Foto: Turkish Aerospace Industries
Turkiyaning TUSAS kompaniyasi tez orada Oʻzbekistonga ANKA dronlarini etkazib berishni boshlashi kutilmoqda. Bu haqda Turkiyadagi mudofaa sanoati va harbiy aviatsiya yangiliklariga ixtisoslashgan SavunmaSanayiST portali xabar bergan.
Oʻzbekiston tomoni TUSAS bilan nechta dron va qanday narxlarda sotib olish boʻyicha kelishuv imzolangani boʻyicha ma'lumot bermagan.
Turkiyaning global miqyosdagi mudofaa sanoati mahsulotlari, jumladan harbiy uchuvchisiz qurilmalar bozoridagi oʻrni oshib bormoqda. Xususan, Oʻzbekiston shartnoma imzolagani aytilayotgan ANKA dronlaridan Turkiyada qurolli kuchlaridan tashqari Jazoir, Qozogʻiston, Tunis, Malayziya, Indoneziya va Chad armiyasi ham foydalanadi.
AKSUNGUR droni
Ikki dvigatelli AKSUNGUR droni havoda 50 soatdan ortiqroq qolishi va 750 kilogramm miqdordagi foydali yukni koʻtarib uchishi mumkin.
ANKA droni
Bir dvigatelli ANKA SIHA droni esa havoda 30 soatgacha qolishi mumkin va 350 kilogramm foydali yuk koʻtarish quvvatiga ega. Ikkala qurilma ham turbodizelli aviatsiya dvigatellaridan foydalanadi.
Ochiq ma'lumotlarga koʻra, ANKA dronining eksport narxi 25 million dollardan oshadi. Xususan, 2020 yilda Tunis Mudofaa vazirligi Turkiyadan 80 million dollarga 3 ta ayni shu tipdagi qurollarni sotib olgan. 2023 yilda esa Indoneziya mudofaa vazirligi 300 million dollarga 12 ta ANKA dronlarini sotib olish boʻyicha kelishuv imzolagan. Ushbu kelishuv va narxlar – dronlarni foydalanish boʻyicha harbiylarni oʻqitish, dronlar uchun bir necha komplekt oʻq-dorilar va ularni boshqarish punkti kabi qoʻshimchalarni ham oʻz ichiga oladi.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yil noyabr oyida Oʻzbekiston qurolli quchlari oliy bosh qoʻmondoni, prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi harbiy qismga tashrif buyurgan hamda unga Turkiyaning BAYRAKTAR TB2 razvedka-zarba droni parvozi namoyish etilgandi.
2024 yil 6 iyunda Shavkat Mirziyoyev Anqaraga tashrifi davomida Turkiya aerokosmik kompaniyasida boʻlib, turklarning eng yangi Kaan qiruvchi samolyoti taqdimoti bilan tanishgan.
Shuningdek, davlat rahbari 2024 yil 26 iyun kuni Toshkentda Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Guler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan hamda harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida gaplashgan edi.
Bundan tashqari, 2024 yil dekabr oyida Oliy Majlis Senati qoʻmita majlisida ma'ruza qilgan Oʻzbekiston Mudofaa vaziri general mayor Shuhrat Xolmuhamedov armiya mashgʻulotlarda asosiy e'tibor zamonaviy janglarda yangi qoʻllanayotgan uchuvchisiz uchish apparatlarini qoʻllashga, ularga qarshi kurashish va boshqaruv mahoratini oshirishga, yangi taktik harakatlar oʻzlashtirilishiga qaratilganini aytib oʻtgan edi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar