O‘zbekistonda Uzcard va Humo to‘lov tizimlarining bankomatlari integratsiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu haqda Uzcard kompaniyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, barcha tijorat banklarining bankomatlari ikkala to‘lov tizimining kartalarini qabul qilishi uchun birlashtirildi.
May oyida “Yagona umumrespublika protsessing markazi” MCHJ milliy banklararo to‘lov tizimi bilan birgalikda Uzcard va Humo to‘lov tizimlari bankomatlarini integratsiya qilish bo‘yicha texnik ishlarni yakunlagandi. 2023 yil 1 iyundan boshlab tijorat banklari bilan kelishilgan jadvalga muvofiq barcha bankomatlarni bosqichma-bosqich ulash boshlanishi rejalashtirilgandi.
Uzcard va Humo to‘lov tizimlari 2021 yildagi o‘zaro integratsiyalashuvning birinchi bosqichini yakunlagandi. O‘shanda har ikkala tizim terminallarida to‘lovlarni qabul qilish amaliyoti namoyish etilgan. 2023 yil yanvarda bo‘lsa, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov may oyigacha bitta bankomatda ham Uzcard, ham Humo kartalariga xizmat ko‘rsatish mumkin bo‘lishini ma’lum qilgan edi.
Martda prezident qarori bilan Markaziy bankka Uzcard va Humo to‘lov tizimlari o‘zaro integrasiyasini bosqichma-bosqich, jumladan, 2023 yil may oyiga qadar bankomatlar hamda 2023 yil yakuniga qadar to‘lov terminallari tizimini integratsiya qilish ishlarini yakunlash topshirilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring