa platformalardan obunachilarni jalb qilish imkoniyatini berishi kutilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring