
Yaqin kelajak tasavvuri endi kino emas, hayotning o‘ziga aylanmoqda. Xitoyda ilk bor to‘liq avtonom va real o‘lchamdagi odamsimon robotlar o‘rtasida futbol turniri bo‘lib o‘tdi. “Robo League” deb nomlangan musobaqa an’anaviy o‘yin qoidalariga yaqin tarzda tashkil etildi, faqatgina bir farq bilan — futbolchilar temir odamlar edi.
Eng qizig‘i, ushbu androidlar hech qanday tashqi yordamsiz, faqat sun’iy intellekt asosida qaror qabul qildi. Ular maydonda o‘zboshimchalik bilan harakatlandi, vaziyatni tahlil qildi va to‘pni boshqarishga urindi. To‘liq avtomatlashgan tizimga ega bo‘lgan robotlar 20 metr masofada to‘pni 90 foiz aniqlikda aniqlash qobiliyatiga ega ekanligi qayd etildi.
O‘yinlar har ikki taym 10 daqiqadan iborat bo‘lib, 3x3 formatda o‘tkazildi. Robotlar juda ko‘p holatlarda to‘siqlarga duch kelib, quladi, ba’zilari hatto texnik nosozlik sababli zambilda maydonni tark etdi. Shu bilan birga, g‘oliblik Sinhua universiteti talabalaridan tuzilgan jamoaga nasib qildi, deb yozadi Interesting Engineering.
Turnirni tashkil etganlardan biri shuni ta’kidladiki, bor-yo‘g‘i bir yil avval robotlar maydonda shunchaki yura olmas edi, yoqilganda doimiy ravishda ishdan chiqardi. Endilikda esa ular xavfsizlik uchun inson yordamisiz, soniyasiga 1 metr tezlik bilan harakatlana oladi.
Xitoyda bu kabi tadbirlarni muntazam o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Yanada yirik musobaqa — Butunjahon odamsimon robotlar o‘yinlari shu yil avgustda bo‘lib o‘tadi. Unda faqat futbol emas, balki boshqa sport turlari bo‘yicha ham bellashuvlar tashkil etiladi.
Aytish kerakki, may oyida Xanchjou shahrida butun dunyodagi ilk gumanoidlar o‘rtasida boks turniri ham o‘tkazilgan. Taassurotlarga qaraganda, mazkur voqea “Real Steel” filmini jonli ravishda namoyon etgandek bo‘ldi. Texnik jihatdan mukammal bo‘lgan, inson ko‘magida harakatlanadigan robotlar ringda to‘qnashdi.
Bundan tashqari, Xitoy joriy yilda tarixda ilk bor robotlar va insonlar ishtirokidagi yarimmarafonga ham mezbonlik qildi. 12 ming nafar inson va 20 dan ortiq android qatnashgan mazkur poygada, afsuski, hamma ham maratonni muvaffaqiyatli yakunlay olmadi.
Yakuniy xulosa: Xitoy nafaqat sun’iy intellekt sohasida, balki uning amaliyotdagi qo‘llanilishida ham dunyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylanib bormoqda. Robotlar maydonda to‘p sursa, insonlar esa ularni quvnab tomosha qilsa – demak, kelajak allaqachon boshlangan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar