Foto: MacRumors
Apple kompaniyasining iPhone 15 Pro modellari yangi 2TB maksimal xotira bilan taqdim etilishi mumkin. Bu haqda kompaniya atrofidagi mish-mishlarni yorituvchi MacRumors portalida aytiladi.
Koreyaning Naver blogidagi yeux1122 yangiliklar agregatori xabariga ko‘ra, kompaniyadagi manba iPhone 15 Pro va iPhone 15 Pro Max modeli iPhone 14 Pro modellariga qaraganda ikki baravar ko‘p maksimal xotira sig‘imiga ega bo‘lishini tasdiqlagan.
Bundan tashqari, Weibo saytida ham shunday xabar joylashtirilgan va unda yangi Pro modellari eng kamida 256 Gb xotiraga ega bo‘lishi (hozirgi modellarda 128 Gb) kutilayotgani aytilgan.
Xabarga ko‘ra, Apple to‘rtta mavjud xotira sig‘imini qo‘llab-quvvatlaydi — 256 gigabayt, 512 gigabayt, 1 terabayt va 2 terabayt. Xotira sig‘imining bunday keskin oshirilishi Apple bu yil iPhone 15 Pro modellari narxini ko‘tarishi haqidagi mish-mishlarga ham mos keladi.
Bloomberg muxbiri Mark Gurman va texnologiya tahlilchisi Jeff Pu bu yil Pro modellari narxining oshishini Prognoz qilmoqda. Puning fikricha, iPhone 15 Pro‘ning boshlang‘ich narxi 1099 dollar bo‘lishi mumkin — iPhone 14 Pro 999 dollardan boshlanar edi. Agar bu rost bo‘lsa, iPhone 15 Pro Max 1 199 dollardan boshlanishi mumkin.
Shu bilan birga, portal 2 TB borasidagi mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va Apple shunchaki daromadni oshirish uchun qurilmalar narxini oshirayotgan bo‘lishi mumkin, deb ta’kidladi. Chunki o‘tgan yilgi iPhone 14 Pro modellari ham 2 TB xotira bilan chiqishi haqida mish-mishlar tarqalgan, ammo bunday bo‘lmagan edi.
Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, iPhone 15 taqdimoti 13 sentyabrda bo‘lib o‘tishi mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring