06:00 / 23.11.2023
121

Binanse asoschisi iste’foga chiqmoqda. Kompaniya 4,3 mlrd dollar jarima to‘laydi

Binanse asoschisi iste’foga chiqmoqda. Kompaniya 4,3 mlrd dollar jarima to‘laydi
Benoit Tessier / Reuters / FILE

Binanse kriptobirjasi asoschisi Changpeng Chjao moliyaviy qonunbuzarliklarda gumonlanishi ortidan iste’fo berdi.

The New York Times'ning yozishicha, Changpeng Chjao o‘z aybiga iqror bo‘lib, kompaniya tomonidan hukumatga bir nechta jarimalar yig‘indisi sifatida jami 4,3 milliard dollar to‘lanishini bildirgan.

Ayni paytda Binanse Adliya vazirligi, G‘aznachilik departamenti va tovar fyuchers savdo komissiyasi bilan kelishuvga erishgan, ular kompaniyani yillar davomida tekshirib kelayotgandi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Chjao va boshqa yuqori martabali Binanse xodimlari qonunlarni chetlab o‘tgan. Shu jumladan, bank siriga oid qonunning ayrim qismlari – moliyaviy institutlar va ularning xodimlaridan mijozlarining asl shaxsini aniqlash, jinoyatchilar yoki iqtisodiy sanksiyalangan shaxslar bilan biznes yuritmaslik va AQSHda joylashgan har qanday biznesni tartibga soluvchi organlarda ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini buzgan.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, sanksiyalarga duchor bo‘lgan Eron, Kuba va Suriyadan kelgan mijozlar Binanse platformasiga kirish imkoniga ega bo‘lgan. Shuningdek, Binanse terrorchi guruhlar ishtirokidagi shubhali tranzaksiyalar haqida xabar berish dasturlarini amalga oshira olmagani ta’kidlangan.

Prokurorlar Binanse'ni litsenziyasiz pul o‘tkazmalari biznesini yuritish, bank va sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlikda aybladi.

Ayblovlarga ko‘ra, Binanse ba’zi mijozlarga jinoiy faoliyat bilan shug‘ullangani tufayli savdodan chetlashtirganidan keyin, ularga asosiy savdo platformasiga qayta kirish imkoniyatini bergan. Hujjatlarda 2020 yil iyul oyida sodir bo‘lgan voqea keltirilgan. Unda Binanse xodimlari muayyan foydalanuvchini “noqonuniy faoliyatga eng ko‘p hissa qo‘shganlar” ro‘yxatiga qo‘shadi va foydalanuvchining platformaga kirishini taqiqlaydi, ammo keyin unga yangi Binanse hisobini ochish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishni muhokama qilgan.

Sud jarayoni fonida, Chjao 50 million dollar jarima to‘lashga va kompaniya bosh direktori lavozimidan ketishga rozi bo‘lgan. U 18 oygacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin, ammo prokurorlar qattiqroq jazoni talab qilish imkoniyatini saqlab qolmoqda. Sud uning Binanse'dagi har qanday ishtirokini 3 yilga taqiqlashi mumkin.

Uzoq vaqt davomida kriptovalyuta sohasidagi eng boy odam hisoblangan Chjao kriptosanoatning eng ko‘zga ko‘ringan va diqqat bilan kuzatiladigan shaxsi bo‘lib, X (Twitter)da 8,5 milliondan ortiq obunachiga ega.

Binanse brendi ostidagi Binanse Holdings Ltd kriptovalyutalarning kunlik savdo hajmi bo‘yicha eng yirik kriptovalyuta almashinuvini boshqaradigan global kompaniya hisoblanib, unga 2017 yilda asos solingan.

Binanse dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjasi bo‘lib, yaqin vaqtgacha u kriptovalyuta spot savdo bozorining deyarli 60 foiziga egalik qilib kelgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Binanse asoschisi iste’foga chiqmoqda. Kompaniya 4,3 mlrd dollar jarima to‘laydi