
Xitoy hukumati keksa avlodga ko‘rsatiladigan parvarish sifatini yaxshilash va mehnat resurslari tanqisligini bartaraf etish maqsadida ilg‘or tajriba loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Yangi tashabbusga ko‘ra, keksalarni parvarish qilish tizimiga robotlashtirilgan texnologiyalar joriy etiladi. Bu haqda South China Morning Post nashri mamlakatning Sanoat va axborot texnologiyalari hamda Fuqarolik ma’muriyati vazirliklariga tayanib xabar berdi.
Loyiha doirasida asosiy maqsad – robotlar va "aqlli" yechimlar yordamida qariyalarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni yengillashtirish, oila a’zolariga tushadigan yukni kamaytirish, hamshira va parvarishlovchilar yetishmovchiligini qoplash va umumiy infratuzilmani rivojlantirishdan iborat.
Hujjatda qayd etilishicha, tashabbus uchta yo‘nalishni qamrab oladi:
- Uy sharoitida yordam – yolg‘iz yoki oila bilan yashovchi qariyalarga kundalik hayotda ko‘maklashish;
- Jamoaviy xizmatlar – mahalliy darajada tashkil etiladigan qo‘llab-quvvatlash markazlari;
- Ixtisoslashtirilgan muassasalar – qariyalar uyi, markazlashgan parvarish muassasalarida xizmat ko‘rsatish.
Dastur doirasida robotlar faqat jismoniy ko‘mak emas, balki hissiy qo‘llab-quvvatlash, "aqlli turmush" yechimlari, kognitiv buzilishlarga qarshi xizmatlar ham ko‘rsatishi nazarda tutilgan. Ayniqsa, Alsgeymer va demensiya singari kasalliklardan aziyat chekayotganlar uchun maxsus ko‘mak tizimi ishlab chiqiladi.
Allaqachon Xitoydagi bir qator robototexnika kompaniyalari loyihaga qiziqish bildirgan. Loyihada ishtirok etish uchun kamida 200 ta robotni 200 ta uyda sinovdan o‘tkazish yoki 20 ta intellektual yechimni jamoaviy muassasalarga o‘rnatish talabi qo‘yilgan. Shuningdek, ishtirokchilar mazkur sohada yagona standartlar va baholash mezonlarini ishlab chiqishi ham talab etiladi.
Tashabbus Xitoydagi tez sur’atlarda kechayotgan demografik o‘zgarishlar fonida amalga oshirilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil oxirida mamlakatda 60 yoshdan oshgan aholi soni 300 milliondan oshgan. Prognozlarga ko‘ra, 2035 yilgacha bu raqam 400 milliondan ortishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Xitoy nafaqat demografik muammolarga yechim izlamoqda, balki robototexnika va sun’iy intellektni ijtimoiy sohalarga integratsiya qilish orqali keksa avlod uchun insonparvar, samarali va uzluksiz xizmat tizimini yaratishga intilmoqda. Bu tajriba yaqin yillarda global trendga aylanishi mumkin.
Foto: Xinhua “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar