date
views 1 303

O‘rgimchaklar genini o‘zgartirib, porlovchi ipak olishga erishildi – ilmiy sensatsiya

O‘rgimchaklar genini o‘zgartirib, porlovchi ipak olishga erishildi – ilmiy sensatsiya
Germaniyaning Bayroyt universitetida faoliyat yurituvchi biomateriallar bo‘yicha tadqiqotchilar dunyo ilmiy jamoatchiligini hayratda qoldirgan muhim yutuqqa erishishdi. Ilk bor laboratoriya sharoitida o‘rgimchaklarga yangi gen kiritish orqali ularning tabiiy ipak tolalarini modifikatsiya qilish muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Tadqiqot natijalari nufuzli Angewandte Chemie jurnalida chop etildi.

Natija: porlovchi va qizil ipak

Tadqiqot doirasida CRISPR-Cas9 deb ataluvchi molekular texnologiya yordamida Parasteatoda tepidariorum turiga mansub uy o‘rgimchagining DNKsiga yangi gen kiritildi. Bu o‘zgarish natijasida hasharot odatiy ipak o‘rniga qizil tusli va porlaydigan tola ishlab chiqara boshladi. Olimlarning aytishicha, bu o‘zgarish nafaqat vizual effekt, balki materialning xususiyatlarida ham katta farq yaratishi mumkin.

O‘rgimchak ipagi: tabiatning mukammal ixtirosi

O‘rgimchak ipagi mutaxassislar tomonidan “tabiiy kompozit materiallar ichida eng mukammali” sifatida baholanadi. U juda yengil, elastik va bir vaqtda juda chidamli. Shu bilan birga biologik parchalanish xususiyatiga ega bo‘lgani sababli ekologik jihatdan ham xavfsiz hisoblanadi. Ushbu sifatlar uni tibbiyot, aerokosmik muhandislik va tekstil sanoatida qo‘llash uchun noyob kandidatga aylantiradi.

CRISPR-Cas9: genetik inqilobning kaliti

CRISPR-Cas9 texnologiyasi so‘nggi o‘n yilda genetik muhandislik sohasida eng to‘liq samara bergan vositalardan biri sifatida tan olingan. U orqali muayyan genlarni “kesib olib tashlash”, “o‘chirish” yoki yangi genlarni “qo‘shish” mumkin. Bundan avval bu texnologiya asosan o‘simliklar, inson va sutemizuvchilar ustida qo‘llangan bo‘lsa, hasharotlarda, xususan, o‘rgimchaklarda bunday amaliyot amalga oshirilmagan edi.

Professor Shaybel: "Birinchi bo‘ldik"

Tadqiqotning asosiy muallifi, professor Tomas Shaybel quyidagicha fikr bildirdi:

“Biz ilk bor genetik o‘zgartirish orqali o‘rgimchaklarning qimmatbaho ipak tolasini yangi xususiyatlarga ega qilishga erishdik. Bu katta ilmiy yutuq. Hozirgacha bunday yutuqka hech kim erishmagani ham hayratlanarli.”

Ilmiy va amaliy ahamiyati

Olimlar ushbu yutuq orqali o‘rgimchak ipagining tuzilishi va sintezi haqida yanada to‘liqroq ma’lumot olish imkoniyati paydo bo‘lganini aytishmoqda. Ushbu bilimlar kelajakda bionik protezlar, aqlli to‘qimalar, nanotexnologiyalar va hatto yuqori darajada bioaktiv tibbiy implantlar yaratishda qo‘llanilishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » O‘rgimchaklar genini o‘zgartirib, porlovchi ipak olishga erishildi – ilmiy sensatsiya